
Ijtimoiy tarmoqlarda «ELEKTROMONTYORLARNING ISH HAQI QAYERGA G‘OYIB BO‘LMOQDA?» sarlavhali maqolada «Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali elektr montyorlari 24 soat navbatchilik qilsa-da, ish haqi faqat 18 soat uchun hisoblanayotgani haqida maʼlumot tarqatilgan.
Mazkur holat yuzasidan maʼlum qilamizki, «Qashqadaryo MET» filialining 35/6 kV hamda 35/10 kV kuchlanishli podstansiyalarida navbatchi elektr montyorlari smena asosida xizmat olib boradi. Navbatchilik davri “Aktiv” va “Passiv” holatlardan iborat bo‘lib, “Aktiv” holatda elektr uskunalarini o‘chirish-qo‘shish va boshqa tezkor ishlar amalga oshiriladi. “Passiv” holatda esa o‘chirish-qo‘shish ishlari amalga oshirilmagan vaqtda navbatchi elektr montyorga dam olish imkoniyati beriladi.
Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, 24 soatlik navbatchilikda bo‘lishni 24 soat uzluksiz ishlagan vaqt sifatida baholash mumkin emas. Xodimlarning ish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga muvofiq belgilanadi va hisobga olinadi. Xususan, Mehnat kodeksining 182-moddasiga muvofiq, ish vaqtining normal davomiyligi haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 188-moddasiga muvofiq, soat 22:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi hamda qonunda belgilangan hollarda tungi vaqtdagi ish smenasi davomiyligi bir soatga qisqartiriladi. Tungi vaqtdagi mehnat uchun esa qonunchilikda belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Shunga ko‘ra, navbatchi elektr montyorlarining navbatchilik davridagi ish va dam olish vaqtlari alohida hisobga olinib, kunduzgi va tungi vaqtda bajarilgan mehnat uchun tegishli tartibda haq to‘lanadi. Filialda ish vaqti va mehnatga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi talablariga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan maqolada keltirilgan «24 soat navbatchilik qilib, faqat 18 soat uchun ish haqi olinmoqda» mazmunidagi daʼvolar ish vaqti tushunchasi va uni hisobga olish tartibini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida paydo bo‘lgan.
«Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali maʼmuriyati