2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi: yozgi iste’mol hajmi qishdagi maksimum iste’mol hajmini ortda qoldirdi
  • 15.07.2026
  • 5

#elektr_energiyasi
 
O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi: yozgi iste’mol hajmi qishdagi maksimum iste’mol hajmini ortda qoldirdi
 
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste’moli 284 million kVt·soatga yetib, yangi rekord qayd etildi. Ushbu ko‘rsatgich kechagi yozgi rekorddan (278,6 mln kVt·soat) va qishki maksimumdan (283 mln kVt·soat) ham oshdi.
 
Ya’ni, 2026-yil 13-iyul kuni yoz mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 5,4 million kVt·soatga yoki 1,94 foizga ko‘pni tashkil qilgan bo‘lsa, 2026-yil 24-yanvar kuni qish mavsumida qayd etilgan tarixiy maksimal darajadan esa 1 million kVt·soatga ko‘pni tashkil etdi.
 
Ma’lumot uchun: 2026-yil 14-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 287,3 million kVt·soatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ham qishki maksimum ishlab chiqarish hajmidan (277,6 mln kVt·soat) 9,7 million kVt·soatga yoki 3,49 foizga ko‘pni tashkil qilgan.
 
Yuqori iste’mol davrida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalarining avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, elektr tarmoqlaridagi nosozlik va avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etishmoqda.
 
Xususan, kecha ayrim hududlarda, jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Sergeli va Olmazor tumanlaridagi ayrim elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklar energetiklar tomonidan tezkor bartaraf etildi. Shuningdek, soat 15:18 da Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Koson, Ko‘kdala, Qamashi, G‘uzor, Kitob va Chiroqchi tumanlarida kuchli shamol ta’sirida o‘chgan ayrim tarmoqlar soat 17:30 dan boshlab bosqichma-bosqich qayta  tiklandi.
 
Bundan tashqari, belgilangan dasturlar asosida mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hududlar bo‘ylab energetika obyektlarida modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Bunda elektr stansiyalar, podstansiyalar, transformator punktlari, elektr uzatish tarmoqlari hamda qurilmalarini yangilash, ularning quvvatlarini oshirish kabi qator rejali ishlar bajarilmoqda. Bu esa, iste’molchilarni mavsumda elektr energiyasi bilan ta’minlash ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
 
Yuqori iste’mol vaqtlarida ayrim hududlarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklar sababli elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkin.
 
Shu munosabat bilan iste’molchilardan elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz. Ayniqsa, konditsionerni 24–26°C haroratda ishlatishni, uning filtrlarini muntazam tozalab turishni eslatib o‘tamiz. Bu esa qurilmaning samarali ishlashini ta’minlaydi, elektr energiyasi sarfini kamaytiradi, tarmoqlarning ortiqcha qizib ketishining oldini oladi va inson salomatligi uchun ham maqbul sharoit yaratadi.
 
Energetiklar elektr ta’minotini barqaror saqlash uchun uzluksiz mehnat qilishda davom etadi. Sizdan esa faqat bir iltimos — o‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qiling, issiq kunlarda salomatlikka e’tiborli bo‘ling hamda elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalaning. Bu bilan birgalikda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shamiz.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/20480

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati