Yangiliklar
«YASHIL ENERGIYA»: INVESTITSION LOYIHALAR, RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR, YANGI ISH O‘RINLARI, EKOTIZIM BARQARORLIGI, DAVR TALABI
  • 29.09.2020
  • 6006

  O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati: elektr energetika tarmog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, muqobil energiya manbalari tarmog‘i rivojining ahamiyati xususida batafsil ma'lumot.

 

  DASTLABKI MA'LUMOTLAR:

  Ko‘pchilikka ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati aholi, ijtimoiy soha obyektlari, yirik sanoat korxonalari va o‘rta va kichik biznes vakillarni sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlashning ishonchliligini oshirishga qaratilgan loyihalashtirish-hujjatlashtirish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati o‘z tasarrufidagi 78 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar hamda 10 ming kilometrdan ziyod uzunlikka ega 220–500 kVli elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, ularni kapital, joriy va mavsumiy ta'mirlash, yuqori kuchlanishli elektr uskuna-jihozlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shu bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo hamda mintaqadagi boshqa chegaradosh davlatlar bilan elektr energiyasi importi va eksporti amaliyotlarini bajaradi. Strategik ahamiyatga ega korxonalar qatorida faoliyat yuritayotgan tashkilotda mehnat faoliyati olib borayotgan qariyb 5 ming ishchi-xodimlardan iborat jamoa, shuningdek, yuzlab og‘ir va yengil avtomobil hamda mexanizmlar tunu kun iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot negizi bo‘lgan elektr energiyasi ta'minoti bilan mashg‘ul.

 

  Ma'lumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85–90 foizi O‘zbekistonning tabiiy boyligi hisoblanmish ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa neft mahsulotlarini yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Hozircha O‘zbekistondagi «yashil energiya» salmog‘i atigi 10–14 foizni tashkil etadi. 

 

  «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotlarga qaraganda, mustaqillikning dastlabki yillarida gidroenergetikaning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 10 foizga ham yetmagan. O‘zbekiston gidroelektr inshootlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida, aniqrog‘i 2017-yilda 7 mlrd 947 mln. kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 6 mlrd 126 mln. kVt•soatni tashkil etgan. 2019-yilda esa ishlab chiqarilgan 6 mlrd 513 mln. kVt•soat elektr energiyasi umumtizim orqali iste’molchilarga yetkazib berilgan. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizda ishlab chiqariladigan jami elektr energiyasining 13 foizini tashkil etmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanilib, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi yetkazib ta'minlanayotganini anglatadi.

 

  «O‘zbekgidroenergo» AJ ma'lumotlarini keltirayotganda yildan-yilga suv omborlaridagi suv sathining pasayib ketayotganiga alohida e'tibor berishimiz zarur. Ekotizimga ko‘rsatilayotgan salbiy asoratlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo davlatlarida kuzatilmoqda. Joriy yilda gidroenergetika imkoniyatlaridan keng foydalanadigan qo‘shni Tojikiston energetiklarining bu yilgi havzalardagi suv sathining avvalgi yillarga nisbatan keskin kamaygani haqidagi bayonotlari yuqoridagi fikrlarning tasdig‘idir.

2017-yilda 52 142,1 mln. kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mamlakatimizda mavjud issiqlik elektr stansiyalari tomonidan 15,21 mlrd metr/kub tabiiy gaz, 268,3 mln metr/kub yerosti gazi, 148,6 ming tonna mazut, 3,31 mln tonnadan ziyod ko‘mir, 13,7 ming tonna neftekoks yoqilgan.
2018-yilda esa jami 56 311,3 mln. kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun bu ko‘rsatkichlar umumiy hisobda 8,7 % ga oshgan, ya'ni 16,42 mlrd metr/kub tabiiy gaz, 326,6 mln metr/kub yerosti gazi, 154,8 ming tonna mazut, 3,34 mln tonna ko‘mirdan issiqlik energiyasi olinib, elektr energiyasiga aylantirilgan.
2019-yilda esa o‘tgan yillarga nisbatan yirik miqdorda import qilingan elektr energiyasi hajmidan tashqari 56 413,8 mln. kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Buning uchun 15,81 mlrd metr/kub tabiiy gaz, 269,2 mln metr/kub yerosti gazi, 204,4 ming tonna mazut va 3,57 mln. tonna ko‘mir yoqilgan.
 

  O‘z-o‘zidan ma'lumki, yuqorida keltirilgan raqamlar atmosferaga chiqarilgan behisob uglerod oksidi, minglab tonna kul va boshqa zararli moddalar haqida so‘zlab turibdi. Ammo na chora, dunyo miqyosidagi Ekotizimga yetkazilayotgan ekologik talafotlar tarkibida bu raqamlar dengizdan tomchi...

  E'tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi 3 yilda «yashil energiya», «muqobil energiya» deb ta'riflanuvchi fotoelektrstansiyalari hamda shamol generatorlarini qurish bo‘yicha xabar-yangiliklar tez-tez qulog‘ingizga chalinib qoldi. Hukumat qarorlariga asosan Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini 2030-yilgacha 25–30 foizgacha oshirishi strategik rejasi haqidagi eshitgan-o‘qigan bo‘lishingiz mumkin.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarorining 1-sonli ilovasida 2030-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarning ulushini 25% ga yetkazish ko‘rsatib o‘tilgan.
 

  QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA NIMA?

Keling, avval muqobil (alternativ) yoki qayta tiklanuvchi energiya («yashil energiya») nima ekanligi bilan tanishib olsak...

 2019-yil 16-aprelda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan 2019-yil 3-mayda ma'qullangan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida (2019-yil 21 may, O‘RQ-539-son) unga quyidagicha ta'rif beriladi:

 qayta tiklanuvchi energiya manbalari atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi.

  Xullas, «yashil energiya»ning asosida Yer yuzidagi hayot manbayi bo‘lgan Quyosh yotibdi. Shamol ham, suvning tabiatda erkin aylanishi va boshqa iqlim sharoiti bilan bog‘liq jarayonlarning barchasi gallaktikamizning markaziy sayyorasi — Quyoshning faolligi hisobiga amalga oshadi. U qayta ishlangani uchun «qayta tiklanuvchi» deb, ekologiyaga deyarli zarari bo‘lmagani uchun «yashil energiya» deb ta'riflanadi va, yuqorida ta'kidlanganidek, bugungi kunda Yer yuzida, shu jumladan O‘zbekistonda ham asosiy ishlab chiqarish neft mahsulotlari evaziga bo‘lgani uchun unga «muqobil» maqomi berilgan.

 Xo‘sh, qayta tiklanuvchi energiya salmog‘ini oshirish bo‘yicha O‘zbekistonda qanday islohotlar, aniqroq aytganda, qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

 

   «YASHIL ENERGIYA»NING INVESTITSION LOYIHALARI

1. Karmanada 100 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasi

  Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida, davlat-xususiy sherikligi asosida «Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish» bo‘yicha e'lon qilingan xalqaro tenderda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar Energy» kompaniyasi g‘olib deb topilgan.

  2019-yil 8-noyabr kuni «O‘zbekiston MET» AJ va «Masdar Energy» kompaniyasi o‘rtasida «Elektr energiyasini sotib olish» hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan «Investitsiyaviy kelishuvlar» imzolandi. Buning asnosida «Nur Navoi solar» MChJ loyiha kompaniyasi tashkil qilindi. 2019-yilning dekabr oyida «Masdar Energy» kompaniyasi va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan tanlov asosida «AF Aries» (Ispaniya) kompaniyasi «Mustaqil muhandis» sifatida tanlandi.

  Loyihaning umumiy qiymati 100 mln. AQSh dollariga baholangan va investor tomonidan 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi belgilangan.

 

   2020-yil 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Navoiy viloyatida quvvati 100 mvt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4677-son qarori imzolandi.

 Bugungi kunda, qurilish maydonchasida topografik, geologik va gidrologik tadqiqotlar, texnik shartlarga asosan «Juru Energy» kompaniyasi tomonidan quvvatni uzatish sxemasini tayyorlangan. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan sxemadagi kamchiliklar qayta ko‘rib chiqilishi uchun «Juru Energy» kompaniyasiga yuborilgan.

  Ushbu loyiha bo‘yicha tarmoq jadvaliga asosan investor («Masdar» BAA) tomonidan moliyaviy manbalarni aniqlash ishlari iyun oyida yakunlanishi rejalashtirilgan edi. «Covid-19» pandemiyasi tufayli rejalashtirilgan ishlar muddati biroz ortga surildi, ammo rejaga muvofiq tartibda amalga oshirilmoqda. Misol uchun, moliyaviy ajratmalar hamda ajratilgan yer maydonida infrastrukturani rivojlantirish (yer maydonini tekislash, yo‘l qurish, poydevor tayyorlash va boshqalar) joriy yilning so‘nggi oyidan boshlanishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, mazkur fotoelektr stansiyasi 2021-yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshirilishi nazarda tutilgan.

  Mazkur loyiha, albatta, Navoiy viloyati aholisining elektr ta'minoti yaxshilashga xizmat qilib, yirik sanoat korxonalari, o‘rta va kichik biznes vakillarining ishlab chiqarish hajmini oshirishiga o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi.

 

    2. Zarafshonda quvvati 500 MVtdan kam bo‘lmagan shamol elektr stansiyalarini qurish loyihasi

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4256-sonli qarorida belgilangan topshiriqlar asosida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida (Zarafshon shahri hududi) «Quvvati 500 MVtdan kam bo‘lmagan shamol elektr stansiyasi qurish» loyihasi rejalashtirilgan.

 Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/376

  2020-yil 8-iyunda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar Energy» kompaniyasi «O‘zbekiston MET» AJ bilan «Elektr energiyasini sotib olish» hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan «Investitsiyaviy kelishuvlar» imzolandi.

  Loyihaning umumiy qiymati 705 mln. AQSh dollariga baholangan va investor tomonidan 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi. Loyiha doirasida «Shamol Zarafshon Energy» MChJ deb nomlangan loyiha kompaniyasi tashkil etildi.

 

  Loyihalashtiruvchi tashkilot — «Sredazenergosetproekt» AJ bilan quvvatni uzatish sxemasi ishlab chiqildi. «Navoiy tog‘-kon metallurgiyasi» davlat kompaniyasi tomonidan quvvatni uzatish sxemasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritish taklifi bildirildi. Hozirgi kunda «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining 2020-yil 17-iyuldagi 06/1-65-sonli topshirig‘iga asosan Navoiy viloyati hududidagi texnologik bo‘lmagan podstansiya va 220 kV kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazib, o‘rnatilgan tartibda balansdan balansga qabul qilib olish ishlari amalga oshirilmoqda. Ajratilgan yer maydonida qo‘shimcha shamol o‘lchash asboblarini o‘rnatish ishlari davom ettirilmoqda.

  Loyiha quvvati 200 MVtdan 500 MVtga oshganligi sababli pudratchi tashkilotlar bilan shartnomalar imzolash uchun tegishli hujjatlashtirish ishlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha 2024-yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, ushbu loyiha O‘zbekiston energetika tizimida «yashil energiya» salmog‘ini birmuncha oshirishga xizmat qiladigan yirik loyiha bo‘lib, Navoiy viloyati va uning hududlaridan tashqari qo‘shni viloyatlarda istiqomat qiluvchi aholi, ijtimoiy soha obyektlari hamda kichik, o‘rta va yirik ishlab chiqaruvchilarni elektr ta'minoti darajasi yuksalishiga xizmat qiladi.

 

    3. Nurobodda 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish loyihasi

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4037-sonli hamda 2019-yil 29-apreldagi «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4300-sonli qarorlariga asosan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida davlat-xususiy sheriklik asosida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/20

  Loyihani amalga oshirish uchun olib borilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida 2019-yil 13-sentabrda Fransiyaning «Total Eren» kompaniyasi «O‘zbekiston MET» AJ bilan «Elektr energiyasini sotib olish» hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan «Investitsiyaviy kelishuvlar» imzolandi. Loyiha doirasida «Tutli solar» MChJ — loyiha kompaniyasi tashkil qilindi.

  2020-yil 7-yanvarda mazkur loyihaga taalluqli «Atrof-muhitga ta'siri to‘g‘risida hisobot» ishlab chiqildi, davlat ekologiya qo‘mitasining ekologik ekspertiza bo‘yicha ijobiy xulosasi olindi. Xalqaro standartlar asosida tayyorlangan hujjatlar yevropa tiklanish va tarraqiyot banki hamda yevropa investitsiya banki bilan birgalikda loyihani moliyalashtirishga (kreditlash) kelishildi. 2020-yilning mart oyida «Metka» (Gretsiya) kompaniyasi bosh pudratchi etib tanlandi.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-may kuni «Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-4712-son qarori imzolandi.

  Loyihaning umumiy qiymati 100 mln. Yevroga baholangan bo‘lib, investor tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi nazarda tutilgan. Hozirda «Total Eren» (Fransiya) kompaniyasi tomonidan yer maydonini tayyorlash, elektr uzatish tarmog‘i, podstansiya va elektr stansiyani loyihalashtirish uchun loyihalashtirish-muhandislik tashkilotlari jalb qilingan va dastlabki qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan.

Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/444

  Ikki taraf o‘rtasida ishlab chiqilgan tarmoq jadvallariga ko‘ra yer maydonlari va infrastrukturani tayyorlash ishlari joriy yilning oktabr oyida boshlanadi. Mazkur quyosh elektr stansiyasi 2021-yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshirilishi nazarda tutilgan.

 

  4. G‘ijduvon va Peshkuda quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish loyihasi

  2019-yil 20-sentabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Energetika investitsion forum doirasida Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatida quvvati 500 MVtdan 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, 2020-yil 5-martda Energetika vazirligi va «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida quvvati 500–1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish kelishuvi imzolandi.

Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/267

 

  Energetika vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi va «ACWA Power» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizning bir qancha hududlarida shamol oqimining darajasi o‘rganib chiqildi. Natijada Buxoro viloyati Peshku tumanining shimoli-sharqiy qismida joylashgan yer maydoni — shartli nomi «Quvvati 500 MVt bo‘lgan Jonkeldi shamol elektr stansiyasini qurish» deb atalayotgan, shuningdek, G‘ijduvon tumanidagi Ayaqatilma suv havzasining shimoli-sharqiy qismida joylashgan yer maydoni — shartli nomi «Quvvati 500 MVt bo‘lgan bosh shamol elektr stansiyasini qurish» deb atalgan loyihalar qurilishi uchun tanlandi.

 

  Shamol salohiyatini o‘rganish ishlari 2020-yilning avgust oyida boshlangan bo‘lib, 12 oy davomida olib boriladi. Shamolning tezligi, yo‘nalishi va davomiyligi, shuningdek hududlardagi ob-havo sharoitilarining o‘zgarishi kabi ma'lumotlarni o‘lchash uchun 100 metr balandlikdagi maxsus o‘lchov asboblari o‘rnatiladi. Ushbu ishlarga yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.

  Qayta tiklanadigan energiya manbasi (shamol) asosida elektr stansiyalarni qurish loyihasi umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan, 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

  Shunday qilib, «ACWA Power Bash wind» MChJ hamda «ACWA Power Dzhankeldy» MChJ loyiha kompaniyalari tashkil qilindi. Tanlangan yer maydonlarida shamol ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun shamol machtalarini o‘rnatish bo‘yicha «Gopa Intec» kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi. «Sredazenergosetproekt» AJ bilan birgalikda shamol elektr stansiyalarini milliy elektr tarmoqlarga ulash bo‘yicha boshlang‘ich o‘rganish ishlari yakunlandi. Shuningdek, topografik, geologik va gidrologik tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. O‘rganish ishlari joriy yil yakuniga qadar tayyor bo‘lishi kutilmoqda.

  «Bosh shamol elektr stansiyasi»ni qurish uchun tanlangan yer maydoni Ayakalitma suv havzasiga yaqinligi sababli shamol generatorlari inshootlari qushlar migratsiyasi va boshqa yovvoyi hayvonlar populyasiyasiga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini o‘rganish zarur. Joriy yil yoz oylarida «Bahor faslida qushlar va ko‘rshapalaklarning migratsiyasi» bo‘yicha tadqiqot ishlari yakunlandi. Iyul oyida esa mutaxassislar tomonidan ushbu yer maydonida «Qushlarning va boshqa hayvonlarning ko‘payishi, nasl qoldirishi» bo‘yicha» tadqiqot ishlari boshlangan. Avgust oyida Jonkeldi hududida 4 ta, Ayaqatilma suv havzasining shimoli-sharqiy qismida 1 ta machta o‘rnatildi.

  Hozirda logistika tadqiqotlari yakunlandi va 2021-yil yanvar oyidan boshlab shamol turbinalarini O‘zbekiston hududiga olib kirish boshlanadi.

 

 5. Qorauzyakda quvvati 100 MVtdan bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish loyihasi

  Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik ko‘magida, davlat-xususiy sherikchiligi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorauzyak tumanida quvvati 100 MVtdan kam bo‘lmagan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish uchun tender o‘tkazishda yordamchi kompaniyalar yollandi.

  Shamol elektr stansiyasini qurish uchun yaroqli deb qaralayotgan yer maydoniga shamol turbinalarini joylashtirish sxemasi va yagona elektr tarmog‘iga ulash nuqtalari hamda quvvatni uzatish sxemasi uchun dastlabki o‘rganishlar davom etmoqda. Shuningdek, huquqiy va texnik ekspertizasi ham amalga oshirilmoqda va uning natijalariga ko‘ra loyihaning barcha hujjatlarni tayyorlanmoqda.

 

  6. Sherobodda quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan fotoelektr stansiya qurish loyihasi

  Osiyo Taraqqiyot Bankining texnik ko‘magi hamda davlat-xususiy sheriklik asosida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish uchun potensial kompaniyalar o‘rtasida 2020-yil 1-fevralda tanlov e'lon qilindi va 2020-yil 22-fevral kuniga qadar tanlovda qatnashish istagini jami bo‘lib 56 ta kompaniya va/yoki konsorsiumlar bildirgan.

  Hozirda OTBning texnik mutaxassislari tomonidan tanlangan yer maydonlarini huquqiy va texnik ekspertizasi o‘tkazilmoqda, uning natijalariga ko‘ra Xalqaro moliya korporatsiyasi yordamida o‘tkazilgan birinchi loyihadagi barcha hujjatlarni ushbu loyihaga moslashtirilmoqda.

 

    7. Kattaqo‘rg‘on va G‘allaorol tumanlarida quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan quyosh elektr stansiyalari qurish loyihasi

  2020-yil 20-martda Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida hamda davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida har birining quvvati 200 MVtdan kam bo‘lmagan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirish uchun potensial kompaniyalar o‘rtasida tanlov e'lon qilindi. 2020-yil 21-aprelga qadar tanlovda qatnashish istagini jami bo‘lib 83 ta kompaniya va/yoki konsorsiumlar bildirgan.

  Hozirda Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik mutaxassislari tomonidan tanlangan yer maydonlarini huquqiy va texnik ekspertizasi o‘tkazilmoqda, uning natijalariga ko‘ra Xalqaro moliya korporatsiyasi yordamida o‘tkazilgan birinchi loyihadagi barcha hujjatlarni ushbu loyihaga moslashtirilmoqda.

 

   AN’ANAVIYDAN MUQOBILGA O‘TISH JARAYONI

  Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalar mamlakatimizda «yashil energiya» salmog‘ini yuksaltirishga qo‘yilgan dastlabki qadamlardir. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash joizki, elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi an’anaviy uslub, ya’ni neft mahsulotlarini yoqish evaziga hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasini mexanik energiyaga, mexanik harakatni elektr energiyasiga aylantirish usuli ekomuhitga birmuncha zararli bo‘lsada kundan-kunga, yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojni qondirishga safarbar etilayotgan arzon va qulay ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Undan kunning istalgan paytida (ayniqsa, tonggi va kechki maksimumda) ehtiyojga qarab foydalanish, ma'lum ma'noda turli vaziyatlar uchun zaxira qilish (yoqilg‘i zaxirasi) imkoniyatlari mavjud. Biroq hozirda yirik miqdorda ishlab chiqarilib, xalq xo‘jaligi va sanoatga yo‘naltirilayotgan tabiiy gazdan oqilona foydalanish, unda kimyo sanoatida turli material va xomashyo, o‘g‘it va minerallar tayyorlash, ichki bozor ehtiyojini qondirilgan holda tayyor mahsulotlar eksportiga yo‘naltirish ham mumkin. Tabiiy gazni aholi ehtiyoji qondirish, soni yildan-yilga oshib borayotgan avtomobil va mexanizmlarga yonilg‘i sifatida yetkazib berish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, neft va boshqa uglerodli qazilmalarning yerosti manbalari behisob emas. Kelajak avlodlarga tabiiy boyliklarni ma'lum ma'noda asrab qo‘yish, ulardan oqilona foydalanish ham strategik ahamiyat kasb etadi.

 

  IQTISOD VA EKOLOGIYA TANLOVI

  Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish esa o‘ziga xos noqulayliklarga ega. Avvalo, shamol generatorlari va quyosh panellari birmuncha qimmat texnika va texnologiyalar majmuasi hisoblanadi. Quyosh fotopanellari maydon jihatidan bir necha gektar maydonlarni egallaydi, ularni atmosfera changi va tuzli birikmalardan tozalab turishning o‘zi bir vazifa. Buning ustiga foydali ish koeffitsenti nihoyatda past va kunning ma'lum bir paytida (kunduzi) faol foydalanish mumkin. Fotoelektr stansiyalar ish prinsipi 2 turga bo‘linadi, biri quyosh panellarida hosil bo‘lgan energiyani fizik-kimyoviy jarayon orqali elektr energiyasiga aylantirib bersa, ikkinchisi yig‘ilgan issiqlik harorati minora tepasida to‘plangan yana o‘sha suvni bug‘lantirib, issiqlik energiyasidan mexanik energiya va aylanma mexanik harakatdan elektr energiya hosil qilish uchun xizmat qiladi.

  Ammo yer yuzi iqlim sharoitida keskin o‘zgarishlar (qurg‘oqchilik yoki suv toshqinlari, o‘rtacha iqlim haroratining keskin paysayishi yoki ko‘tarilishi, atmosfera tarkibida zararli gaz va chang-tuzlar miqdorining keskin oshishi) kuzatilmasa, yurtimizdagi tog‘ va tog‘oldi hududlarda shamol oqimi, yo‘nalishi va davomiyligi yaxshi o‘rganilsa, shamol elektr stansiyalari ish koeffitsentidan samarali va uzoq muddatli istiqbol bilan foydalanish mumkin. Fotoelektr stansiyalardan samarali foydalanish uchun bu yo‘nalishdagi ilg‘or texnologiyalar bilan qadamba-qadam odimlash, ya'ni mavjud quyosh panellari ish samaradorligini oshirib, stansiyaning foydalanish hududiga nisbatan ishlab chiqarish quvvatini oshirib borish zarur. Aks holda bozor iqtisodiyoti sharoitida quyosh panellari raqobatbardoshligini yo‘qotishi mumkin.

 
  Quyosh batareyalari, ya’ni yorug‘likni elektrga aylantirish ta'sirini o‘rganish dastlab fransuz fizigi Aleksandr Edmond Bekerel tomonidan 1842-yilda kashf etildi. Charlz Fritts ismli olim nurni elektrga aylantirish uchun kimyoviy unsur — selendan foydalanishni taklif etdi. Quyosh batareyalarining dastlabki prototipi italiyalik olim Jakomo Luidji Chamichyan tomonidan yaratilgan.
Oradan qariyb bir asr vaqt o‘tib, aniqrog‘i 1948-yil 25-martda Bell Laboratories tomonidan elektr tokini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan birinchi quyosh batareyalari yaratilgani omma e'tiboriga e'lon qilindi. 10 yildan so‘ng, ya'ni 1958-yil 17-martda AQShda quyosh panellaridan foydalanadigan sun’iy yo‘ldosh — «Avangard-1» kosmik kemasi fazoga uchirildi. 1958-yil 15-mayda Sovet Ittifoqi ham quyosh batareyalaridan foydalanadigan «Sputnik-3» nomli sun’iy yo‘ldosh uchirilganini ma’lum qildi.
 

   Birgina misol, quyosh nuri energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi qurilmalar yildan-yilga takomillashib bormoqda va yangi texnologiyalar yirik mablag‘ sarflagan undan oldingi texnologiyalarni o‘z sarf-xarajatlarini qoplamasidan oldin (raqobatbardoshligini) sindirib qo‘yishi ehtimoldan xoli emas. Buni oddiy so‘z bilan aytganda, tasavvur quyidagicha aks etadi: misol uchun, 2009-yilda ishlab chiqarilgan quyosh panelidan samarali foydalanish koeffitsenti 39% bo‘lsa, 2019-yildan ishlab chiqarilayotgan fotoelektrik qurilmaning samaradorligi 66% ni tashkil etadi. Shu tariqa o‘z xarajatlarini taxminan 10 yil muddatda to‘liq qoplab, sof foydaga kirishi kerak bo‘lgan inshootlar 3 yildan so‘ng raqobat bozorida norentabellikka yuz tutishi mumkin. To‘g‘ri, dunyoning ilg‘or raqamli texnologiya dasturlari fotoelektr stansiyalari va shamol generatorlarini masofadan turib boshqarishni takomillashtirib borgani sari sarf-xarajatlar kamayib boraveradi. Ammo ishlab chiqarish quvvati joriy va kapital ta'mir xarajatlarga nisbatan kamayib bormasa, quyosh va shamol stansiyalari o‘zaro raqobat maydonida bankrotlikka yuz tutishi hech gap emas. Umuman olganda, bu hisob-kitoblaru taxminiy xulosalar iqtisodchilar uchun muhim. Aholi, uning salomatligi va ekotizimning barqarorligi saqlash nuqtai nazaridan esa «yashil energiya»ning raqobatbardoshligi yoki qimmatliligi o‘z ahamiyatini birmuncha yo‘qotadi va energetikaning mazkur tarmog‘i rivojlanishidan barcha birdek manfaatdor. Hukumatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar esa ularning raqobatbardoshligini oshiradi.

 

  XULOSA O‘RNIDA

   Demak, yuqorida keltirilgan raqam va dalillardan xulosa yasab fikr yuritamizki, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini O‘zbekiston energetika sohasidagi salmog‘ida oshirib borish bugunning muhim vazifalaridan biri. Yuqorida sanab o‘tilgan investitsion loyihalar ortidan mamlakatimizga dunyoning ilg‘or raqamli texnologiyalari, zamonaviy qurilmalar bilan birgalikda undan samarali foydalanish dasturlari, ish uslubi, bilim-tajriba kirib keladi. Muqobil energiya manbalarining davlat miqyosidagi yirik loyihalari, o‘z navbatida, aholi xonadon, dala hovlilar, kichik va o‘rta biznes korxonalarida «yashil energiya» manbalaridan mustaqil ravishda foydalanishiga o‘ziga xos turki bo‘lib xizmat qiladi.

  Uylar, bino va inshootlar energiyatejamkorlik va energiyasamaradorlik nuqtai nazari bilan puxta muhandislik xulosalariga tayangan holda qurila boshlaydi. Hatto ayrim tadbirkorlar o‘z ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini energetika bozorida sotib, buning evaziga foyda olishi, mamlakatimizning olis-olis hududlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

 Bir so‘z bilan aytganda, qanchalik qimmat va qiyin bo‘lmasin, «yashil energiya» — davr talabi!

Uni rivojlantirish va undan xalqimiz farovonligi, vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida oqilona foydalanish uchun O‘zbekistonda barcha imkoniyatlar mavjud.

   Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

(Ma'lumotnomani tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan taqdim etilgan yig‘ma materiallardan foydalanildi.)

 

   «YASHIL ENERGIYA» SALMOG‘INING OSHIB BORISHI: ELEKTR TA'MINOTI BARQARORLIGIGA HISSA, YANGI ISH O‘RINLARI, ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR, EKOLOGIK BA'ZI MUAMMOLARGA YECHIM

http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/444

 

    NAVOIY VILOYATINING ZARAFSHON SHAHRI HUDUDIDA 500 MVT QUVVATGA EGA SHAMOL ELEKTR STANSIYASI QURILADI

http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/376

 

 «YASHIL ENERGIYA» SALMOG‘INI OSHIRISHDA FRANSIYA BILAN INVESTITSIYA LOYIHASI DOIRASIDA HAMKORLIK DAVOM ETMOQDA

http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/350

 

 MDH DAVLATLARI ENERGETIKA KENGASHI: SOHADA QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA MANBALARINING SALMOG‘I DOLZARB AHAMIYAT KASB ETIB BORMOQDA

http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/347

 

   2019-YIL SARHISOBI: «UMUMIY ENERGETIKA TARMOG‘IDA «YASHIL ENERGIYA» MANBALARINING ULUSHI OSHIB BORISHI UCHUN BARCHA IMKONIYATLAR MAVJUD»

http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/205

 

   MUQOBIL ENERGIYA ULUSHINI OSHIRISH — YIRIK INVESTITSIYALAR TALAB QILUVCHI BOSQICHLI JARAYON

 http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/189

 

  «YASHIL ENERGIYA» SALMOG‘INING OSHIB BORISHI: ELEKTR TA'MINOTI BARQARORLIGIGA HISSA, YANGI ISH O‘RINLARI, ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR, EKOLOGIK BA'ZI MUAMMOLARGA YECHIM

 http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/444

 

 В САМАРКАНДЕ БУДЕТ ПОСТРОЕНА ФОТОЭЛЕКТРОСТАНЦИЯ ОБЩЕЙ МОЩНОСТЬЮ 100 МВт

http://uzbekistonmet.uz/ru/lists/view/20

 

УВЕЛИЧЕНИЕ ДОЛИ ВОЗОБНОВЛЯЕМОЙ ЭНЕРГИИ — ПОЭТАПНЫЙ ПРОЦЕСС ТРЕБУЮЩИЙ ИНВЕСТИЦИЙ http://uzbekistonmet.uz/ru/lists/view/189

 

http://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun 

t.me/uzmetaxborotxizmati

>