
#rasmiy_xabar
Elektr ta’minotida yirik uzilishlarning oldini olish uchun ko‘rilayotgan vaqtinchalik choralar tizim barqarorligini saqlashga xizmat qiladi
So‘nggi kunlarda yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq havo elektr energiyasi iste’molining keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada elektr tarmoqlari va uskunalari o‘ta yuqori yuklama ostida ishlamoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, iyul oyining o‘rtalarida kuzatilayotgan anomal issiq fonida elektr energiyasi iste’moli ham, ishlab chiqarish hajmi ham tarixiy rekord darajaga yetdi.
Xususan, O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 16-iyul kuni 291 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord qayd etildi. Bu o‘tgan yilgi yozgi mavsumda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 18,4 million kVt·soatga yoki 6,7 foizga ko‘p.
Shuningdek, 2026-yil 16-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu 15-iyulda qayd etilgan 291,4 mln kVt·soatlik ko‘rsatkichdan 4 mln kVt·soatga yoki 1,37 foizga ko‘pdir.
Anomal issiq tufayli ochiq havoda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari me’yoriy ish haroratidan ancha yuqori darajada qiziydi. Bunga qo‘shimcha ravishda, ayniqsa kunduzgi vaqtlarda elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi tarmoqlardagi yuklamani yanada kuchaytiradi.
Oddiy qilib aytganda, quyosh ta’sirida tashqaridan qizigan kabel va uskunalar bir vaqtning o‘zida minglab konditsionerlar, muzlatkichlar, sovitish uskunalari hamda boshqa elektr jihozlari ishlashi sabab ichkaridan ham qiziydi. Bu esa ularning ishdan chiqishi yoki avariyaga sabab bo‘lishi xavfini oshiradi.
Shunday vaziyatlarda energotizimda yirik nosozliklarning oldini olish maqsadida dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish choralarini ko‘radi.
Jumladan, ayrim elektr uzatish tarmoqlarida yuklama kritik darajaga yaqinlashganda, uskunalarni himoya qilish maqsadida ayrim hududlar qisqa muddatga elektr ta’minotidan uzib turilishi mumkin. Bu elektr qurilmalarining ishdan chiqishi, yonib ketishi hamda ta’mirlash ishlari kunlab davom etadigan yirik avariyalarning oldini olish uchun zarur choradir.
Elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish maqsadida hududlarda tunu kun faoliyat yuritayotgan maxsus avariya brigadalari tashkil etilgan. Ular yuzaga kelayotgan nosozliklarni imkon qadar qisqa muddatda bartaraf etmoqda.
Shuningdek, energotizimda keng ko‘lamli avariyalarning oldini olish maqsadida ayrim hududlarda qisqa muddatli majburiy cheklovlar joriy etilishi bugungi sharoitda muhim va zarur choradir. Ushbu vaqtinchalik noqulayliklar kelgusida yanada yirik uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ayrim hududlardagi elektr uzatish tarmoqlarida o‘ta yuklama yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qisqa muddatli majburiy cheklov (2 soat) joriy etildi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlaridagi 1750 ta iste’molchi, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zomin tumanlaridagi 1200 ta iste’molchi, Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlaridagi 1 300 ta iste’molchi, Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi 1000 ta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzildi.
Hurmatli iste’molchilar! Elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishingizni so‘raymiz. Har birimiz qat’iy tejamkorlikka amal qilib, zarurat bo‘lmagan hollarda elektr jihozlaridan foydalanishni cheklash orqali tizimdagi ortiqcha yuklamaning, avariyalar va uzilishlarning oldini olishga munosib hissa qo‘shishimiz mumkin.
Anomal issiq sharoitida ayrim tarmoqlarda yuzaga kelayotgan nosozliklar hududlarda faoliyat yuritayotgan maxsus brigadalar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilmoqda.
Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/20500
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati