

Hurmatli yoqilg‘i-energetika sohasi kasaba uyushmalari xodimlari va faollari!
Sizlarni kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, eng ezgu niyatlarimni bildiraman.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-oktyabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan o‘tkazgan uchrashuvda “Kasaba uyushmalari tizimi — mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat va turmush sharoiti, huquq va imkoniyatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi”, deya alohida ta’kidlagan edilar.
Oxirgi yillarda yurtimizda hurmatli prezidentimiz boshchiliklarida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha mustahkam qonuniy asoslar yaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning, Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida” va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi bu sohada muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy oldi. O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlar soni hozirgi kunda 25 taga yetdi.
Kasaba uyushmalarining ko‘magi bilan jamoalarda mehnat intizomini mustahkamlash, zarur shart-sharoitlarni yaratish va ishchi-xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga erishilmoqda.
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalarida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmalari tashkilotlari sohadagi barqarorlikni ta’minlash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularning mehnat faoliyati uchun munosib shart-sharoit yaratishda alohida o‘rin tutadi.
Xususan, bugungi kunda O‘zbekiston energetika, neft-gaz hamda geologiya xodimlari kasaba uyushmasi tizimida 320 dan ortiq boshlang‘ich tashkilot o‘z safida 200 ming nafardan ziyod a’zoni birlashtirib, ularning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy, huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida ish beruvchilar bilan samarali hamkorlik olib boryapti.
Sizlarning fidoyiligingiz, ishga mas’uliyat bilan yondashishingiz, jamoalarda hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz yuksak tahsinga loyiq.
Ishonchim komilki, kasaba uyushmalari faollari va tarmoq tashkilotlari kelgusida ham davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda, mehnatkashlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda va ularning hayot sifatini oshirishda faol ishtirok etadi.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilalaringizga tinchlik va farovonlik, mehnat faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Jo‘rabek Mirzamahmudov,
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri
Manba: https://t.me/minenergy_uz/18167
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati