Bugun ommaviy axborot vositalarida Boysun tumanidagi “M-25” koni hududida yuzaga kelgan vaziyat haqida xabar tarqaldi.
Aytish joizki, “M-25” koni hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmagan.
Bugungi kunda 2024-yil sentyabr oyida metan emissiyasi sodir boʻlgan quduq oʻrnida obyektni konservatsiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti.
604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan boʻshliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz toʻplangan.
Ayni paytda hududda kichik hajmda toʻplangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.
Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga toʻla javob beradi.
Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning oʻziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin boʻlgan bir qator operatsiyalardan iborat. Bunga holat boʻyicha tarqalgan videolavha yaxshi misol boʻla oladi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/14624
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati