2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
2024-yil SARHISOBI: Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining faoliyati haqida hisobot-maʼlumotnoma
  • 30.01.2025
  • 29

“Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida amalga oshirilgan ishlar

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi o‘z tasarrufiga 18 ta boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalarini birlashtirgan bo‘lib, jami 4266 nafar kasaba uyushma aʼzolari, shu jumladan 530 nafar xotin-qizlar va 647 nafar yoshlardan iborat.

2024-yilda Birlashgan kasaba uyushmasi xizmatidagi 18 ta filiallarning boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari ish rejalariga muvofiq samarali mehnat faoliyati olib bordilar.

2024-yildagi asosiy ish ko‘rsatkichlari ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasiga qaratilgan bo‘lib, bu boradagi barcha ariza va shikoyatlar o‘rganildi.

Jumladan,

• Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi energetika sohasida stajini tiklab berish bo‘yicha Komissiya bilan birga ishlab, xodimlardan tushgan arizalarni o‘rganib chiqdi va 45 nafar xodimlarni energetika stajlari tiklab berildi.

• O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining mutaxassislari va Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlikda 2024-yilda “Qashqadaryo MET”, “Buxoro MET” va “Navoiy MET” filiallarida “Sayyor qabul” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu sayyor qabullarda filialdagi xodimlar bilan davra suhbati tashkil etilib, xodimlarning muammolari, ish sharoitlari o‘rganildi, ularning savollariga javoblar berildi, taklif va istaklari o‘rganib chiqilib, mavjud muammolar ijobiy hal etildi. Sayyor qabullarda jami filiallardan 150 dan ortiq xodimlar ishtirok etishdi.    

Shu bilan birga,

Insoniy fazilatlar, jamoadagi ahillik va birdamlik, Vatanga muhabbat, vatanparvarlik hissini shakllantirish, qolaversa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018-yil 3-fevraldagi PF-5326-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida barcha filiallarimiz kasaba uyushmalari tomonidan tarixiy obidalari va diqqatga sazovor qadamjolari bo‘lgan Respublikamizning maʼlum va mashhur shaharlarga jami 445 nafar xodimlar va ularning oila aʼzolari sayyohatga olib borildi:

• Samarqand shahriga jami 180 nafar xodimlar va oila aʼzolari;

• Toshkent shahriga 100 nafar xodimlar va oila aʼzolari;

• Xiva shahriga 50 nafar xodimlar va oila aʼzolari;

• Buxoro shahriga 20 nafar xodimlar va ularning oila aʼzolari;

• Farg‘ona shahriga 35 nafar xodimlar va ularning oila aʼzolari;

• Ekoturizm tadbiri Bo‘stonliq tumani, “Ugam” tog‘ zonasidagi dam olish maskaniga 60 ga yaqin xotin-qizlar va ularning farzandlari sayohatga olib borildi.

Energetika tizimida ko‘p yillar mobaynida mehnat qilib, soha rivojiga o‘zining samarali hissasini qo‘shgan va nafaqaga kuzatilayotgan 26 nafar xodimlarga energetika stajiga ko‘ra lavozim maoshining bir barobaridan uch barobargacha miqdorda pensiyaga ketishi munosabati bilan rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lab berildi, xodimlarga esdalik sovg‘alari va guldastalar takdim etilib, pensiyaga kuzatilishi tadbirlari uyushtirildi.

Yubiley tug‘ilgan kunlarini nishonlayotgan 104 nafar xodimlarga bir lavozim maoshi miqdorida rag‘batlantirish to‘lovi berilib, faxriy yorliq, zarchopon, esdalik papkalari va guldastalar topshirilib, taqdirlash tadbirlari tashkil etildi. (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

8-mart — Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Aksiyadorlik jamiyatining 530 nafar xotin-qizlariga bayram dasturxonlari tuzaldi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Stend-pannolar yasatildi (Barcha filiallar va Markaziy apparatda).

Navro‘z umumxalq bayrami va Mustaqillik shodyonalari arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ho‘jayli tumanidagi kam taʼminlangan oilalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatish uchun oziq-ovqat mahsulotlari berildi. “Qoraqalpoq MET” filialining 50 nafar energetika faxriylari, nuroniy va qariyalari va kam taʼminlangan oila vakillariga Samarqand shahriga 2 kunlik sayohat tashkil etildi. Navro‘z bayrami tadbirlari barcha filiallarda keng nishonlandi. Barcha filiallarda va Markaziy apparatda bayram dasturxonlari tuzaldi, bayramga sovg‘alar berildi.

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan filiallarda Energetika faxriylari va baynalminalchi jangchilarga bayram dasturxonlari tuzaldi.

1-iyun — “Bolalarni himoya qilish kuni” bayrami munosabati bilan “MAGIC SITY” istirohat bog‘iga 300 dan ortiq chiptalar bepul tarqatildi, Boshqa filiallarda ham bolalar uchun tomoshalar, bolalar konserti dasturlari tashkil etilib, 750 ga yaqin bolalar dam olishlari uchun tadbirlar o‘tkazildi. Bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlariga 175 nafar bolalar uchun chiptalar taqdim etildi. Tashkiliy tadbirlar uchun ho‘jalik va kasaba uyushma mablag‘laridan sarflandi.

Xo‘jalik hisobidan 1% mehnatga haq to‘lash fondidan Yangi yil bayrami munosabati bilan Aksiyadorlik jamiyati xodimlarining 4830 nafar farzandlariga Yangi yil sovg‘alari berildi. Yangi yil bayrami tomoshalariga, bolalar o‘yin maydonchalariga 1000 dan ziyod chiptalar xarid qilindi va bepul tarqatildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

Shuningdek, boshqa ko‘ngilochar dasturlar: estrada konsertlari va teatrlarga 1700 tadan ortiq chiptalar xarid qilindi va xodimlarga bepul tarqatildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

Ijtimoiy ko‘makka muhtoj xodimlarga kasaba uyushmasidan moddiy yordam ko‘rsatildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

1-sentabr — Yangi o‘quv yili arafasida 2 va undan ortiq maktab yoshidagi o‘quvchi farzandi bo‘lgan kam taʼminlangan xodimlarning 22 nafar farzandlariga o‘quv-qurollari xarid qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami barcha filiallarda keng nishonlandi. Xodimlarga bayram dasturxonlari tuzaldi.

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan joylarda maʼnaviyat soatlari, davra suhbatlari o‘tkazildi. Jamiyat tomonidan energetika tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan xodimlar Faxriy yorliqlar va Tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Taqdirlangan xodimlarga guldastalar va esdalik sovg‘alari berildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

22-dekabr — “Energetiklar kuni” kasb bayrami munosabati bilan barcha filiallarda bayram tadbirlari uyushtirildi, keksa pensionerlar va energetika faxriylari taklif etildi.

“Yong‘in xavfsizligi oyligi”, “Texnika xavfsizligi oyligi” ko‘rik tanlovlari o‘tkazildi, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari berildi. Yil davomida magistral liniyalarda yuzaga kelgan avariyali o‘chish holatlarini oldini olish va bartaraf etish ishlarida qatnashgan ishchi-xodimlarga moddiy ko‘mak berish maqsadida dala joylarida issiq oziq-ovqat, kofe, issiq choy doimiy tashkil etilib borildi, yil davomida 500 dan ziyod xodimlarga issiq ovqatlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-sonli “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi filiallarning barcha kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida sportning shaxmat-shashka, stol tennisi, volleybol va minifutbol turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Musobaqa g‘oliblariga va ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi. (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

Aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan kelishilgan holda ish vaqti ichida xodimlarni 30 minut davomida ishlab-chiqarish gimnastikasi bilan shug‘ullanishlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, xodimlar va ularning oila aʼzolarini sog‘lomlashtirish uchun basseynlarga abonementlar (50 foizga) tarqatildi. Xodimlar futbol bilan shug‘ullanishlari uchun futbol maydonlari arendasi mablag‘lari to‘lab berildi, sport inventarlari xarid qilindi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

2023-yil davomida Aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushmasi va “sport targ‘ibotchisi” bilan hamkorlikda Bouling, Badminton, stol tennisi va “Baliq ovi” musobaqalari muntazam o‘tkazildi va sovrinli o‘rinlarni egallagan xodimlarga esdalik sovg‘alari berildi. Sport anjomlari xarid qilindi (Markaziy apparatda).

Xodimlar va ularning oila aʼzolarini sog‘liklarini tiklash ishlariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2024-yil davomida Farg‘ona viloyatidagi «Shifobaxsh Chimyon» sihatgohida 30 ta Energetika faxriysi bepul davolandi. Bu maqsadlarga MHTF 1 foiz mablag‘i hisobidan mablag‘ sarflandi va energetika faxriylari sog‘liklarini tiklashdi (Barcha filiallar va Markaziy apparatda).

Xodimlar va ularning oila aʼzolariga 10 foiz kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan Respublikadagi “Turon”, “Xumson”, “Zomin”, “Oqtosh”, “Chortoq”, “Botanika” va “Chinobod” sihatgohlari va «Chorvoq oromgohi», “Navro‘z”, “Kumushkon” dam olish uylariga 162 ta yo‘llanmalar olingan va imtiyozli - 45 foizlik qilib xodimlarga va ularning oila aʼzolariga berilgan. Ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan 32 nafar xodim sanatoriyalarga imtiyozli (45 foiz) narhda yuborildi. 3 ta yo‘llanma 3 nafar baynalminalchi jangchi bo‘lgan xodimga bepul berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovning 2022-yil 1-noyabrdagi 06/1-2408-sonli topshirig‘iga asosan Rossiya Federatsiyasi Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” sanatoriyasida “Dam olish - davolanish - bilim olish - malaka oshirish” loyihasi asosida 2024-yilda 20- nafar xodimlar sog‘lomlashtirilib va bilim saviyalarini oshirishlari tashkil etildi (Barcha filiallarda va markaziy apparatda).

Birlashgan kasaba uyushma qoshida tashkil etilgan Xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi bilan hamkorlikda Aksiyadorlik jamiyatidagi ayollarni o‘rni va mavqeini oshirishga qaratilgan ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Ona tilim-Joni dilim” shiori ostida Davlat tili bayramiga bag‘ishlangan sheʼriyat kunlari o‘tkazildi, milliyligimizni targ‘ib qilishlikka qaratilgan “XON-ATLAS” tadbirlari uyushtirildi. Sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy tavallud kunlariga bag‘ishlangan adabiyot va kitobxonlik tadbirlari uyushtirildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

Yil davomida Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi va Xotin-qizlar bilan ishlash komissiyalari hamkorlikda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirildi, ayollarni sport musobaqalarida faol ishtirok etishlari va sayohatlarga olib borilishi uyushtirilib borildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan Yoshlar bilan ishlash komissiyasi hamda Aksiyadorlik jamiyatining sport targ‘ibotchisi o‘z faoliyatini 2024-yilda ijobiy olib bordi. Xususan, yoshlar o‘rtasida muntazam ravishda sportning shaxmat-shashka, stol tennisi, minifutbol turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Mini futbol bilan shug‘ullanishlari uchun futbol maydonchalari arendaga olib berildi. Basseynlarga abonementlar tarqatildi (Barcha filiallarda va Markaziy apparatda).

Respublikaning ommaviy axborot vositalari: gazeta va jurnallarga (2024-yil uchun) — “Ishonch”, “Ishonch-Doveriye”, “Darakchi” va boshqa gazetalarga obunalar tashkil qilindi (Barcha filiallar va Markaziy apparatda).

Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2024-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga ko‘ra Jamiyat jamoa shartnomasini 2023-yilda bajarilishi va 2024-yilga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha mehnat jamoasining video-konferensiyasi o‘tkazildi. Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2024-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq qo‘mita yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan masalalar ”Mehnat muhofazasi va munosib mehnat sharoitlarini yaratish” xaqida, “Mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi” to‘g‘risida, “Maʼnaviyat va maʼrifat ishlarining olib borilishi, xodimlar va ularning oila aʼzolarining sog‘lomlashtirilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturini bajarilishini taʼminlash to‘g‘risida”gi masalalar belgilangan vaqtda qo‘mita yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi.

Yil davomida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan berilgan topshiriqlar bajarildi. Yil davomida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yuborilishi lozim bo‘lgan statistik hisobotlar, Yil dasturi bo‘yicha hisobotlar belgilangan muddatlarda topshirildi.

Toshkent shahar kasaba uyushmalari birlashmasi kengashiga topshirilishi lozim bo‘lgan moliyaviy hisobotlar, yo‘llanmalar bo‘yicha hisobotlar belgilangan muddatlarda topshirildi.

Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi buxgalteriyasi tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga Ustav talablariga asosan yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan 30 foizlik aʼzolik badallari mablag‘lari o‘z vaqtida yuborilishi taʼminlandi.

2024-yil davomida Aksiyadorlik jamiyati xodimlaridan, filiallaridan va boshqa tashkilotlardan kelgan turli mavzularni o‘z ichiga olgan murojaatlar Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, belgilangan muddatlarda yozma ko‘rinishda, E-Ijro tizimi asosida, murojaatchilarga ijobiy javoblar berilishi taʼminlandi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi 2025-yilda ham xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishda kuch va imkoniyatlarini ishga solgan holda xizmat qiladi.

2024-yil mobaynida kasaba uyushmalari mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni amalga oshirib bordi:

•  ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari bilan bog‘liq holatlarni tekshirishda ishtirok etildi;

• xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilgan hollarda ishlarni to‘xtatib turish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarning buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida ish beruvchiga qator takliflar kiritildi;

• mehnatni muhofaza qilish holatini o‘rganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlari bajarilishini nazorat qildi;

• mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etdi.

xodimlarni ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalar va kasb kasalliklaridan sug‘urta qilindi, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, ishchi-odimlarni dastlabki va davriy-oraliq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, xodimlarni belgilangan muddatlarda o‘rnatilgan normalar bo‘yicha maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminishini nazorat qilindi.

Afsuski qilingan barcha saʼy-harakatlarga qaramasdan 2024-yil mobaynida 3 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz xodisa sodir bo‘ldi. “Qashqadaryo MET” filialida 1 nafar xodim ish jarayonida tanasini elektr toki taʼsirida kuyishi oqibatida jarohat oldi va  “Buxoro MET” filialida 2 nafar xodim ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli bevaqt vafot etishdi. Tokdan kuyish natijasida jarohat olgan xodimning o‘ziga, 2 nafar vafot etgan xodimlarning oila aʼzolariga ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalarda, kasb kasalliklariga chalinganda yoki xodimning sog‘ligiga boshqacha shikast yetkazilganda ish beruvchi tomonidan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqalar hamda zararlarni qoplash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash Qoidalari»da belgilangan miqdorlarda va tartibda to‘lanishi taʼminlandi.

2024-yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar, shu bilan birga, Birlashgan kasaba uyushmasi Nizomida nazarda tutilgan barcha vazifa-majburiyatlar to‘liq bajarildi.

Nodira Xidirova, Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi  

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati