Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi respublikadagi yetakchi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va tahlil markazlari bilan o‘zaro hamkorlik muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi.
Deputatlar, tegishli tashkilot va idoralar musaddilari ishtirok etgan tadbirda qonunchilikni takomillashtirishda ilmiy-tadqiqot va ekspertlik tashkilotlari ishtirokini kengaytirish, qonun ijodkorligida ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz 2024-yil noyabr oyida Oliy Majlis palatalari majlislarida so‘zlagan nutqlarida Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari bilan hamkorlik olib borish tashabbusini ilgari surgan edi.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kuchaytirish maqsadida qo‘mita hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xususan, Energetika muammolari instituti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent arxitektura – qurilish universiteti, Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutlari kabi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va tahlil markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Deputatlar ushbu hamkorlik qonunlarning ilmiyligini oshirish, iqtisodiyot sohalariga oid qonunchilikni takomillashtirish, energetika, qurilish, transport sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid qonunlar yaratilishiga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, mazkur amaliyot qonunlarning ilmiy va amaliy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlashga, ilm-fan yutuqlarining qonun ijodkorligi va amaliyotga joriy etilishiga, ilmiy muassasalar bilan parlament hamkorligi mustahkamlanishiga imkon yaratishi aytib o‘tildi.
Tadbirda ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari, tahlil markazlari bilan kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.
Manba: https://parliament.gov.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati