Yangiliklar
2020-YIL SARHISOBI: «Sanoat korxonalari jadal rivojlanayotgan Qashqadaryo viloyatida elektr ta'minoti barqarorligini ta'minlash harakatidamiz» (№12)
  • 05.02.2021
  • 896

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan 2020-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi

 

 Filial haqida

«Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filialining asosiy vazifasi boshqa magistral elektr tarmoqlari kabi — elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan qabul qilib, hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga uzatish, shu bilan birga, qo‘shni davlatlarning elektr energetikasi tizimlari hamda magistral elektr tarmoqlari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda mavjud elektr qurilma va jihozlarini joriy hamda mavsumiy ta'mirlash, bundan tashqari, tarmoqda qurilish-montaj va modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarida ishtirok etishdan iborat.

 

Bajarilgan ishlar

Filialda o‘tgan 2020-yil davomida elektrtarmoq xo‘jaligi obyektlari, ya'ni 500 kV li «G‘uzor», 220 kVli «Qarshi», «Pachkamar», «ShGXK», «Muborak», «Muborak-2», «Koson», «Ko‘kdumaloq», «Talimarjon NS-7» va Turkmaniston Respublikasi hududida joylashgan NS-1, NS-2, NS-3, NS-4, NS-5, NS-6 podstansiyalari umumiy uzunligi 1698,524 kilometrni tashkil etgan 110–500 kVli elektr uzatish liniyalariga texnik xizmat ko‘rsatilgan holda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

  Jumladan: 2020-yil mobaynida filial tarmoqlari orqali 5546618,219 ming kVt•soat elektr energiyasi “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”AJga yetkazib berildi. Elektr energiyasini uzatish jarayonidagi texnologik sarf 173407,433 ming kVt•soatni yoki 1.49 % tashkil qildi.

  Sirasini aytganda, elektr qurilmalarni sifatli ekspluatatsiya qilish oldimizdagi muhim vazifalarimizdan biridir. 2020-yil mobaynida 110–500 kVli elektr uzatish liniyalarining 314,85 kilometr qismida mukammal ta'mir ishlari bajarildi, bu tasdiqlangan rejaga asosan 100 foizni tashkil etadi. Joriy ta'mir ishlari elektr uzatish liniyalarining 85,5 kilometr qismida bajarilib, belgilangan rejaga asosan 100 foiz ko‘rsatkichiga erishildi.

 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari hisobiga xarid qilingan zamonaviy LK-70/220 rusumidagi polimerli izolyatorlaridan 155 donasi filial tasaruffidagi 220 kV li elektr uzatish liniyalarida o‘rnatilishi hisobiga jismonan va ma'nan eskirgan PF va PS rusumidagi izolyatorlar almashtirildi, bu orqali liniyalarda elektr energiyasini o‘tkazishdagi mustahkamligi oshirildi. Shuningdek, 10 dona metall tayanchlar yemirilishga qarshi bo‘yoqlandi.

  Shu bilan bir qatorda, 220, 110 va 35 kVli o‘chirgichlarning 3 donasi mukammal ta'mirlandi. Bu tasdiqlangan rejaga asosan 100 foizni tashkil etadi. 148 dona o‘chirgichlarda joriy ta'mir ishlari bajarildi.

  Bundan tashkari, mavjud havo kompressorlarining 3 donasi mukammal va 3 donasi joriy ta'mirlandi. 35 dona transformatorlarda joriy ta'mirlash ishlari tasdiqlangan rejaga ko‘ra tashkil etilib, amaliyotlar to‘liq bajarildi.

 

Xo‘jalik faoliyati

  Bino va inshootlarning ta'mirlash ishlarini tashkillashtirish hamda estetik holatini yaxshilash maqsadida “Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari” ma'muriy boshqaruv binosining hisob-kitob bo‘limi, xavfsizlik va maxsus ishlari guruhi, transport va mexanizatsiya xizmati xonalarida ta'mirlash va jihozlash ishlari bajarildi.

  500 kVli «G‘uzor» podstansiyasining ma'muriy hamda yordamchi binolarning tashqi fasad qismlarida ta'mirlash ishlari olib borildi.

  Elekr tarmoqlari korxonalarida eksplutatsiya ishlari va boshqa turdagi qurilish-ta'mirlash ishlarni amalga oshirishda avtotransport vositalari hamda mexanizmlarning munosib o‘rni bor. Joriy yilda filial tasaruffidagi mavjud 45 dona maxsus avtotransport va mexanizmlarni ta'mirlash maqsadida 456,6 mln. so‘mlik ishlar bajarildi, transport vositalari 86 dona avtoshina va 24 dona akkumulyator bilan jihozlandi.

 Shuni alohida ta'kidlash joizki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari hisobidan 1,399757 mln. so‘mlik 1 dona yangi avtoko‘targich maxsus avtomashinasi va 150,347 mln. so‘mlik 1 dona yangi UAZ maxsus avtomashinasi xarid qilindi va avtopark tarkibi yangilandi.

 

Malaka oshirish

 Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida qayd etilgan ishlar, filialda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning samarali mehnatlari hisobiga amalga oshirilmoqda. Har tomonlama yetuk, bilimli mutaxassislarni tayyorlash, ularni muntazam ravishda malakalarini oshirib borish, filialning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Filialda yosh muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash borasida «ustoz-shogird» an'analari asosida ishlar tashkil etilgan. 2020-yil mobaynida xodimlarning bilim-saviyalarini aniqlash va ularning malakasini oshirish maqsadida 304 nafar xodimlar bilim sinovlaridan o‘tkazildi.

 
 

 Yong‘in xavfsizligi

  Avariya va yong‘in holatlarning oldini olish va tezkor bartaraf etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlar tasdiqlangan rejalar asosida har bir podstansiya kesimida 42 marta o‘tkazilganidan ham hikmat borki, mas'uliyatli vazifalarni bajaruvchi xodimlarning bilim-tajribasi tez-tez turli mashg‘ulotlarda sinab-takrorlanib turilishi lozim.

  Bundan tashqari, ob'ektlarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘in holatlarini oldini olish bo‘yicha xodimlarning tayyorgarliklarini yanada mustahkamlash maqsadida Favqulotda vaziyatlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlarni jalb etgan holda yong‘inga qarshi 3 marta amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdik.

 
 

  Modernizatsiya dasturi

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentabr sanasidagi 3284-sonli «Jahon banki ishtirokida magistral tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish investitsion loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ ning 22 ta podstansiyalarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari doirasida, «Qashqadaryo MET» filiali tarkibidagi energotizimni tashkil qiluvchi 220 kV li «Qarshi», «Muborak», «Muborak-2», «Ko‘kdumaloq», «Koson» va 500 kV li «G‘uzor» podstansiyalarida ma'nan va jismonan eskirgan elektr qurilmalarni zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borildi.

  Jumladan, «Qarshi» podstansiyada quvvati 125 MVA bo‘lgan avtotransformatorni yangi va energosamarador ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, o‘tkazgich quvvati 200 MVA bo‘lgan avtotransformatorga almashtirish ishlari bajarildi. Avtotransformator uchun 220 kV, 110 kVli zamonaviy elegazli o‘chirgichlar, ajratgichlar hamda tok transformatorlari bilan jihozlandi. O‘z o‘rnida yangi avtotransformator mikroprotsessorli rele himoyasi shkaflari bilan ta'minlandi.

  «G‘uzor» podstansiyada quvvati 125 MVA bo‘lgan T3, T4 kuch transformatorlarni yangi va energosamarador ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, o‘tkazgich quvvati 200 MVA bo‘lgan avtotransformatorga almashtirish ishlari bajarildi. Podstansiyada modernizatsiya yo‘nalishida yangi xarid qilingan avtotransformator uchun 500 kV, 220 kV, 110 kVli zamonaviy elegazli o‘chirgichlar, ajratgichlar hamda tok transformatorlari bilan jihozlandi, yangi avtotransformator mikroprotsessorli rele himoyasi shkaflari bilan ta'minlandi.

 «Muborak» podstansiyasida quvvati 40 MVA bo‘lgan 2 ta avtotransformatorni yangi va energosamarador ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, o‘tkazgich quvvati 63 MVA bo‘lgan avtotransformatorga almashtirish ishlari bajarildi. Shundan, 1 dona avtotransformator qo‘shimcha ravishda o‘rnatildi. Avtotransformator uchun 220 kVli zamonaviy elegazli o‘chirgichlar, ajratgichlar hamda tok transformatorlari bilan jihozlandi. Shuningdek, yangi avtotransformator mikroprotsessorli rele himoyasi shkaflari bilan ta'minlandi.

 

Hukumat topshiriqlari ijrosi

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-may kuni Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish bayonnomasi 57-sonli “Shahrisabz shahrini uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlash” bayonining 37-bandini bajarish bo‘yicha hozirgi kunda Shahrisabz shahrida yangi 220kV kuchlanishli «Amir Temur» podstansiyasi va 220 kV uzunligi 57 km bo‘lgan Azamat elektr uzatish tarmog‘i qurilish ishlari bajarilmoqda.

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-iyundagi 23-son Bayoni ijrosi bo‘yicha umumiy quvvati 250 MVA bo‘lgan 220/35/10kV kuchlanishli «GTL» podstansiyasi qabul qilinmoqda.

  «Qashqadaryo MET» filiali tomonidan “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MChJning 220kV kuchlanishli «Pachkamar» podstansiyasidagi Jarquduq–1, Jarquduq–2 va 220kV kuchlanishli «Ko‘kdumaloq» podstansiyasidagi Xauzak–1, Xauzak–2 yacheykalari elektr qurilmalariga tezkor va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarib kelmoqda. 2021 yilda “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MChJ bilan 240,5 mln. so‘mlik UZ-20-8009-0742-sonli shartnoma imzolandi.

  «Qashqadaryo MET» filiali tomonidan 2020-yilda ishlatilmayotgan binolarni ijaraga berish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlari hisobidan Jamiyat hisob-raqamiga 326,1 mln. so‘m pul mablag‘lari tushirildi.

 

  Ma'naviy-ma'rifiy ishlar

  2020-yil davomida filialda madaniy-ma'rifiy ishlari bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Filialda tarkibida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning mehnati o‘zgacha qadrli. Ularga bo‘lgan hurmat va e'tibor ko‘rinishi sifatida har yili bayram tadbirlari o‘tkazilib kelinadi. 2020-yilda ham «8 mart — Xotin-kizlar kuni» bayrami munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21-oktyabr sanasini «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e'lon qilinishi to‘g‘risidagi qarori asosida filialda 2020-yilning 21-oktabr kuni «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» shiori ostida filial yosh mutaxassislari o‘rtasida bayram tadbiri tashkil etildi. Bayram tadbirida o‘tgan davrlarda tilimizni rivojlantirish yo‘lidagi olib borilgan izlanishlar, qabul qilingan qarorlar, ona tilimiz rivojiga hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz haqida davra suhbati o‘tkazildi.

 

  E'tirof va mas'uliyat

  Bundan tashkari, filialda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishga hamda korrupsiyaga qarshi kurashni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan davra suhbatlari, shu bilan birga, «8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni» bayrami munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazildi.

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 2020-yil 1-dekabr sanasidagi 377-sonli buyrug‘i asosida «Yilning eng yaxshi...» nominatsiyalarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda «Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filialining tarkibiy bo‘linma va xodimlari alohida e'tirof etildi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 2020-yil 28-dekabrdagi 412-sonli buyrug‘i asosida 5 ta nominatsiyaning 2 tasi bo‘yicha, ya'ni «Yilning eng yaxshi podstansiyasi», «Eng yaxshi podstansiya xizmati (guruhi)», nominatsiyalari bo‘yicha filial xodimlari taqdirlandilar.

2020-yil davomida erishilgan ijobiy natijalar samoqli bo‘lgani qatorida, kamchiliklar ham yo‘l qo‘yilgan. Xususan, 4 marotaba podstansiya elektr qurilmalarida favqulotda o‘chish qayd etildi. Favqulotda o‘chishga sabab bo‘lgan ta'sir omillar tezkor aniqlanib, barcha nosozliklar bartaraf etildi.
 

2021-yil rejalari

«Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali jamoasi 2021-yilda ham belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida «2021-yilda bajariladigan ishlar rejasi»ni ishlab chiqdi.

  Filial xodimlarining harakatlari zamirida jamoada sog‘lom va betalofat ish muhitini yaratish, elektr energetika tarmog‘ining ilg‘or jamoasi sifatida shakllanish hamda Prezidentimizning 2017-yil 16-sentabr sanasida tasdiqlagan PQ-3284-sonli «Jahon banki ishtirokida magistral tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish invest loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini o‘z vaqtida ta'minlashga erishish kabi ustivor vazifalarga qaratilgan.

 Sherzod Xolyorov, «O‘zbekiston MET» AJ «Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori

 

 2019-YIL SARHISOBI: «MA'NAN VA JISMONAN ESKIRGAN ELEKTR USKUNALARI YUQORI QUVVATLI YANGI USKUNALARGA ALMASHTIRILMOQDA» http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/240

KUCHLI SHAMOL OQIBATIDA ELEKTR TA'MINOTIDA KUZATILGAN NOSOZLIKLAR BARTARAF ETILMOQDA http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/325

«QASHQADARYO MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI: HAVO TARMOQLARINING MUKAMMAL TA'MIRLASH ISHLARI OLIB BORILMOQDA http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/378

RASMIY MUNOSABAT: ELEKTR JIHOZLARINI TEXNIK-MUHANDISLIK TALABLARIGA MOS RAVISHDA EKSPLUATATSIYA QILISH MUHIM http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/464

«QASHQADARYO MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI TOMONIDAN 6 NAFAR KISHIGA MODDIY YORDAM KO‘RSATILDI http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/499

«QASHQADARYO MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALIDA O‘QUV SEMINARI O‘TKAZILDI http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/550

«ENG YAXSHI...» — MUNOSIBLIK E'TIROFI http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/649

UZBEKISTONMET.UZ VEB-SAYTI: MUROJAAT QILGAN EDINGIZ... http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/670

MAHALLIY OAV — ELEKTRON NASHRLARIDA E'LON QILINGAN AYRIM XABARLARGA JAVOBAN “O‘ZBEKISTON MET” AJ AXBOROT XIZMATI MILLIY DISPETCHERLIK MARKAZI MA'LUMOTLARIGA TAYANIB XABAR BERADI: http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/704

«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI ASOSAN ISHLAB CHIQARILGAN ELEKTR ENERGIYASINI YUQORI KUCHLANISHLI ELEKTR TARMOQLARI ORQALI UZATISH (TRANSPORTIROVKA) BILAN SHUG‘ULLANADI http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/705

2020-YIL SARHISOBI: «MUNOSIB MEHNAT SHAROITLARINI YARATISH ORQALI BARQAROR RIVOJLANISH SARI» http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/718

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati

>