2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: O‘zbekistonda har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda
  • 02.06.2026
  • 32

#yashil_energiya

► O‘zbekistonda har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi energiya saqlash tizimlaridan olinmoqda

Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya xavfsizligini mustahkamlash hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bilan bir qatorda, energiya saqlash tizimlarini (BESS) joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va elektr ta’minoti barqarorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

♦ Bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 3930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh hamda 1652 MVt bo‘lgan 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Birgina joriy yil boshidan buyon ushbu stansiyalar tomonidan 4 milliard kVt·soatdan ortiq “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining ortib borishi energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishni ham taqozo etmoqda. Chunki quyosh elektr stansiyalari kunduzgi vaqtda, shamol elektr stansiyalari esa tabiiy sharoitga bog‘liq ravishda elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Energiya saqlash tizimlari esa ortiqcha energiyani jamg‘arib, iste’mol eng yuqori bo‘ladigan soatlarda tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

2024-yilda mamlakatimizda ilk bor Farg‘ona va Andijon viloyatlarida har birining quvvati 150 MVtdan bo‘lgan 2 ta energiya saqlash tizimi ishga tushirilib, ularning umumiy quvvati 300 MVtni, energiya sig‘imi esa 600 MVt·soatni tashkil etdi.

2025-yilda esa yana 1245 MVt quvvat va 1600 MVt·soat energiya sig‘imiga ega yangi energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirildi.

Natijada bugungi kunga kelib respublika energetika tizimida umumiy quvvati 1545 MVt, energiya sig‘imi esa 2600 MVt·soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlari faoliyat yuritmoqda.

Taqqoslash uchun, energiya saqlash tizimlarining o‘rnatilgan quvvati bugungi kunda mamlakat energetika tizimining kechki maksimal yuklamasining 13,5 foizidan ortig‘ini tashkil etmoqda. Boshqacha aytganda, kechki eng yuqori iste’mol soatlarida foydalaniladigan har sakkizinchi kilovatt elektr energiyasi avvaldan jamg‘arilgan energiya hisobidan qoplanishi mumkin.

Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni energiya saqlash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dunyoning jadal rivojlanayotgan energetika tizimlari qatoriga olib chiqmoqda.

Yaratilgan energiya saqlash quvvatlari quyosh va shamol elektr stansiyalarini yagona energetika tizimiga yanada samarali integratsiya qilish, tabiiy gaz sarfini kamaytirish, issiqlik elektr stansiyalarining ishga tushirilish sonini qisqartirish hamda elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish imkonini bermoqda.

Yil yakuniga qadar mamlakatimizda energiya saqlash tizimlari quvvatini 2000 MVtga, energiya sig‘imini esa 3600 MVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan.

→ 2030-yilga borib esa energiya saqlash tizimlarining umumiy quvvatini 4,5 GVtga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi maqsadlariga erishish va energetika xavfsizligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmat