
Loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 fevraldagi PQ-5001-son «Buxoro viloyati Peshku tumanida quvvati 300–500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», PQ-5003-son «Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», shuningdek 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-72-son «O‘zbekiston Respublikasining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Loyihalar quvvati 500 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, shuningdek tabiiy gaz iste’molini kamaytirishga qaratilgan.
Loyihalarni amalga oshirish doirasida mavjud elektr tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish nazarda tutilgan bo‘lib, jumladan “Sarimay” ulanish punktini 500 kV kuchlanishli podstansiyaga aylantirish ko‘zda tutilgan. Bu esa ishlab chiqaruvchi quvvatlarni Yagona elektr energetika tizimiga ishonchli integratsiya qilish va hududda elektr ta’minoti barqarorligini oshirish imkonini beradi.
Loyihalar doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy hujjatlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular jumlasiga ekologik va ijtimoiy ta’sirni baholash hamda manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari kiradi. Ushbu hujjatlar quyidagi ilovalarda keltirilgan.
Ilovalar:
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati