
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan 2025-yilda bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot maʼlumotnomasi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-dekabrdagi “Uzatish va taqsimlash tizimlarini rivojlantirish va tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 844-son qaroriga muvofiq 35 kV va undan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari 2025- yilning 1-iyun kunidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali tasarrufidagi 35 kV kuchlanishli 78 dona va 110 kV kuchlanishli 64 dona jami 142 dona podstansiya hamda 35 kV kuchlanishli 636,17 km va 110 kV kuchlanishli 976,3 km jami 1612,5 km elektr uzatish havo tarmoqlari hamda ushbu elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatuvchi jami 292 nafar muhandis-texnik va ishchi-xodimlar “Andijon MET” filialiga qabul qilingan.
Isteʼmolchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida qo‘shimcha 20 nafar 35-110 kV kuchlanishli podstansiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi elektromontyorlar ishga qabul qilindi.
Ishchi-xodimlar avariyalarni zudlik bilan bartaraf qilish, ish joylariga tezkorlik bilan yetib borishlari uchun yangi 1 dona, 5 kishilik yengil yuk mashinasi va 4 dona “Damas-van” avtotransportlari xarid qilinib, foydalanishga topshirildi.
«Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufida jami uzunligi 2 276,6 km bo‘lgan 1 ta 500 kV, 14 ta 220 kV, 122 ta 110 kV va 65 ta 35 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari mavjud. Shundan: 500 kV — 54,8 km; 220 kV — 589,833 km; 110 kV — 995,8 km; 35 kV — 636,17 km. 1 ta 500 kV kuchlanishli “Lochin” va 5 ta 220 kV kuchlanishli “Yulduz”, “Xakan”, “Fozilmon”, “Saroy” va “Bobur” podstansiyalar hamda 64 ta 110 kV kuchlanishli va 78 ta 35 kV kuchlanishli 148 dona podstansiyalar mavjud.
Podstansiyalarning jami to‘la quvvati — 5422,3 MVA (megavolt∙amper). Shundan: 500 kV kuchlanishli podstansiyalarning quvvati 1602,0 MVA bo‘lsa, 220 kV kuchlanishli podstansiyalar quvvati 1480,0 MVA tashkil etadi. 110 kV kuchlanishli podstansiyalar quvvati esa 1838,2 MVA bo‘lib, 35 kV kuchlanishli podstansiyalar o‘tkazuvchanlik quvvati 502,1 MVAga ega.
2025/2026 yil kuz-qish mavsumida elektr energiyasi isteʼmolchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ishonchli taʼminlash maqsadida: 2 dona transformator (1 ta 35 kV 4 MVA, 1 ta 110 kV 16 MVA), 2 dona 110 kV kuchlanishli va 5 dona 35 kV kuchlanishli o‘chirgichlar va 134,1 km uzunlikdagi 35-110-220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini mukammal taʼmirlash, 107 dona transformatorlar, 213 dona o‘chirgich hamda 939,8 km uzunlikdagi elektr uzatish havo tarmoqlarini joriy taʼmirlash rejalashtirilgan bo‘lib, amalda barchasi bajarilib, mukammal taʼmirlash ishlari “O‘zenergoinspeksiya” mutaxassislari tomonidan ko‘rib xulosalari olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentyabrdagi «Jahon Banki ishtirokida «Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3284-sonli qaroriga asosan Andijon viloyatida 220/110/10 kV kuchlanishli «Yulduz» va 500/220/10 kV kuchlanishli «Lochin» podstansiyasilarida modernizatsiya ishlari davom ettirilmoqda.
220/110/10 kV kuchlanishli «Yulduz» podstansiyasida 2 dona 200 MVA avtotransformatorlar o‘rniga 2 dona 250 MVA avtotransformatorlar o‘rnatilib, qo‘shimcha 100 MVA quvvat yaratildi.
500/220/10 kV kuchlanishli «Lochin» podstansiyasida modernizatsiya loyihasi doirasida mavjud AT-1 bir fazali 167 MVA avtotransformatorlar o‘rniga bir fazali 267 MVA avtotransformatorlari o‘rnatilib, qo‘shimcha 300 MVA quvvatga oshirildi. Bu ishlar natijasida podstansiyaning umumiy quvvati 1602 MVA yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida» 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72-sonli qarorida 2021-2023-yillarda Andijon viloyatidagi isteʼmolchilarning elektr taʼminotini yaxshilash hamda aholini barkaror elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 220/110 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i hamda 220/110/10 kV kuchlanishli 2x200 MVA quvvatga ega yangi podstansiya qurish belgilangan.
Shahrixon tumanida bosh pudratchi «4-sonli montaj boshqarmasi» AJ tomonidan 13,9 km 220 kV havo elektr uzatish tarmog‘i va 220/110/10 kV kuchlanishli “Saroy” podstansiya qurish ishlari olib borilib, 2023-yilning 14 noyabr kuni birinchi bosqichda bir dona 125 MVA quvvat avtotransformator bilan ishga tushirilgan edi. 2024-yil 20-sentyabr kuni ikkinchi avtotransformator 125 MVA quvvat ishga kiritilib, podstansiyaning jami quvvati 250 MVA yetkazilgandi. 2025 yil podstansiyasida 1 dona 125 MVA avtotransformator o‘rniga 1 dona 200 MVA avtotransformator o‘rnatilib, qo‘shimcha 75 MVA quvvatga oshirildi. Podstansiyaning umumiy quvvati 325 MVA yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentyabrdagi 599-sonli «Uzatish va taqsimlash tizimlarini rivojlantirish va tartibga solishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufidagi 26 ta podstansiya va 7 ta (150 km) elektr tarmoqlari shartli «qizil» toifaga kiritilib, elektr xo‘jaligi obyektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish rejasi ishlab chiqildi.
Ushbu qarorga asosan Andijon viloyatida «qizil» toifaga kiritilgan elektr xo‘jaligi obyektlarini 2025-yildan boshlab 1-bosqichida 110-35 kV kuchlanishli 11 ta podstansiya va 6 ta (138 km) elektr tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish rejasiga kiritildi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tender savdolari o‘tkazilib, “O‘zbekenergotaʼmir” AJ pudratchi tashkilot bilan shartnoma imzolandi.
2024/2025-yil kuz-qish mavsumida yuklama bilan ishlagan podstansiyalarda quyidagi ishlar amalga oshirildi:
· 35/10 kV kuchlanishli «Buloqboshi» podstansiyada o‘ta yuklamada ishlab kelgan 4 MVA quvvatli T-2 va 2,5 MVA quvvatli T-3 kuch transformatorlari 16 MVA quvvatli transformatoriga almashtirildi. Natijada podstansiyanipng quvvati 9.5 MVAga oshirildi;
· Baliqchi tumanidagi 110/35/10 kV kuchlanishli «Chinobod» podstansiyasi taʼminladigan 110 kV kuchlanishli “L-Chinobod” liniyasi o‘ta yuklamada ishlaganligi sababli 9,3 km qismi AS-70 rusumli sim o‘rniga AS-120 rusumli sim almashtirish ishlari bajarildi;
· Andijon shahridagi 35/6 kV kuchlanishli “Oliygoh” podstansiyasida kuz-qish mavsumini ishonchli o‘tkazish uchun 1 dona 6.3 MVA transformatorini o‘rniga joriy yilning 30-sentyabr kuni 10 MVA transformatori o‘rnatildi. Natijada podstansiyaning quvvati 3.7 MVAga oshirildi;
· Shahrixon tumanidagi 110/35/10 kV kuchlanishli «Shahrixon» podstansiyada chiqqan 16 MVA transformatori 110/10 kV kuchlanishli «To‘quvchi» podstansiyasidagi T-1 — 10 MVA transformatorini o‘rniga o‘rnatildi, chiqqan 10 MVA transformatori T-2 — 6.3 MVA transformatorini o‘rniga o‘rnatildi. Natijada 9.7 MVA quvvat oshirildi.
Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyoti banki pul mablag‘larini jalb qilgan holda Andijon viloyatida 2023-2026-yillarda «Raqamli transformatsiya va taqsimlash tarmog‘ining barqarorligini oshirish» loyihasi bo‘yicha “HET” AJ Andijon hududiy filiali tomonidan Andijon shahridagi «Paxtakor» MFYda joylashgan 110/35/6 kV kuchlanishli «Yayilma» (1962 yilda qurilgan) podstansiyasidagi mavjud 1x31,5 MVA, 1x20 MVA quvvatli kuch transformatorlarni 2x63 MVA quvvtli kuch transformatorlariga, Asaka tumanida “Birdamlik” MFYda joylashgan 110/35/6 kV kuchlanishli «Asaka» (1965-yilda qurilgan) podstansiyasidagi mavjud 2x15 MVA kuch transformatorlarni — 2x40 MVA quvvtli kuch transformatorga almashtirib, modernizatsiya dasturiga muvofiq yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.
110/35/6 kV kuchlanishli «Yayilma» podstansiyasidan demontaj bo‘lgan 20 MVA kuch transformatorini 110/6 kV kuchlanishli «3» podstansiyasidagi T-1 16 MVA kuch transformatorini o‘rniga o‘rnatildi. Natijada 4 MVA kuvvat oshirildi.

2025-yil davomida xodimlarni davolanish uchun “Toshkent tibbiy sanitariya qismi”ga 68 ta yo‘llanma berilib, xodimlar sog‘lig‘ini tiklab qaytishdi.
Xodimlar o‘rtasida mini futbol, shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinib, g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xodimlarni bir qismini yoz mavsumida madaniy dam olish uchun “Ertosh” dam olish turizm sayohati uyushtirildi.
2025-yilda 19 nafar xodimlar “Energetika faxriysi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
“Andijon MET” filialida o‘rnatilgan quyosh panellar to‘g‘risida maʼlumot:
«Andijon MET» filiali tasarrufidagi 3 ta obyektlarga qayta tiklanuvchi quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, jami quvvati 70 kVt.
1. Maʼmuriy bino — 30 kVt (Andijon shahri, “Andijon” MFY);
2. 500/220/10 kV kuchlanishli “Lochin” podstansiyasi — 30 kVt (Asaka tumani, “Yangiobod” MFY);
3. 220/35/10 kV kuchlanishli “Bobur” podstansiyasi — 10 kVt (Andijon shahri, “Obod” MFY).
4. 2025 yil 11 oyi davomida quyosh panellari orqali 62,362 ming kVt∙soat elektr energiyasi hosil qilindi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan Andijon viloyati isteʼmolchilarining ishonchli elektr energiya taʼminoti uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan.
O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan 2026-yilda bajariladigan ishlar to‘g‘risida maʼlumotnoma
1. Modernizatsiya va yangi qurilish rejalari:
· 220/110/10 kV “Yulduz” podstansiyasida modernizatsiya loyihasi doirasida barcha qurilmalar o‘rnatib bo‘lindi, qolgan releli himoya shkaflarini ishga tushirish, yong‘inga qarshi o‘t o‘chirish tizimini va obodonlashtirish ishlarni I-chorakda yakunlanadi. (2017-yil 16- sentyabrdagi PQ-3284-sonli Jahon Banki ishtirokida “Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori).
· 500/220/10 kV “Lochin” podstansiyasida modernizatsiya loyihasi doirasida qolgan elektr qurilmalar va qolgan ishlarni (ajratgichlar, yong‘inga qarshi o‘t o‘chirish tizimi va obodonlashtirish ishlarini) to‘liq I-chorakda yakunlanadi. (2017-yil 16-sentyabrdagi PQ-3284-sonli Jahon Banki ishtirokida “Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori).
· Shahrixon tumanida investitsiya loyihasi doirasidagi qurilgan yangi 220/110/10 kV Saroy podstansiyasida qolgan qurilish montaj ishlarini yakunlab II-chorakda davlat komisiyasiga topshirilishi taʼminlanadi. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-iyul kungi PQ № 5180-sonli qarori).
· Andijon tumani S.Ismoilov massivi “Mingo‘rik” MFY hududida tashkil etilayotgan “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi qurilishi rejalashtirilgan. Sanoat zonasi uchun 7,5 km uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli havo tarmog‘i hamda 2x40 MVA quvvatlik 110/35/10 kV kuchlanishli yangi podstansiya qurilish ishlari 2026-yilning dekabr oyiga yakunlanishi taʼminlanadi. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabr “2025-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi PQ-454 sonli qarori).
· Qizil toifaga kirgan 110/35 kV kuchlanishli 11 ta podstansiyalar hamda 110/35 kV li 6 ta (138 km) elektr uzatish tarmoqlarida olib borilayotgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari bo‘yicha I-chorakda loyiha smeta hujjatlari tayyorlanib, bir vaqtda (paralel proyektirovaniye) qurilish-montaj ishlari olib boriladi. (Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentyabrdagi 599-son qarorga asosan 2026-yilning 1-yarim yillikda ishlarni bajarish).
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan Andijon viloyati isteʼmolchilarining ishonchli elektr energiya taʼminoti uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan.
Baxtiyorjon Obidov, «Andijon magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati