
Assalomu alaykum.
Bugungi brifingda joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha erishilgan natijalar, iste’mol, eksport va import ko‘rsatkichlari, shuningdek, yil yakuniga qadar belgilangan rejalar haqida ma’lumot beramiz.
Dastlab, elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga to‘xtalamiz.
Joriy yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonda jami 69,6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 mlrd kVt⋅soat yoki 8,4 foizga ko‘pdir.
Jumladan, issiqlik elektr stansiyalarida 49,1 mlrd kVt⋅soat, yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarida esa 10,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Bu yerda yana bir muhim jihatni ta’kidlash lozim: yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari 2025-yilda jami 10,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqargan edi. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyidayoq ushbu ko‘rsatkichga erishildi.
Gidroelektr stansiyalarida esa 6,6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda yurtimiz gidroelektr stansiyalarida jami 6,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi. Demak, bu yerda ham joriy yilning 9 oyidayoq o‘tgan yillik natijadan yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.
Shuningdek, kichik quvvatli quyosh stansiyalari orqali joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida 2,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Qiyoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2 mlrd kVt⋅soatni tashkil etgan edi. Demak, joriy yilning to‘qqiz oyidayoq o‘tgan yilgi natijadan 500 mln kVt⋅soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Blok-stansiyalar hissasiga esa 867,1 mln kVt⋅soat elektr energiyasi to‘g‘ri keldi.
Ushbu natijalar yurtimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ortib borayotgani, ayniqsa, quyosh va shamol energetikasining umumiy ishlab chiqarishdagi ahamiyati tobora oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Endi elektr energiyasi iste’moli va uni iste’molchilarga yetkazib berish ko‘rsatkichlariga to‘xtalamiz.
Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 68,1 mlrd kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 4,1 mlrd kVt⋅soat yoki 6,3 foizga ko‘p.
Iste’molning o‘sishi iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash muhimligini yanada oshiradi. Shu bois elektr energiyasini ishlab chiqarish bilan bir qatorda, uni iste’molchilarga barqaror yetkazib berish va mavjud resurslardan samarali foydalanish ham alohida ahamiyatga ega.
Hisobot davrida iste’molchilarga jami 53 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Shundan 39 mlrd kVt⋅soati ulgurji iste’molchilar, 14 mlrd kVt⋅soati esa aholi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ulgurji iste’molchilar kesimida qaralganda, sanoat korxonalari 20,6 milliard kilovatt⋅soat, qishloq xo‘jaligi 5,6 mlrd kVt⋅soat va boshqa iste’molchilar esa 12,8 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasidan foydalandi.
Elektr energiyasi eksporti va importiga kelsak, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 3,4 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 591,6 mln kVt⋅soat yoki 21,4 foizga ko‘p.
Shu bilan birga, elektr energiyasi importi 1,9 mlrd kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 720,4 mln kVt⋅soat yoki 27,2 foizga kam.
Eksport hajmining ortishi va importning qisqarishi yurtimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa ichki ehtiyojni mahalliy manbalar hisobidan ta’minlash imkoniyatlarini oshirish bilan birga, O‘zbekistonning elektr energiyasi eksporti salohiyati ham mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Endi yil yakuniga qadar belgilangan rejalar haqida ma’lumot beramiz.
Joriy yil yakuniga qadar yurtimizda jami 94,6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 7,7 mlrd kVt⋅soat yoki 8,8 foiz ko‘pdir.
Shuningdek, yil yakuniga qadar respublika iste’moli 92,2 mlrd kVt⋅soatni tashkil etishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 5,7 mlrd kVt⋅soat yoki 6,6 foizga ko‘pdir.
Xulosa qilib aytganda, joriy yilning dastlabki 9 oyida elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish ko‘rsatkichlarida o‘sish qayd etildi. Ayniqsa, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, gidroelektr stansiyalari, shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarida ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning to‘liq yillik natijalariga yetdi yoki ulardan oshdi.
Yil yakuniga qadar asosiy vazifa — belgilangan ishlab chiqarish va yetkazib berish rejalarini bajarish, iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishdan iborat.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Manba: https://gov.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati