Korrupsiyaga qarshi kurashish
Ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlariga rioya qilmagan mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik choralari ko’rildi
  • 14.11.2024
  • 32

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan hamda Farg’ona viloyatining tuman va shaharlarida joriy yilning 3-choragi yakunlari bo‘yicha Davlat rahbarining PF-6247-son Farmoniga asosan ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilib borilishi holati tahlil qilindi.

Jumladan, Namangan viloyatining Namangan, Uychi, Uchqo’rg’on tumanlari, Farg’ona viloyatining Farg’ona tumani, Quvasoy hamda Marg’ilon shaharlari hokimliklarining bu boradagi faoliyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Ma'lumki, tuman va shahar hokimliklari tomonidan 12 turdagi maʼlumotlarni davriy ravishda ochiq eʼlon qilib borilishi belgilangan.

O‘rganishlar davomida qator tuman va shahar hokimliklari tomonidan ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta'minlashda sustkashliklarga yo'l qo'yilgani aniqlandi.

Xususan, hokimliklar tomonidan

amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi yoki mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi va boshqa qator muhim

ma’lumotlar belgilangan tartibda e’lon qilinishi choralari ko’rilmagan.

Natijada, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va qonunbuzilishlariga yo’l qo’ygan masʼul xodimlarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan Namangan hamda Farg’ona viloyatlari hokimliklariga tegishli ko'rsatmalar berildi hamda 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.

Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish bo‘yicha majburiyatlarini monitoring qilish ishlari muntazam davom ettiriladi.
——————
Agarda siz korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 yoki eanticor.uz  elektron platformasi orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Manba: https://t.me/antikor_uzb/3111

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>