Eʼtiboringizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida prokuratura va ichki ishlar tizimi xodimlari uchun tashkil etilgan o‘quv seminar dasturi orqali tinglovchilar diqqat-eʼtiboriga taqdim etilgan ayrim masalalarga oid maʼlumotlarni taqdim etamiz.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining faoliyati haqida
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyatiga elektr energiyasining transportirovkasi (elektr uzatish) va davlatlararo tranzitni amalga oshirish vazifalari kiradi.
Aksiyadorlik jamiyatning texnologik salohiyati
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tarkibiy tuzilmasida 17 ta filial mavjud bo‘lib, ulardan 14 tasi magistral elektr tarmoq filiallari; shuningdek, “Energomaxsusavto”; “Energo-IT” va “Magistraltarmoqqurilish” filiallari bor. Bundan tashqari, bitta masʼuliyati cheklangan jamiyatning ustav kapitalida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni 100 foiz ulushi mavjud.
Aksiyadorlik jamiyatining yagona aksiyadori — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan jami 110–500 kV kuchlanishli, umumiy uzunligi 12 576 km magistral elektr tarmoqlari va umumiy (to‘la) quvvati
31 067 MVA bo‘lgan 91 ta podstansiyaga jami 4266 nafar ishchi-xodimlar tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Aksiyadorlik jamiyati generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini hududiy taqsimlovchi elektr tarmoqlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli podstansiya va elektr tarmoqlarida qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya, taʼmirlash-sozlash ishlarini olib boradi.
Yuqori kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2019-2024-yillarda umumiy qiymati 981,03 mln dollarlik 42 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida umumiy uzunligi 2038 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari (500 kV kuchlanishli 528,0 km, 220 kV kuchlanishli 1329 km, 110 kV kuchlanishli 181 km) qurib foydalanishga topshirildi hamda podstansiyalarning quvvati 8967 MVA ga oshirildi.
Joriy yilning yoz mavsumida respublikaning elektr energiya isteʼmoli soatiga 13 GVt (Toshkent shahrida 1700 MVt) kuniga 280-290 mln kVt•soat bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, qish mavsumida isteʼmol hajmi soatiga 14 GVt, kuniga esa 310-320 mln kVt•soatgacha ko‘tarilishi kutiladi.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasini magistral tarmoqlar orqali yetkazib berish uchun quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2025-yilda 7 ta transformator, 768 km elektr uzatish tarmoqlari, 39 ta o‘chirgich mukammal hamda 309 ta transformator, 5 262 km elektr uzatish tarmoqlari, 1680 ta o‘chirgich joriy taʼmirlanadi. 65 ta avariya brigadalari tashkil etilgan bo‘lib, 147 ta maxsus texnikalar ishga shay holatga keltirilgan va 12 ta katta quvvatli avtotransformatorlar zaxirasi yaratiladi.
Investitsiya dasturiga oid maʼlumotlar
Joriy yilda xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokida umumiy qiymati 1 650,5 mln dollar bo‘lgan 8 ta (shundan, 7 tasi davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobidan va 1 tasi boshqa xorijiy investitsiyalar hisobidan) investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
2025-yil investitsiya dasturi doirasida 461,3 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish rejalashtirilgan (2024 yil amalda o‘zlashtirishga nisbatan 125 foiz).
Jumladan:
- davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘lari hisobidan – 251,3 mln dollar.
- boshqa xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobidan – 210,0 mln dollar.
- 2025-yil yanvar-mart oylarida 85,3 mln dollar (rejaga nisbatan 102,7 foiz) o‘zlashtirish kutilmoqda. Bunda, 11,7 mln dollar davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘lari (rejaga nisbatan 107,5 foiz) hamda 73,6 mln dollar boshqa xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobidan (rejaga nisbatan 102,0 foiz).
- 2025-yilda xorijiy investitsiyalar hisobidan umumiy qiymati 200,2 mln dollar bo‘lgan 2 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan va natijada jami 422 km uzunlikdagi, shundan, 213 km 220 kV kuchlanishli va 209,0 km 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i hamda 1 602 MVA quvvatga ega 1 ta 500 kV kuchlanishli podstansiya ishga tushiriladi.
Jumladan:
- “Sarimoy” (Xorazm viloyati) – “Jonkeldi” (Buxoro viloyati) podstansiyalarini bog‘lovchi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish” loyihasi doirasida 137 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i quriladi.
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa”podstansiyasiva 220, 500 kVkuchlanishli havoelektruzatishtarmoqlarini qurish” loyihasidoirasida213kmuzunlikdagi 220 kV kuchlanishli va 72 kmuzunlikdagi 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i hamda1602 MVAquvvatgaegi 500 kV kuchlanishlipodstansiya quriladi.
Soha mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan ishlar
2025-yil davomida soha mablag‘lari hisobidan 8 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, 2025-yil yakuniga qadar 4 ta loyihani yakunlab, 48 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i va 1 ta quvvati 500 MVA bo‘lgan podstansiya ishga tushiriladi va modernizatsiya dasturi doirasida 5 ta podstansiyada jami 617 MVA qo‘shimcha quvvat yaratiladi hamda 49,4 mln dollar mablag‘ o‘zlashtiriladi.
- Texnoparkni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i va podstansiyani qurish” loyihasi doirasida 16 km uzunlikdagi 220 kV kuchlanishli havo tarmog‘i va 500 MVA quvvatga ega 220 kV kuchlanishli podstansiya;
- “220 kV kuchlanishli (L-17-A, L-17-D, L-17-Besopan va L-17-X-4) elektr uzatish havo tarmog‘idan Navoiy issiqlik elektr stansiyalari 650 MVt quvvatli 3-bug‘-gaz qurilmasi doirasida yangi 220 kVga “kirish-chiqish” elektr uzatish havo tarmoqlarini qurish” loyihasi doirasida 7,9 km 220 kV kuchlanishli havo tarmog‘i quriladi.
- “220 kV kuchlanishli Toshkent IES – “Keles” PS elektr uzatish havo tarmog‘ini qurish” loyihasi doirasida 24 km uzunlikdagi 220 kV kuchlanishli havo tarmog‘i;
- “Magistral elektr tarmoq podstansiyalari ishonchliligini oshirish (podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (faza-1) doirasidagi ishlarni yakunlash)” loyihasi doirasida 22 ta podstansiya modernizatsiya qilinadi.
Modernizatsiya dasturi doirasida 5 ta podstansiyada jami 617 MVA qo‘shimcha quvvat yaratiladi. (“Lochin” podstansiyasida – 300 MVA, “Yulduz” podstansiyasida – 100 MVA, “Qo‘yliq” podstansiyasida – 17 MVA, Samarqand” podstansiyasida – 100 MVA, “Yuksak” podstansiyasida – 100 MVA).
2025-yil yanvar-mart oylarida o‘z mablag‘lari hisobidan 9,9 mln dollar (reja 4,5 mln dollarga nisbatan 220,0 foiz) o‘zlashtirildi.
2026-2030-yillarda amalga oshiriladigan loyihalar
2026-2030-yillarda quvvati 30 234 MVA bo‘lgan 49 dona podstansiya va 6880,5 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari qurilishi rejalashtirilgan, bundan tashqari 53 dona jami quvvati 25 084 MVt bo‘lgan jumladan, 20 ta quvvati 7 100 MVt quyosh, 1 ta quvvati 300 MVt atom, 21 ta 11 300 MVt shamol va 11 ta 6 384 MVt issiqlik hamda 16 ta 4 200 MVt energiya akkumulyator stansiyalari qurilishi rejalashtirilgan.
2030-2035-yillarda amalga oshiriladigan loyihalar
2030-2035-yillarda quvvati 6 500 MVA bo‘lgan 9 dona podstansiya va 1800 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari qurilishi rejalashtirilgan.
Tizimdagi muammoli masalalar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar
Birinchi muammoli masala — “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi jami 22 ta podstansiya (26 %) va 3204 km (27 %) uzunlikdagi elektr uzatish havo tarmoqlari 50 yildan ortiq davr davomida ekspluatatsiya qilinib kelinmoqda.
Yechim va taklif: 40 yil va undan ortiq davr mobaynida ekspluatatsiya qilinayotgan jismonan va maʼnan eskirgan elektr qurilmalarini modernizatsiya qilib, bosqima-bosqich zamonaviysiga almashtirish orqali elektr taʼminotini ishonchlilik darajasini oshirishga erishiladi. Hozirda 22 ta podstansiyada modernizatsiya loyihalari asosida elektr qurilmalari yangilandi va loyihaning 2-bosqichi doirasida rejaga asosan yana 22 ta podstansiyada modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi.
Ikkinchi muammoli masala — Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarish quvvati 2700 MVt yoki umumiy ishlab chiqarish quvvatini 20 foizdan ortig‘ini tashkil etmoqda, O‘zgaruvchan energiyani yagona energetika tizimiga integratsiya qilish jarayonida dispetcherlik boshqaruvida muammolar yuzaga kelmoqda.
Yechim va taklif:
- O‘rtacha 5 000 MVt quvvatdan yuqori manyovrli stansiyalarni barpo etish;
- Elektr energiyasini saqlash tizimlarini ko‘paytirish;
- Gidro to‘plash elektr stansiyalari (GAES) va quvvat rostlovchi GESlar qurish;
- Dispetcherlik boshqaruvi tizimini raqamlashtirish;
- Tarmoqlarda Avtomatika tizimini takomillashtirish;
- Prognozlash markazlarini tashkil etish;
- Rivojlangan davlatlarda sunʼiy inersiyani hosil qilish uchun ishlab chiqilgan yangi innovatsion texnologiyalarni energetika tizimiga tatbiq qilish (Grid Forming, Super Kondensatorlar).
Uchinchi muammoli masala — Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining muhofaza hududlarida noqonuniy qurilgan obyektlarni bartaraf etish.
To‘rtinchi muammoli masala — Elektr uzatish tarmoqlari uchun yer ajratish yuzasidan yer toifasini o‘zgartirilishi bilan bog‘liq masalalar.
35-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni qabul qilish jarayoni
Vazirlar Mahkamasining “tegishli qaroriga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 35-110 kV kuchlanishli 29 124 km elektr uzatish tarmoqlari va 1842 ta podstansiyani “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga qabul qilib olish bo‘yicha xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 28591,3 km elektr uzatish tarmoqlari va 1753 ta podstansiya xatlovdan o‘tkazildi. Ular yashil, sariq va qizil toifalarga ajratildi.
Energiya samaradorligiga texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish orqali erishish
Elektr energiyasi bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga uzatilar ekan, bunda tabiiy ravishda fizik qonunlarga ko‘ra texnologik yo‘qotishlar sodir bo‘ladi. Texnologik yo‘qotishlarni butunlay yo‘q qilishni imkoniyati mavjud emas. Albatta, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, yaʼni iqtisodiy jihatdan optimal darajaga tushirish mumkin.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir qator ishlarni amalga oshirish natijasida 2021-2024-yillar davomida magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini qabul qilish hajmi 16,2 mlrd kVt•soatga oshgan bo‘lsa-da, texnologik yo‘qotishni ulushi esa yillar davomida kamayib borishiga erishilgan.
Aksiyadorlik jamiyatida kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirilayotgan ishlar
Aksiyadorlik jamiyatining 2351 nafar rahbar va xodimlari malakasi oshirildi. Jumladan: Davlat boshqaruvi akademiyasida 5 nafar, markazlashgan o‘quv kurslarida 133 nafar, Xodimlarni tayyorlash markazida maxsus o‘quv kurslarida 273 nafar tezkor xodimlar va 78 nafar podstansiya boshliqlari, Rossiya, Yevropa va boshqa chet el mamlakatlarida 131 nafar rahbar-xodimlar malakasini oshirdi va 67 nafari tajriba almashib qaytdi. Bundan tashqari, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, Aksiyadorlik jamiyati filiallarida 1664 nafar xodimlar uchun filiallarda ustoz-shogird anʼanalariga muvofiq malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etilgan.
Komplayens nazorati bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursida Aksiyadorlik jamiyatining jami 23 nafar rahbar va mutaxassislar malaka oshirdi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining kapital qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan 44 nafar rahbar va mutahassislarini “Qurilish nazorati” mavzusi (Texnadzor) bo‘yicha o‘quv kursi tashkillashtirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi PF-166-son Farmoniga asosan jamiyatning 3 nafar xodimlarini boshqa yo‘nalishlarda malakasini oshirish maqsadida rotatsiya qilindi hamda Aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan 65 nafar xodimlarni Respublika oliy taʼlim muassasalarida maxsus sirtqi taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olishini taʼminlanmoqda.
Shu bilan birgalikda, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oliy taʼlim muassasalari Toshkent davlat texnika universiteti hamda Farg‘ona politexnika instituti bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda; Hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolangan; Energetika fakulteti faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”lar ishlab chiqilgan; Taʼlim yo‘nalishlari yuzasidan o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha “O‘zbekiston MET” AJ mutaxassislari hamda taʼlim muassasalarini professor-o‘qituvchilaridan iborat Ishchi guruh tuzilgan; Taʼlim jarayonining ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash maqsadida “Toshkent shahar MET” filiali “Xodimlarni tayyorlash markazi”da universitetning alohida xonasi (kafedrasi) tashkil qilingan; “Toshkent shahar MET” filiali hamda universitet o‘rtasida kelishuvga asosan dual tizimida 8 nafar talaba universitetda o‘qishdan tashqari “Toshkent shahar MET” filialida ish faoliyatini davom ettirmoqda; professor va o‘qituvchilarni malaka oshirishlari uchun chet elga malaka oshirishga yuborilmoqda; Elektr energetikasi yo‘nalishi bitiruvchi talabalarining bitiruv malakaviy ishlarining himoyasida komissiya tarkibida korxonaning malakali xodimlari ishtirok etib kelmoqda.
«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATINING ELEKTRON MANZILLARINI KUZATIB BORING!
Veb-sahifa: https://www.uzbekistonmet.uz/
Telegram: http://t.me/uzmetaxborotxizmati
Facebook: https://www.facebook.com/elektrtarmoq
Instagram: https://www.instagram.com/uzbekistonmet.uz
X: https://x.com/uzbekistonmet
Odnoklassniki: https://ok.ru/group/61026265792660
Utube: https://utube.uz/ru/users/7208
YouTube https://www.youtube.com/channel/UC6cRpsasTIKnReaCXXqccdg
VIDEODARSLAR VA TEST-SINOV MASHG‘ULOTLARI: https://t.me/+Pz1qHR0W8mYzNmZi
Korrupsiyaga qarshi kurashish: https://t.me/+qCweNscaSEhlNGM6
Veb-sayt arxiv sahifalari (2019–2024 yillar) https://arxiv.uzbekistonmet.uz/oz
Elektron pochta: info@uzbekistonmet.uz
E-xat: uzbekiston_met@exat.uz
☎️ Call centre raqami: +998 (55) 500-5545
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati