2024 yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan Raqamlashtirish boshqarmasiga berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar, shu bilan birga, boshqarma mutaxassislarining lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan barcha vazifa-majburiyatlar to‘liq bajarildi. Jumladan, energotizimning raqamli modelini yaratish, masofaviy taʼlim jarayonlari tashkillashtirish, maʼlumotlarni xavfsiz saqlash va energetikada kiberxavfsizlik hamda raqamlashtirishni takomillashtirish, shuningdek, boshqa tegishli yo‘nalishlarda samarali faoliyat olib borildi.
Diksaylent (Digsilent Power Factory) dasturi
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida Diksaylent dasturi joriy etilgan bo‘lib, energotizimning raqamli modeli, elektr energiyasi tarmoqlarini tahlil qilish, elektr tarmoqlaridagi turli holatlar, jumladan, kuchlanishning tushishi, qisqa tutashuvlar va turli avariyalarni modellashtirish hamda tahlil qilish imkonini bermoqda. Mazkur dastur yordamida magistral elektr tarmoqlariring interaktiv xaritasi tuzilgan bo‘lib, hozirda dastur maʼlumotlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Xodimlar uchun elektron o‘quv muhiti
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xojdimlari uchun elektron o‘quv muhitini yaratish uchun ishlatiladigan ochiq manbali Moodle (Modular Object-Oriented Dynamic Learning Environment) dasturiy taʼminot joriy etilgan. Mazkur dastur ishchi-xodimlarga masofaviy taʼlim jarayonlarini tashkillashtirish, kurslar yaratish, resurslar taqdim qilish, testlar va topshiriqlarni avtomatik baholash uchun xizmat qiladi. Bugungi kunda dasturning 2 230 dan ziyod foydalanuvchilari mavjud.
Korporativ bulut (oblako) dasturi
Bulut dasturiy taʼminoti Aksiyadorlik jamiyati xodilari ishlarining maʼlumotlarni saqlash, ularga kirish, taqsimlash va hamkorlikda ishlash imkoniyatini berib, barcha maʼlumotlar lokal serverda joylashtiriladi. Maʼlumotlarni markazlashgan holda boshqarishni osonlashtiradi va maʼlumotlarni faol nazorat qilish imkonini beradi. Shuningdek, turli xizmatlar kalendarlar, elektron pochta, videokonferensiyalar va boshqa funksiyalar bilan integratsiya qilish imkoniyati mavjud.
Zaxira nusxalarini yaratish (TrueNAS) dasturi
Mazkur dastur yordamida zaxira nusxalarini yaratishni ishonchli va avtomatik ravishda tashkil qilish imkoniyatini berib, maʼlumotlarning aniq vaqtdagi zaxira nusxalarini yaratish funksiyasi tashkilot maʼlumotlarini xavfsizligini taʼminlash va ularni yo‘qotishdan himoya qilish imkoniyatini beradi.
CAS dasturiga mos keladigan elektr hisoblagichlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga asosan Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish, nazorat qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish maqsadida barcha ulanish nuqtalaridagi mavjud texnik hamda tijoriy elektr hisoblagichlar “HET” AJda joriy qilingan CAS dasturiga mos keladigan 1 971 ta zamonaviy, aqlli elektr hisoblagichlarga almashtirildi (CAS dasturiga kiritilgan – 1 855; Aloqada – 1 746 yoki 93 %), turdosh tashkilot bilan hamkolikda CAS dasturiga elektr energiyasini hisoblash metodikalari kiritildi, bu orqali oqib o‘tayotgan elektr energiyasining hisobini kuzatib borish imkoni yaratildi.
Xodimlar bilim va ko‘nikmasini oshirish
2024-yil 13-maydan 17-mayga qadar “O‘zelektroapparat” AJ hamda “Eksara” MCHJ bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Yarus noteworks uskunalarini boshqarish va ulardan foydalanish” bo‘yicha tashkil qilingan o‘quv kursida Aksiyadorlik jamiyatida faoliyat olib borayotgan 8 nafar xodimlar malaka oshirildi.
Shuningdek, 2024-yilning 18-avgustdan 31-avgustga qadar Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi “Rosseti Lenenergo” OAJ o‘quv kompleksida “Yuqori avtomatlashtirilgan (raqamli) podstansiyalarning rele himoyasi va avtomatlashtirish qurilmalari hamda texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlarini sozlash va ulardan foydalanish” kursi bo‘yicha 11 nafar xodimlar malaka oshirib kelishdi.
2024-yil 2-dekabrdan 8-dekabrgacha Fransiyaning (Parij) shahrida Jahon banki tomonidan tashkillashtirilgan energiya sektorini boshqarishga yordam berish dasturi (ESMAP) Yevropa kiberxavfsizlik tarmog‘i (ENCS), ENEDIS (Fransiya), RTE (Fransiya) va Cyber Campus (Fransiya) bilan hamkorlikda energetikada kiberxavfsizlik va raqamlashtirishni takomillashtirish bo‘yicha o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi va unda Raqamlashtirish boshqarmasidan 2 nafar mutaxassis ishtirok etdi.
“O‘zbekiston MET” AJda 2025-yil davomida Axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida amalga oshiriladigan loyihalar rejasi quyidagicha:
• Real vaqt rejimida tarmoqni muvozanatlash (RTBS) tizimiga obyektlarni ulash. “Lochin” podstansiyasi, “Yulduz” podstansiyasi, “Qorako‘l” podstansiyasi, “G‘uzor” podstansiyasi, “Sardor” podstansiyasi, “Qizil-ravot” podstansiyasi, “Sug‘diyona” podstansiyasi, “Denov” podstansiyasi, “Sokin” podstansiyasi, “Zarchop” podstansiyasi, “Fozilmon” podstansiyasi, “Surxon” podstansiyasi, “Kimyo” podstansiyasi va “Buxoro” podstansiyasilarda kommutatsion boshqaruv qurilmalar o‘rnatiladi;
• Podstansiyaning 3D modeli yaratiladi: podstansiyasininig vertual maketlarini yaratilib, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga topshiriqlar beriladi. Xodimlar vertual ko‘rinishda berilgan topshiriqlarni bajarib, real holatlarga tayyorgarlik ko‘radi. Bu xodimlarning xatolar ehtimolini kamaytirishga, ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
• Jamiyatning 2030-yilgacha bo‘lgan “Raqamlashtirish strategiyasi”ni ishlab chiqiladi. Bu Aksiyadorlik jamiyatining raqamli texnologiyalarni joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejasi bo‘lib, inson omilidan kelib chiqadigan xatolarni kamaytirish, zamonaviy texnologiyalar yordamida real vaqt rejimida to‘plangan va tahlil qilingan maʼlumotlarga tayangan holda qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.
• Konfidensial axborotni ruxsatsiz chiqib ketishini oldini oluvchi (DLP) axborot tizimi joriy qilinadi. Bu o‘zida barcha boshqaruv maʼlumotlari saqlanadigan, kuzatish imkoniyatini beradigan yagona maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Maʼlumotlarga tezkor ega bo‘lish, ularni ishonchli himoya qilish va arxivlash taʼminlanadi hamda konfidensial axborotning ruxsatsiz chiqib ketishining oldi olinadi.
• Resurslarini boshqarishni avtomatlashtirilgan tizimi (ERP)ni joriy qilinadi. Mazkur loyiha bo‘yicha xalqaro tender eʼlon qilingan bo‘lib, tender g‘olibi bilan shartnoma imzolanadi hamda Aksiyadorlik jamiyatining 14 ta ish jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha tegishli amaliyotlar boshlanadi.
Ilhom Safarov, Raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati