2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz neft va gaz sanoati xodimlari! — O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri
  • 06.09.2026
  • 20

Hurmatli neft va gaz sanoati xodimlari!

Sizlarni, avvalo, xalqimiz hayoti va yurtimiz iqtisodiyoti uchun nihoyatda muhim bo‘lgan sohada mehnat qilayotgan barcha fidoyi insonlarni kasb bayramingiz — Neft va gaz sanoati xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!

Neft va gaz sohasi ortida millionlab xonadonlarning kundalik hayoti, yurtimiz korxonalarining barqaror faoliyati, iqtisodiyotimizning uzluksiz harakati va xalqimiz farovonligi mujassam.

Bugun sohamiz katta o‘zgarishlar va yangi vazifalar davrini boshdan kechirmoqda. Albatta, yillar davomida to‘planib qolgan ayrim muammo va kamchiliklar ham yo‘q emas. Ularni bartaraf etish, tizimni zamonaviy talablar asosida yangilash, ishonchli ta’minotni ta’minlash oson emas. Lekin ana shunday murakkab sharoitlarda ham o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashib, kechayu kunduz mehnat qilayotgan minglab soha xodimlarining fidoyiligi alohida e’tirofga loyiq.

Bugun davlatimiz rahbari boshchiligida neft va gaz sanoatini modernizatsiya qilish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi quvvatlarni yaratish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, sohada fidokorona mehnat qilayotgan insonlarning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib qadrlanib kelayotgani barchamizga katta kuch va mas’uliyat bag‘ishlaydi. Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bir guruh neft va gaz sanoati xodimlarining davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham sohamiz mehnatkashlariga yuksak e’tibor va hurmatning yana bir amaliy ifodasidir. Bu e’tirof, shubhasiz, butun tizim jamoasi uchun katta sharaf va yangi marralar sari yanada g‘ayrat bilan intilishga rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Eng muhimi, sohamiz oldiga yangi maqsadlar qo‘yilmoqda. Endi biz nafaqat mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, balki energiya resurslarini tejash, zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish, qayta ishlash quvvatlarini oshirish va energetika tizimining barqarorligini ta’minlash haqida yanada ko‘proq o‘ylashimiz kerak.

Ishonamizki, sizlarning boy tajribangiz, kasbingizga sadoqatingiz va yangilikka intilishingiz bilan neft va gaz sanoati oldida turgan dolzarb vazifalarni izchil hal etib boramiz.

Sizlarning har biringiz — quduqda, konda, zavodda, gaz tarmoqlarida, laboratoriyada, dispetcherlik xizmatida va tizimning boshqa bo‘g‘inlarida mehnat qilayotgan fidoyi insonlar — sohamizning tayanchidirsiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Barchangizga va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka va farovonlik tilaymiz. Kasbingizda ulkan muvaffaqiyatlar, ezgu ishlaringizda kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar hamisha hamrohingiz bo‘lsin!

Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz neft va gaz sanoati xodimlari!


Hurmat bilan,

Sherzod Xodjayev,
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vaziri

Manba: https://t.me/minenergy_uz/20990 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati