Yangiliklar
Rasmiy munosabat: Baxtsiz hodisa sabablari o‘rganilmoqda
  • 23.01.2025
  • 28

2025-yil 21-yanvar kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Navoiy magistral elektr tarmoqlari» filialiga qarashli 220/10 kV kuchlanishli «Qiziltepa-1” podstansiyasida bir nafar taʼmirlovchi xodim (elektr chilangar) bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Sodir bo‘lgan o‘lim oqibatli baxtsiz hodisa to‘g‘risida shu kunning o‘zida tegishli organlarga xabar berilgan. Ayni paytda baxtsiz hodisa sabablari vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda.

Marhum hamkasbimizning oila aʼzolariga hamdarlik bildiramiz.

Rasmiy munosabat:

Ijtimoiy tarmoqlarda “NAVOIYDA ELEKTRIK ISH VAQTIDA TOK URISHI NATIJASIDA HALOK BO‘LDI” sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlarda “Baʼzi ishchilar va mahalliy aholi vakillarining aytishicha, korxonada xavfsizlik choralariga yetarlicha rioya qilinmaydi. Ular bunday baxtsiz hodisalarga korxonadagi korrupsiya va malakasiz kadrlarni ishga olish amaliyoti sabab bo‘layotganini taʼkidlashmoqda” deya iddao qilingan ma’lumotlar asossiz.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida xavfsizlik texnikasi talablari doimiy ravishda nazorat qilinib, ishchi-xodimlarning bu boradagi malaka ko‘nikmalari belgilangan tartibda, tasdiqlangan reja asosida sinov imtihonlaridan o‘tkazib borilad. O‘quv seminarlari, amaliy mashg‘ulotlar hamda “Xavfsizlik texnikasi oyi” tadbirlari muntazam ravishda amalga oshiriladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish jarayoni ochiq va shaffof bo‘lishini taʼminlash maqsadida har safar bo‘sh ish o‘rinlari haqida eʼlonlar rasmiy veb-saytimiz hamda uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etiladi. Jumladan, suhbat kuni, soati va manzili eʼlon qilinadi, ishga qabul qilish Komissiyasi tomonidan nomzodlar bilan suhbat video va foto tasvirga muhrlangan holda o‘tkaziladi. O‘tkazilgan suhbat haqida maʼlumotlar rasmiy veb-sayt hamda uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali taqdim etib boriladi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>