2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Jazirama issiqda elektr tarmoqlarining qizishiga bir vaqtning o‘zida to‘rtta asosiy omil ta’sir qiladi
  • 20.07.2026
  • 24

Haroratning yuqori bo‘lishi
 

Transformatorlar, podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlari tashqi havo orqali soviydi. Qishda havo harorati +10…+20 °C bo‘lsa, uskunalardan ajralayotgan issiqlik oson tarqaladi.

Ammo havo harorati 40–45 °C ga yetganda sovitish samaradorligi keskin pasayadi. Buning natijasida uskunalarning ichki harorati ham tezroq ko‘tariladi.



Elektr iste’molining oshishi
 

Yozda elektr tarmoqlariga tushadigan yuklama keskin ortadi. Bunga konditsionerlar, muzlatgich va sovitish uskunalari, sanoat hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarining yuqori quvvatda ishlashi asosiy sabab bo‘ladi.

Elektr tarmoqlarida yuklama ortishi bilan simlar va transformatorlarda issiqlik ajralishi keskin ko‘payadi. Masalan, elektr yuklamasi ikki baravar oshsa, ajraladigan issiqlik qariyb to‘rt baravar ortadi.



Quyosh nurlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri
 

Ochiq maydonda joylashgan transformator punktlari, podstansiyalar, metall shkaflar va yuqori kuchlanishli uskunalar kun bo‘yi quyosh nurlari ta’sirida qiziydi.

Metall yuzalar quyosh ta’sirida havo haroratidan ancha yuqori darajagacha qizishi mumkin. Masalan, havo +40 °C bo‘lganda metall korpuslar 55–70 °C gacha qizishi mumkin. Qora rangli metallarda bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘ladi.



Uskunaning o‘zidan chiqadigan issiqlik
 

Bu eng asosiy omil hisoblanadi. Transformator ichida mis yoki alyuminiy chulg‘amlar, magnit o‘zak va elektr yo‘qotishlari doimiy ravishda issiqlik hosil qiladi. Yuklama ortishi bilan bu yo‘qotishlar ham oshib boradi.

Shuning uchun tashqarida havo +42 °C bo‘lsa ham, transformatorning ichi ancha yuqori haroratda ishlaydi. Ta’kidlash joizki, tashqi korpusi 70 °C bo‘lgan transformatorning ichidagi chulg‘am harorati 100 °C dan yuqori bo‘lishi mumkin.

Shu sababli issiq kunlarda ayrim transformator punktlari yoki elektr uzatish tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelishi ehtimoli ortadi.
Havo harorati 40–45 °C bo‘lgan kunlarda elektr tarmoqlari bir vaqtning o‘zida tashqi muhit, to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari va yuqori elektr yuklamasi ta’sirida ishlaydi. Natijada transformator korpuslari 55–80 °C, elektr simlari 60–90 °C, transformator chulg‘amlari esa 80–110 °C atrofidagi haroratgacha qizishi mumkin.



Bunday sharoitda elektr ta’minoti tizimidagi har qanday qo‘shimcha yuklama yoki texnik nuqson avariya ehtimolini oshiradi. Shu bois energetiklar yozning eng issiq kunlarida tarmoqlarni doimiy nazorat qiladi, yuklamani qayta taqsimlaydi va yuzaga kelgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/20541 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati