2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Bugungi kunda 81 ta korxonalarda majburiy energetika audit tekshiruvlari to‘liq yakunlangan
  • 13.02.2025
  • 48

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev maʼlum qildi.

Respublika Komissiyasining 168-son bayoniga muvofiq 2021-2025-yillarda 280 ta korxonalarda majburiy energetika (audit) tekshiruvlari o‘tkazilishi belgilangan. Unga ko‘ra 156 ta korxonalarning majburiy energetika (audit) tekshiruvlari o‘tkazilishi bo‘yicha dasturlari tasdiqlangan.

Bugungi kunda 81 ta korxonalarda majburiy energetika audit tekshiruvlari to‘liq yakunlangan. Buning natijasida 95,9 mln.kVt.s elektr energiyasi va 36,6 mln. m3 tabiiy gaz, 1 399,2 tonna yonilg‘i mahsulotlar hamda 239 549,8 Gkal issiqlik energiyasi iqtisod qilingan.

Energetika (audit) tekshiruvlardan o‘tkazilishi bo‘yicha 312 ta yozma ko‘rsatmalar berilib, ko‘rsatmalarni bajarmagan korxonalarning 38 ta mansabdor shahslariga maʼmuriy bayonoma rasmilashtirilgan.

Isteʼmolchilarga qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha 28 ta hujjatlar to‘plami huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Shuningdek, 2 ming 34 ta yirik isteʼmolchi korxonalarda energiya auditdan o‘tkazilishi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zenergoinspeksiya, Energetika vazirligi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining qo‘shma qaroriga muvofiq Energiya auditorlarga qo‘yiladigan minimal talablar tasdiqlandi.

 Unga ko‘ra energiya auditini o‘tkazish jarayonida isteʼmolchilarning belgilangan ko‘rsatgichlaridan kelib chiqib sertifikatlangan o‘lchov vositalarini tegishlilaridan foydalanish talab etiladi. Shuningdek, energiya auditidan o‘tkazish uchun malaka sertifikati ega bo‘lishi lozim.

 Energiya auditorlar texnik topshiriqqa muvofiq elektr xavfsizlik bo‘yicha tegishli guruhga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilishi bo‘yicha talablar tasdiqlandi.

Isteʼmolchilarga elektr energiyadan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha o‘tgan yil davomida 47 ming 396 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Reaktiv energiyasini kompensatsiya qilinishi bo‘yicha quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan isteʼmolchilarga 21 mingdan ziyod yozma ko‘rsatmalar berildi hamda 25 730 ta reaktiv energiyasini kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalarni o‘rnatilishi taʼminlandi. Buning natijasida 137,4 mln kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Shuningdek, 26 ta podstansiya va 671 ta tarmoqlarda quvvat koeffitsiyenti ko‘tarilishiga erishildi.

Berilgan yozma ko‘rsatmalarni bajarmagan 1 523 ta isteʼmolchiga maʼmuriy bayonomalar tuzildi.

Joriy yilning 10-fevral kuni “Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 20-sonli  Prezident Farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash hamda sifatsiz yoqilg‘i mahsulotlari realizatsiyasiga chek qo‘yish borasida davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirish.

Jumladan, Prezidentning 2023-yil 24-maydagi Farmoniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, yetkazib berish (taqsimlash, sotish) va isteʼmol qilish faoliyati bilan shug‘ullanadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari doirasida sutkaning istalgan vaqtida o‘tkaziladigan tekshiruvlar tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/49666 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati