Yangiliklar
500 KV LI «SURXON–PULI-XUMRI» (XO‘JA-ALVON) ELEKTR TARMOG‘INI QURISH INVESTITSION LOYIHASINING QURILISH-MONTAJ ISHLARI JADALLASHTIRILADI
  • 31.08.2020
  • 1055

O‘zbekiston–Afg‘oniston munosabatlari

Afg‘onistonning tarixi bevosita yurtimiz tarixi bilan bog‘liq. Tarix zarvaraqlariga razm solsangiz, Afg‘on davlatchiligi tarixi XVII asrdan boshlanganiga guvoh bo‘lasiz. Bunga qadar afg‘on diyori hududlari Turon va Eron hukmdorlari tasarrufida bo‘lgan. Xususan, arab xalifaligiga qadar goh turkiy hoqonlar, gohida esa eroniy shohlar tasarrufida bo‘lgan. Keyinroq g‘aznaviy, xorazmshohlar, mo‘g‘ullar, temuriylar, boburiylar saltanatining, Buxoro amirligining tarkibiy qismi sanalgan.

 Afg‘on eli — erk va hurriyatga intilgan ozod xalq. Tarix sahnasida buni mustamlakachilarga qarshi olib borilgan milliy ozodlik kurashi misolida ko‘rishimiz mumkin.

Tarixiy mushtaraklikni tiklash, yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini davom ettirishni niyat qilgan Prezidentimiz har doim Afg‘oniston mamlakati va afg‘on xalqiga xayrixoh bo‘lib kelmoqda.

O‘zbek xalqida bir dono maqol bor: «Qo‘shning tinch — sen tinch». Bu jumlani xalqaro diplomatiya tushunchasi bilan ifoda etsak, qo‘shni davlatlardagi tinchlik-farovonlikdan biz ham manfaatdormiz. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida: «Afg‘oniston xavfsizligi — bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir», deya ta'kidlab o‘tgan edi.

Afg‘oniston delegatsiyasining tashrifi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 28–29-avgust kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasining Tashki ishlar vaziri Hanif Atmar janoblari boshchiligidagi Afg‘oniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ilk uchrashuvlar 28 avgust kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo‘lib, uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va logistika hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, Afg‘onistonda energetika, temir yo‘llar qurilishi, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/4430  

  Mazkur tashrif doirasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) elektr tarmoqlari kompaniyasi o‘rtasida Afg‘oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik shartnoma imzolandi. Shuningdek, 500 kV kuchlanishli «Surxon–Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) elektr tarmog‘ini qurish investitsion loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

  «O‘zbekiston MET» AJ Markaziy boshqaruv apparati binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘oniston Islom Respublikasi transport vaziri Yama Shams, «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) kompaniyasi rahbari Ahmad Doud Noorzai, kompaniya mutasaddi xodimlaridan Ahmad Shaxer Dashtiy, Samer Hayran va Ma'sud Sediqyarlar ishtirok etishdi. Elektr energetika sohasidagi O‘zbekiston–Afg‘oniston hamkorlik masalalari «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.A.Isaqulov, Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosarlari X.B.Elmurodov va S.S.Artikov, Boshqaruv raisining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari F.M.Qurbonov hamda Elektr energiyasini xarid qilish va sotish bosh boshqarmasi, shuningdek Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi mutasaddi xodimlari ishtirokida muhokama qilindi.

Energetika sohasidagi hamkorlik tarixi

  Afg‘oniston Islom Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlash va shu yo‘l bilan Afg‘on diyorida barqaror vaziyatni ta'minlash maqsadida 2002-yildan boshlab O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi eksport amaliyoti olib bormoqda.

Dastlabki yillarda 62,4 mln. kVt•soatgacha elektr energiyasi havo tarmoqlarining texnologik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) kompaniyasi bilan har yil to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga asosan elektr energiyasi yetkazib berilgan. Afg‘onistonga elektr energiyasi «Xayraton» podstansiyasidan (O‘zbekiston) «Perevalochnaya baza» (Afg‘oniston) podstansiyasiga 10 kV elektr kuchlanishli havo tarmoqlari orqali yetkazib berish ta'minlangan.

2009-yilda 220 kVli «Naimobod–1» va «Naimobod–2» — har birining o‘tkazuvchanlik quvvatlari 300 MVtgacha bo‘lgan yuqori kuchlanishli havo tarmoqlarining qurilishi tugallanib, ishga tushirilgandan so‘ng Afg‘oniston Islom Respublikasiga 430 MVt gacha quvvatda, yillik taxminiy (o‘rtacha) 2 mlrd.kVt•soat hajmda elektr energiyasi yetkazilib berilmoqda.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, energetika sohasida savdo-iqtisodiy aloqalarni uzoq yillar davomida amalga oshirish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik shartnoma imzolandi.

Afg‘oniston bilan qo‘shnichilik aloqalarini yanada yaxshilash, uning chegaradosh hududlariga elektr energiyasi eksport amaliyotini oshirish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el valyutasi oqimini ko‘paytirish, Respublikamizning xalqaro maydondagi mavqyeyini oshirish maqsadida, O‘zbekiston–Afg‘oniston hukumatlararo kelushuvlar natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-fevraldagi PQ-3531-son qarori asosan ayni paytda 500 kV kuchlanishli «Surxon–Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) elektr uzatish liniyasi qurilishi loyihasi O‘zbekiston hududida amalga oshirilmoqda. Havo tarmog‘ining umumiy uzunligi 245,6 km bo‘lib, uning 45,0 kilometri Surxondaryo viloyati hududidan, 200,6 km esa Afg‘oniston hududidan o‘tadi.

Bugungi kunda loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi qismida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, hozirda 127 piketga to‘liq fundamentlar metalli tayanchlar o‘rnatildi (100%). Bugungi kunda sim tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Hamkorlik masalalari OAV nigohida

  Xulosa o‘rnida shuni alohida takidlash lozimki, O‘zbekiston–Afg‘oniston hamkorligi ikki tomonlama samarali bo‘lishi bilan birga mintaqada xavfsizlik hamda savdo-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy aloqalar taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan «Surxon–Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishini jadallashtirishdan tashqari Afg‘oniston delegatsiyasining tashrifi davomida xalqaro avtotransport bo‘yicha bitim loyihasini imzolashga tayyorlash, ekspert muzokaralarini o‘tkazish masalalari, savdo aylanmasini oshirish, jumladan, transchegaraviy savdoni kengaytirish va ikkala mamlakat bozorlariga xaridorgir qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish maqsadida tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Batafsil: https://kun.uz/20413907  

Uchrashuv davomida ikki tomonlama kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash hamda yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish maqsadida muntazam aloqalar mexanizmini joriy etishga ham kelishib olindi.

Batafsil: http://dy.uz/ALFWR   

Xotima o‘rnida

«O‘zbekiston MET» AJ Markaziy boshqaruv apparati binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Afg‘oniston Islom Respublikasi delegatsiyasi a'zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Afg‘onistonlik hamkorlar ham o‘z o‘rnida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga afg‘on diyoridan keltirilgan esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi.

 E'tiboringizga uzbekistonmet.uz sahifalarida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) hamkorligi yuzasidan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, Markaziy Osiyo davlatlari Energetika Kengashiga afg‘onistonlik energetiklarning tashrifi, turli sabablar tufayli eksport amaliyotida ro‘y bergan nosozliklar va ularning bartaraf etilishi, energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga bevosita aloqador investitsion loyihalar haqida berilgan ko‘plab ma'lumot va xabarlarni havola etamiz:

«Surxon–Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) loyihasi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/67  

Afg‘onistonga eksport qilinayotgan elektr energiyasi miqdori yana «0» qiymatga tushdi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/54  

Markaziy Osiyo va Afg‘oniston energetiklari Toshkentda: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/97  

O‘zbekiston energetiklari Afg‘onistondagi nosozliklardan xavotirda: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/98  

5,0 mld kVt•soat elektr energiyasi qaerda?!: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/119  

Afg‘on energetiklari jangarilar yetkazgan ziyonni tiklashmoqda: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/126  

Afg‘onistonlik muhandislar elektr energiyasi import amaliyotini tiklashdi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/312  

Afg‘onistonlik energetiklar yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etishmoqda: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/291  

Afg‘onistonning «DABS» shirkati bilan hamkorlik imzolangan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirilmoqda: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/318  

Afg‘onistonning«DABS» shirkatiga qarashli tayanch ustuniga zarar yetkazilgani tufayli elektr energiyasi eksportida uzilishlar sodir bo‘ldi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/323  

Afg‘onistonning«DABS» shirkati elektr energiyasi import amaliyotini tikladi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/328  

Nosozliklar tufayli Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti ikki baravar kamaydi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/336  

MDH davlatlari Energetika Kengashi: sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salmog‘i dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/347  

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati: Prezident qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida yirik investitsion loyiha boshlandi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/368  

Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi: 2030 yilga qadar 24 ta loyiha amalga oshiriladi: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/475  

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>