Energiya auditini o‘tkazish tartibi va uning qanday ahamiyatga ega ekanligidan xabardormisiz?
Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarining energiya auditi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Energiya auditi energiya auditi xizmatlarini ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan o‘tkaziladi.
Energiya auditining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
⏺ yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish salohiyatini baholash;
⏺ yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molining progressiv normalariga o‘tish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish;
⏺ energiyani tejashga doir chora-tadbirlarni va energetika pasportini ishlab chiqish.
Energiya auditi natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar maqsadli, hududiy va tarmoq dasturlariga hamda audit o‘tkazilayotgan yuridik shaxslarning energiyani tejash dasturlariga kiritiladi.
Davriy energiya auditi "O‘zenergoinspeksiya" bilan kelishilgan holda, har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan jadvallarga asosan besh yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Majburiy energiya auditi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalarini uch yildan kam bo‘lgan davr ichida o‘rnatgan va asosiy texnologik uskunalarni shu davr ichida modernizatsiya qilgan hamda Davlat energetika reyestriga kiritilgan subyektlarda ekspress energiya audit shaklida o‘tkaziladi.
Majburiy energiya auditini o‘tkazish "O‘zenergoinspeksiya"ning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan texnik topshiriqqa asosan amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy energiya auditi energiya auditini o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan o‘tkaziladi.
Ichki energiya auditi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq korxonalar va tashkilotlarning energetika menejmenti bo‘limlari (guruhlari) tomonidan o‘tkaziladi.
Ichki energiya auditini o‘tkazuvchi shaxslar:
⏺ ichki energiya auditini o‘tkazish va uning natijalarini ko‘rib chiqish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish;
⏺ ichki audit o‘tkazishda yuzaga kelgan masalalar yuzasidan energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslardan tushuntirishlar va boshqa qo‘shimcha axborot olish huquqiga ega.
Manba: https://t.me/Energoinspeksiya/6312
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati