2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Muhtaram Prezident! Sizni tavallud kuningiz bilan mamlakatimiz ko‘p ming sonli energetiklari nomidan samimiy muborakbod etamiz!
  • 24.07.2026
  • 23

Muhtaram Prezident!
 
Sizni tavallud kuningiz bilan mamlakatimiz ko‘p ming sonli energetiklari nomidan samimiy muborakbod etamiz!
 
Bugungi kunda Sizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan oqilona va uzoqni ko‘zlagan davlat siyosatingiz jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.
 
Yurtimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirishga qaratilgan oqilona siyosatingiz energetika sohasida ham mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Buning natijasida mintaqaviy energetika hamkorligi sezilarli darajada kengayib, yirik qo‘shma infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, mamlakatimizning energetika xavfsizligi va eksport salohiyati izchil mustahkamlanmoqda.
 
Siz tomoningizdan olib borilayotgan izchil islohotlar hamda energetika sohasiga ko‘rsatilayotgan alohida e’tiboringiz tufayli so‘nggi yillarda tarmoqda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi.
 
Xususan, so‘nggi uch yilda 25 mlrd dollarlik investitsiyalar jalb qilinib, 10 GVt yangi generatsiya, jumladan, qariyb 6 GVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushirildi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish sur’atlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda mutlaq yetakchi davlat sifatida o‘z mavqeini mustahkamladi.
 
Xususan, faqatgina 2025-yilning o‘zida qiymati 5,5 mlrd dollar bo‘lgan, umumiy quvvati 4,7 GVtni tashkil etuvchi 42 ta yirik energetika loyihasi foydalanishga topshirildi. Natijada mamlakatning elektr energiyasi generatsiya quvvatlari tarixda ilk bor 26 GVtga yetkazildi hamda O‘zbekiston elektr energiyasi bo‘yicha netto importyor davlatdan netto eksportyor davlatga aylandi.
 
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va tarkibiy islohotlarning izchil amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston xalqaro investorlar uchun ishonchli investitsiya makoniga aylandi. Bu esa mamlakatimizga zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda Saudiya Arabistoni (“ACWA Power”), Xitoy (“China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”), BAA (“Masdar”, “AMEA Power”), Turkiya (“Cengiz Enerji”, “Aksa Enerji”), Fransiya (“EDF”, “Voltalia”, “Total Energies”), Yaponiya (“Sojitz”, “Sumitomo”), Germaniya (“Siemens Energy”) kabi dunyoning yetakchi davlatlaridan yirik energetika kompaniyalari tomonidan milliardlab dollarlik investitsiyalarni jalb etish va yirik strategik loyihalarni amalga oshirish imkonini yaratdi.
 
Mazkur natijalar mamlakatimiz energetika tizimining barqarorligi va raqobatbardoshligini yangi bosqichga olib chiqib, ichki talabni ishonchli ta’minlash hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqaviy energetika bozoridagi strategik o‘rni va ta’sirini yanada mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratdi.
 
Hurmatli Prezidentimiz!
 
Yoqilg‘i-energetika sohasidagi 105 ming nafardan ortiq ishchi va xizmatchilar nomidan shuni ishonch bilan ma’lum qilamizki, Siz tomoningizdan mamlakatimizni yuksaltirish bo‘yicha belgilab berilgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar strategiyasini amalga oshirishda, jumladan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirishga bor salohiyatimiz, kuch-g‘ayratimiz va imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etishga tayyormiz.
 
Fursatdan foydalanib, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi beqiyos mehnatingizni yuksak qadrlagan holda, Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oila a’zolaringizga sihat-salomatlik, xonadoningizga fayz-u baraka va doimiy xotirjamlik tilaymiz.
 
Cheksiz hurmat va yuksak ehtirom bilan,
 
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ko‘p ming sonli jamoasi

Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami

Yurtimizda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirishga qaratilgan oqilona siyosatingiz energetika sohasida ham mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Buning natijasida mintaqaviy energetika hamkorligi sezilarli darajada kengayib, yirik qo‘shma infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, mamlakatimizning energetika xavfsizligi va eksport salohiyati izchil mustahkamlanmoqda.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/20571

https://t.me/minenergy_uz/20572 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmat