Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari" AJ masʼul xodimi Oftob Xolmuradova maʼlum qildi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi PQ-4249-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasining magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish, elektr energiyasini Respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish, shu bilan birga, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat turlari hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini magistral tarmoqlar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga uzatish, yaʼni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish hamda qurilish-montaj ishlari bilan shug‘ullanadi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2024-yilda belgilab olingan maqsadli ko‘rsatgichlar rejasi to‘liq bajarildi.
Shuningdek, isteʼmolchilar elektr taʼminoti barqarorligini oshirish maqsadida 2025-yil uchun belgilangan chora-tadbirlar rejaga asosan amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, 2025-yil yanvar oyining 24 kunida magistral elektr tarmoqlari orqali taqsimlovchi tarmoqlarga 5 mlrd 100 mln kilovatt•soat elektr energiyasi uzatilgan bo‘lib, yanvar oyi rejasi 75 foizga bajarildi. Joriy oy rejasi yanvar oyi yakuniga qadar to‘liq bajariladi.
2025-yilda umumiy qiymati 259,2 mln dollar bo‘lgan 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida 485 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari quriladi.
Shuningdek, 2102 megavolt quvvatga ega 500 va 220 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar ishga tushiriladi.
2025-yilda 1350 megavatt quvvatli 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasi elektr energetika umumtizimiga ulanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, 100 megavatt quvvatli 1 ta shamol elektr stansiyasi hamda 263 megavatt•soat energiya saqlovchi akkumulyator batareyasi tizimlari magistral elektr tarmoqlariga ulanadi.
Ayni kunlarda ushbu loyihalarni amaliyotga tatbiq etilishi boshlab yuborilgan va rejaga muvofiq ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar 316 ta transformator, 1719 dona elektr qurilma, 6029 kilometrdan ziyod uzunlikdagi 110–220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlarini taʼmirlash bajariladi.
2025-yil yanvar oyi davomida 25 ta transformator, 58 ta elektr qurilma, 248 kilometrdan ziyod uzunlikdagi havo tarmoqlari taʼmirlandi.
Shu bilan birga, elektr uzatish tarmoqlarining 3500 kilometr qismi muhandis-texnik xodimlar tomonidan nazorat ko‘rigidan o‘tkazildi. Elektr tarmoqlarining 195 kilometrdan ziyod qismi daraxt shoxlaridan tozalanib, 1100 kilometr qismi teplovizor ko‘rigidan o‘tkazildi. Bundan tashqari, 175 ta eski izolyatorlar yangisiga almashtirildi.
Podstansiya va liniyalar elektr qurilmalarining kontakt birikmalari teplovizor ko‘rigidan o‘tkazilib, chaqmoqqaytargich hamda kontur yerlagichlar holati tekshirildi.
Bundan tashqari, tog‘li va qir-adirli hududlarda joylashgan borish qiyin bo‘lgan tayanchlarga borish uchun barpo etilgan yo‘laklarni qordan tozalash, daryo o‘zanlarida va tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan tayanchlarni sel-toshqin taʼsiriga tushishini oldini olish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan, o‘z vakolati doirasida, elektr energiya taʼminoti ishonchliligini oshirish hamda magistral tarmoqlarda favqulodda holatlar sodir bo‘lganida zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.
Hurmatli isteʼmolchilar, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini magistral tarmoqlar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga uzatish barqaror amalga oshirilishi uchun barcha kuch va rerurslar safarbar etilgan.
Manba: https://telegra.ph/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati