2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: O‘zbekistonda 24/7 rejimida ishlaydigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihasi
  • 16.01.2026
  • 11

#hamkorlik #yashil_energiya

O‘zbekistonda 24/7 rejimida ishlaydigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihasi

Joriy yilning 11-15-yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida “Abu Dhabi Sustainability Week 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu haftalik barqaror rivojlanish, qayta tiklanuvchi energiya, iqlim moliyasi va “yashil” iqtisodiyot masalalariga bag‘ishlanib, unda dunyoning 150 dan ortiq davlatlaridan davlat organlari, yirik xalqaro kompaniyalar hamda moliya institutlari yetakchilari ishtirok etdi.

Ushbu xalqaro forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Masdar” va “Emirates Utilities Development Company” (EUDC) kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistonda 24/7 rejimida uzluksiz ravishda 1 gigavattgacha bo‘lgan bazaviy yuklama quvvatiga ega loyihani ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, BAA Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy hamda “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramahiy ishtirok etdi. Hujjatlar “O‘zenergosotish” AJ, “Masdar” va “Etihad Water & Electricity” (EUDC’ning bosh kompaniyasi) tomonidan imzolandi.

Loyiha 24/7 rejimida 1 gigavattgacha (GVt) uzluksiz quvvat yetkazib berishni nazarda tutadi.

Ushbu sutka davomida uzluksiz ishlaydigan loyihalar qayta tiklanuvchi energetika sohasida tub burilish yasab, energiya ta’minotidagi uzilishlar muammosini bartaraf etishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu loyiha jahon bozorida raqobatbardosh tariflar asosida katta-masshtabli bazaviy quvvat ishlab chiqarish imkonini yaratib, ishonchli va “yashil” energiyaga o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun xalqaro miqyosda keng joriy etilishi mumkin bo‘lgan namuna vazifasini bajaradi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/18834 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati