2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Tezkor xodimlarni tayyorlash o‘quv markazi ochildi
  • 17.10.2025
  • 13

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasida Tezkor xodimlarni tayyorlash o‘quv markazi hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali binosining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori, Sadriddin Turobjonov, energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov va boshqalar  energetika sohasida mehnat qilayotgan mutaxassislar malakasini oshirish va ularning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishda ushbu o‘quv dargohi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida mutaxassis kadrlar malakasini muntazam oshirib borish hamda ularni zamonaviy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish, ishlab chiqarish hamda ta’lim tizimini uyg‘unlashtirish maqsadida 2022 yilda Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi.  Shunga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishlari yuzasidan o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha jamiyat mutaxassislari hamda universitet professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari filiali direktori Anvar Расуловнинг so‘zlariga ko‘ra, bugun 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasi hududida zamonaviy o‘quv mashg‘ulotlari, rele himoyasi va boshqa xizmatlar uchun laboratoriya binosi qurilib, foydalanishga topshirilishi soha ravnaqida muhim o‘rin tutadi.

–Bugun energetika tizimi barqarorligini ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu sababli, tizimda modernizatsiya ishlari va yangi loyihalarni jadal tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, filialimizdagi uchta podstansiyada 30,9 million dollar mablag‘ hisobidan modernizatsiya ishlari boshlangan. Ularda zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda. Yangi uskunalarni samarali boshqarish uchun xodimlar zarur ko‘nikma va bilimga ega bo‘lishi lozim. Shu bois, ularni o‘qitish, bilim va amaliy salohiyatini oshirish hamda nazariya bilan amaliyotni uyg‘un olib borish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bugun foydalanishga topshirilgan o‘quv binosi aynan shu maqsadga xizmat qiladi, – dedi A.Rasulev.

Shuningdek, mazkur binoda Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali tashkil etildi. 

–Yangi bino qurilgunga qadar, ya’ni 2024-2025 o‘quv yilida ta’lim jarayonining ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash maqsadida “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali tarkibida 220 kV kuchlanishli “Keles” podstansiyasida Toshkent davlat texnika universitetining “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali tashkil etilgan edi. Unda jami 160 nafar talaba dual ta’lim tizimi asosida tasdiqlangan o‘quv grafigi bo‘yicha tahsil oldi. Yangi binoda mazkur kafedra faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi talabalarga yana bir qulaylikdir, – dedi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov.

Tadbir doirasida o‘quv amaliyot poligoni va unda jamlangan elektr uskuna hamda jihozlar namoyish qilindi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Tezkor xodimlar O‘quv markaz   Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati