AOKAda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Elektr tarmoqlaridan foydalanish bosh boshqarmasi muhandisi Mahfuza Suvonova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz va barqaror taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi:
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining 2024-yil 26-dekabrdagi 373-sonli buyrug‘iga asosan Yangi yil bayrami munosabati bilan eʼlon qilingan dam olish kunlarida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi magistral elektr tarmoqlari filiallari tomonidan uzunligi 12 500 kilometr bo‘lgan 110-220-500 kilovoltli elektr uzatish havo tarmoqlari hamda umumiy quvvati 30 000 megavolt-amper bo‘lgan 90 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalarda belgilangan grafik asosidagi navbatchilik soatlari muvaffaqqiyatli amalga oshirildi.
Dam olish kunlari magistral elektr tarmoqlarida favqulodda holatlar va avariyaviy o‘chishlar sodir bo‘lmadi. Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida tuzilgan, 629 nafar xodimdan iborat bo‘lgan 65 ta navbatchi guruhlar brigadasi tomonidan yuqori kuchlanishli podstansiyalar hamda elektr uzatish tarmoqlarida nosozliklar kuzatilmadi.
Ayni kunlarda ham mamlakatimiz isteʼmolchilarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 24 soatlik ish rejimidagi tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Navbatchi brigadalar ixtiyorida 139 ta maxsus avtotransport vositasi, zaruriy ehtiyot qismlar, shu bilan birga, aloqa hamda himoya vositalari mavjud.
Joriy haftada ham 110-220-500 kilovolt kuchlanishli elektr tarmoqlarini nazorat ko‘rigidan o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda. Ko‘rik davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Jumladan, mutaxassislar tomonidan doimiy ravishda sozligini tekshirilib, metall konstruksiyali tayanch ustunlarining ostini mustahkamlash ishlarini davom ettirilmoqda. Tarmoqlarning shikastlangan elementlari almashtirilmoqda.
Bundan tashqari, liniyalarning kontakt birikmalari teplovizor ko‘rigidan o‘tkazilib, chaqmoqqa qarshi trosslar hamda kontur yerlagichlar holati tekshirilmoqda.
Hurmatli isteʼmolchilar, eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini magistral liniyalar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga uzatish, yaʼni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Manba: https://telegra.ph/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati