Olmaota shahrida 31-yanvar kuni “Digital Almaty 2025” xalqaro raqamli forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri A.Asadov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti M.Aref, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi Rahbari A.Kasimaliyev, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi M.Mishustin, Armaniston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Grigoryan va boshqalar ishtirok etdi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida mamlakatimizda raqamlashtirishni jadallashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, yurtimizni sun’iy idrok texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida taqdimot qildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan strategiya tasdiqlanib, muayyan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berilgani qayd etildi.
Xususan, sun’iy ongga asoslangan dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va raqamli xizmatlar ko‘rsatish hajmini 1,5 milliard dollargacha oshirish, bir qator ilmiy laboratoriyalar yaratish, yuqori samarali server infratuzilmasini shakllantirish singari ko‘plab ustuvor vazifalar maqsad qilib olingan.
Yalpi majlisda Strategiya doirasida yigirmadan ortiq loyiha amalga oshirilgani hamda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalari jadal tatbiq etilayotgani natijasida qator yutuqlarga erishilgani ma’lum qilindi.
Jumladan, Toshkent metropolitenida “Palm Pay”, to‘lov tizimi joriy etilib, to‘lovlarni amalga oshirishda yo‘lovchilarga qulaylik yaratildi, banklar va yirik savdo majmualarida “My ID” va “UzFace” tizimi yo‘lga qo‘yilgani esa mijozlarni identifikatsiyalashni tezlashtirish va raqamli firibgarlik xavfini kamaytirish imkonini berdi, soliq tizimi va davlat xizmatlari portalida aholiga maslahatlar berish va elektron xizmat olishga yordam beruvchi virtual yordamchilar ishga tushirildi.
Natijada, O‘zbekiston 2024-yilda “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorligi reytingi”da 17 pog‘onaga ko‘tarildi.
Yalpi majlisda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Strategiyasiga muvofiq, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bunda, ayniqsa, birinchi navbatda, IT infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bildirildi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston sun’iy idrokni tartibga solish standartlarini ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash va zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha yetakchi tashkilotlar va IT kompaniyalar bilan xalqaro hamkorlikni faol kengaytirmoqda.
Shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellektning dolzarb masalalari, shu jumladan, mazkur yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari to‘g‘risida atroflicha fikr almashildi.
Manba: https://gov.uz/oz/news/view/34681
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati