2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Prezident farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan xizmat safari tafsilotlari
  • 18.03.2025
  • 100

Barchaga maʼlumki, 2025-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risi"dagi F—18-sonli farmoyishi eʼlon qilingan edi.

Ushbu Farmoyishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash — tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etgan holda aholi daromadlarini oshirish hamda kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash, obodonlashrirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada faollashtirish orqali 2025-yil Navro‘z umumxalq bayramini va muborak Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida joylarda "dolzarb bir oylik" safarbarligi boshlandi.

Shu maqsadda bugun, 2025-yil 18-mart kuni "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"  aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumaniga tashrif buyurdi va Tomorqa yerlaridan unumli foydalanish ko‘rgazmali seminarida ishtirok etdi.

⚡️ Dadajon Aynaqulovich tadbir davomida Shumanay tumani hokimi,  hokimiyat mutasaddilari hamda "mahalla yettiligi" deb ataluvchi tuzilma masʼullari bilan mavjud muammolar yechimi haqida fikr almashdi, kelgusidagi ish rejalarini belgilab oldi.

Shumanay tumani hokimiyati tomonidan tashkil etilgan Tomorqa yerlaridan unumli foydalanish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan oilaviy tadbirkorlik yuzasidan tavsiyalar ko‘rgazmali seminarida xonadonlarga kichik quyosh fotoelektr stansiyalari va geokollektor uskunalarini o‘rnatish, sug‘orish mavsumida o‘rnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasidan qarzdorligini kamaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid loyihalarni amalga oshirish masalalari qizg‘in muhokama etildi.

Shuningdek, Farmoyish ijrosi bo‘yicha chorvachilik (qoramol va qo‘ychilik), parrandachilik, quyonchilikni rivojlantirish, chorvaga yem tayyorlash texnologiyasi, tuvakda gul va o‘simliklar niholini kichik issiqxona tashkil etib yetishtirish, bundan tashqari, milliy hunarmandchilik, yog‘och o‘ymakorligi, zardo‘zlik, bolalar uchun yumshoq o‘yinchoqlar yasash kabi kichik tadbirkorlik subyektlarini ko‘paytirish, oilaviy tadbirkorlik uchun subsidiya va kam miqdorli kreditlar ajratish yuzasidan amaliy ishlar rejasi ishlab chiqildi.

Shumanay tumani hokimi seminar tadbirlari doirasida Dadajon Aynaqulovichni "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida yaratilayotgan "Yoshlar bog‘i"ga taklif etdi.

Tadbirda tuman yoshlari bilan birga mevali daraxtlar ekildi.

✨ So‘ng kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik darajasida faoliyat yuritilayotgan issiqxonalar ish samaradorligi o‘rganildi.

Tadbirkorlikni o‘rta va kichik biznes darajasiga olib chiqqan ayrim tadbirkorlar tavsiyasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni kambag‘allikdan chiqarishda keng qo‘llanilishiga kelishib olindi.

Yetakchi tadbirkorlar tajribasi amaliyotga keng tatbiq etilishi belgilandi.

D.A.Isaqulov boshchiligidagi Ishchi guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, nogironligi bor, kam taʼminlangan, boquvchisini yo‘qotgan, onkologik kasallikka duchor bo‘lgan bir nechta oilalarga kirib, fuqarolarga ijtimoiy yordam berish, ularni kambag‘allikdan chiqarish, kasb-hunar o‘rgatish, o‘z layoqati va qiziqishlarini inobatga olib ishga joylash kabi ishlarni muhokama etdi, mazkur ish jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

⇒ Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining F—18-sonli Farmoyishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.

FacebookInstagram  ♦ YouTube 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati