2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: O‘zbekistonda yangi elektr stansiyalari va energiya omborlarini tizimga ulash uchun 7000 km magistral tarmoq quriladi — gazeta.uz
  • 29.01.2025
  • 11

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tarmoqqa yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlarini ulash uchun O‘zbekistonda 7000 km magistral tarmoq quriladi, bu esa hududlarda energiya balansini ta’minlaydi — bir viloyatda yetishmovchilik bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar joriy etiladi. Bu uchun 4 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni 2025−2035-yillarda elektroenergetika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli 11,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratildi. Natijada bu sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foizga, “yashil” energiya hissasi esa 16 foizga yetdi.

Shu davrda aholi daromadi 1,6 baravar o‘sgani, yangi turdagi maishiy texnikalardan foydalanilayotgani sababli xonadonlarda elektr iste’moli 21 milliard kilovatt soatdan oshdi. Bu 2016-yilgidan 2 baravar ko‘p.

elektr energiyasi, elektr tarmoqlari

2030-yilga borib, mamlakat aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyoti esa 1,5 karra o‘sishi kutilmoqda. Shunga mutanosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. Hisob-kitobga ko‘ra, 2030-yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035-yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etiladi. Ya’ni, hozirgidan 1,7 baravar ko‘p.

Yig‘ilishda energetika vaziri shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi.

Qayd etilishicha, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari quriladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi ta’minlanadi.

“Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi bo‘lsa, boshqa joyda qo‘shimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil noyabr oyida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov qayta tiklanuvchi manbalarni tarmoqqa integratsiya qilish uchun qayta tiklanuvchi manbalar quvvatining kamida 80 foizini tashkil etadigan zaxira quvvatiga ega bo‘lish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, u O‘zbekiston umumiy quvvati 400 MVt/soatdan yuqori bo‘lgan 2000 MVt dan ortiq energiya saqlash tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar imzolaganini ma’lum qildi. Bu quyosh elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi tebranishlarga tezda javob berishga yordam berishi kutilmoqda.

Eng muhim vazifalardan biri elektr energiyasi narxini pasaytirish. Endi issiqlik elektr stansiyalarida bir kilovatt-soatning narxi 5−6 sentni tashkil etgan bo‘lsa, quyosh va shamol stansiyalarida o‘rtacha 3 sent. 2030-yilga borib jami ishlab chiqarishdagi “yashil” energiya ulushini 50 foizdan ortiqroqqa oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, umumiy quvvati 164 MVt bo‘lgan 3000 ta mikro GES, shuningdek, 750 MVt quvvatga ega kichik quyosh va shamol stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bir kun avval davlat rahbari resurs tejaydigan iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidlagan edi.

elektr energiyasi, elektr tarmoqlari

Xususan, sanoatda energiya samaradorlik orqali qo‘shimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya bo‘yicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.

Shu bois har bir tarmoq kesimida energiyani 10−15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8−9 foizgacha tushirish vazifasi qo‘yildi.

Xorijiy investorlar bilan 24 GVt quvvatga ega 26 milliard dollarlik loyihalar bo‘yicha ishlar boshlandi. Ular uchun katta hajmdagi asbob-uskunalar va qurilish materiallaridan foydalaniladi — yig‘ilishda bu mahalliy korxonalar uchun katta imkoniyat ekani, loyihalar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror va uzluksiz ta’minlash, soha uchun kadrlar tayyorlashni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Muhokama qilingan jihatlarni inobatga olgan holda elektr energetikasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini ishlab chiqish mas’ul shaxslarga topshirildi.

Manba: https://www.gazeta.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati