Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi “Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq, elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining barqaror ishlashi uchun, muhofaza zonalarida ekologik zarar va yongʻin keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan biron-bir harakatni sodir etish taqiqlangan.
Xususan:
Birinchidan, elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash (otish), shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga koʻtarilish taqiqlanadi.
Ikkinchidan, elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga yurib oʻtish va transport vositasida oʻtish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish taqiqlanadi.
Uchinchidan, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish taqiqlanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori, 3-bob, 13-bandiga muvofiq Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari — ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari oʻz ixtiyorida boʻlgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Qarorning 14-bandida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalari masofasi — elektr uzatish liniyalarining kuchlanish miqdoriga mos tarzda belgilab berilgan va ular quyidagicha:
— 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 15 metr;
— 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 20 metr;
— 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 25 metr;
— 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 30 metr.
Eslatib oʻtamiz, elektr uzatish havo liniyalari boʻylab — chetdagi simlardan, ularning ogʻmagan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni boʻylab, elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos boʻlgan balandlikdagi masofaga ega parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi — elektr uzatish liniyalarining “muhofaza zonasi” deb ataladi.
Matn: Mansurbek Jabborov
Manba: https://yuz.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati