«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
  • 17.02.2023
  • 320

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish maqsadida:

1. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2023-yil uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:

umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan, 2 100 MVt – yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MVt – ijtimoiy soha ob’ektlari, xo‘jalik sub’ektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari, 550 MVt – tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali 2023-yilda qo‘shimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish;

ushbu maqsadlarga jami 15,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish, shu jumladan, 13,4 milliard AQSH dollari – davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida investorlar mablag‘lari, 1,1 milliard AQSH dollari – tijorat banklari kreditlari, 610 million AQSH dollari – korxonalarning o‘z mablag‘lari, 150 million AQSH dollari – xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablag‘lari va 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi Davlat byudjeti mablag‘lari.

2. Davlat-xususiy sheriklik asosida 2023-yilda 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarining manzilli ro‘yxati 1-ilovaga hamda yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini elektr uzatish tarmoqlariga ulash bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati 1a-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov hamda Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Sh.A. Vafayev zimmasiga yuklatilsin.

3. Strategik islohotlar agentligi (Sh.Vafayev) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Kudratov) bilan birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va elektr energiyasi tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar uchun 2023-yil 1-iyulga qadar xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qo‘shimcha 2 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishini ta’minlasin.

4. Energetika vazirligiga 2023-yil 1-sentyabrga qadar yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar doirasida byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xalqaro va mahalliy loyiha-qidiruv institutlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan holda qurilish maydonlarida o‘rganishlar o‘tkazishga ruxsat berilsin.

5. 2023-yilda 20 mingta ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur rejaning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik energetika vaziri J.T.Mirzamahmudov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

6. Energetika vazirligi hamda tijorat banklarining ijtimoiy soha ob’ektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasini (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki:

Kompaniya o‘z hisobidan davlat organlari va tashkilotlari bino-inshootlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatganda, ushbu bino-inshootlarning tegishli qismlaridan ijara huquqi asosida bepul foydalanadi. Bunda, ijara shartnomalari belgilangan tartibda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;

Kompaniyaga mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish, o‘rnatish va ularga servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

7. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) uch kun muddatda mazkur qarorga 2-ilovadagi reja bajarilishining oyma-oy grafigini tasdiqlasin va uning ijrosi yuzasidan har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Vazirliklar, davlat idoralari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari o‘zlarining tuzilmalaridagi idora va tashkilotlarning binolarida quyosh panellari o‘rnatilishiga shaxsan javob berishi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin.

8. Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklarining 3-ilovaga muvofiq 2023-yilda jami 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o‘rnatish hamda kichik fotoelektr stansiyalarini barpo etish rejasi qo‘llab-quvvatlansin.

Mazkur rejalar to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik Markaziy bank raisining o‘rinbosari A.A.Turdaliyev va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining investitsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

9. Belgilansinki:

2023-yil 1-apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran uch yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – o‘n yil muddatga ozod etiladi;

2023-yil 1-martdan boshlab yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvatdan yuqori bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.

10. Belgilansinki, tadbirkorlik sub’ektlariga, shu jumladan, xorijiy investorlarga:

qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga o‘rnatilgan tariflarda, boshqa iste’molchilarga o‘zaro kelishilgan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishga;

boshqa shaxslarga tegishli ob’ektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishga ruxsat beriladi.

11. Shunday tartib o‘rnatilsinki:

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan oy davomida yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmining hisobi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ billing tizimida yuritilib, oy yakuni bilan tarmoqqa uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi tafovutga asosan o‘zaro hisob-kitob qilinadi. Bunda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini saqlab berish xizmati uchun haq olinmaydi;

quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ushbu manbalar Energetika vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyingina amalga oshiriladi.

12. Markaziy bank va tijorat banklarining tadbirkorlik sub’ektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va o‘rnatish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun 2023-yil 1-martdan boshlab “yashil energiya” bank moliya produktini amalga kiritish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.

13. Energetika vazirligi ikki hafta muddatda:

fotoelektr stansiyalarini, shu jumladan, kichik quvvatli qurilmalarni o‘rnatish uchun qulay bo‘lgan istiqbolli maydonlar ro‘yxatini e’lon qilsin;

Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda qiziqish bildirgan tadbirkorlarga elektr energiyasini sotish bo‘yicha namunaviy shartnoma va texnik talablar yetkazilishini ta’minlasin.

14. Tashqi ishlar vazirligi (B.Saidov, F.Arziyev) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Kudratov) hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda bir oy muddatda Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan holda respublika hududlarida quyosh panellarini yetkazib berish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

15. 2023-yil 1-apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirilsin.

2023-yilda 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dastur doirasida:

a) jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga Davlat byudjetidan 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi (keyingi o‘rinlarda – subsidiya). 

Bunda:

subsidiya har oy yakuni bilan jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi;

subsidiya to‘lovlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi;

subsidiya soliq organlari tomonidan har oyda “Soliq” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi;

b) jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi hajmi:

oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmidan ko‘p bo‘lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga to‘lov qilinmaydi;

oy davomida yagona elektr energetika tizimidan iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmidan kam bo‘lgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlar iste’mol qilingan va uzatilgan elektr energiyasi farqidan kelib chiqib hisoblanadi;

v) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tekinga olingan elektr energiyasi daromad sifatida hisobga olinmaydi.

16. Belgilansinki:

Dastur doirasida subsidiyalarni ajratish va hisob-kitob qilish tizimining to‘laqonli ishlashi Markaziy bank (M.Nurmuratov), Soliq qo‘mitasi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U.Mustafoyev) tomonidan ta’minlanadi;

Dasturni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti daromadlari bo‘yicha prognozning oshirib bajarilgan qismi hamda 2023-yil I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobidan moliyalashtiriladi;

Dasturning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi;

Dasturning uzluksiz va shaffof ishlashini nazorat qilish Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov zimmasiga yuklatiladi.

17. 2023-yilda foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ushbu rejaning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I.Zokirov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

18. 2023-yil 1-maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinsin.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zokirov):

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilgan holda ko‘p qavatli uylarda quyosh panellarini o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish kompaniyalari tashkil qilinishini ta’minlasin;

Energetika vazirligi (J.Mirzamahmudov) va Bojxona qo‘mitasi (A.Mavlonov) bilan birgalikda bir oy muddatda respublika hududlaridagi quyosh panellarini o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish kompaniyalari mutaxassislarida zarur ko‘nikmalarni shakllantirgan va texnik ma’lumotlar yetkazgan holda ularning malakasini oshirsin.

19. Bojxona qo‘mitasi (A. Mavlonov):

a) Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya ta’minotini tashkil etish uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi va ularning ehtiyot qismlari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarini qabul qilish;

belgilangan standart talablariga mos kelmaydigan quyosh panellari respublika hududiga olib kirilishining oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rsin;

b) foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarga quyosh panellarining sifatli o‘rnatilishini doimiy nazoratga olsin;

v) bir hafta muddatda quyosh panellarini import qilishni soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

g) mazkur qarorning 18-bandida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatsin;

d) amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hamda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarda quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini jadallashtirish yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot kiritib borsin.

20. Respublika hududlarida kichik va mikro gidroelektrstansiyalar barpo etish bo‘yicha 103 ta loyihaning manzilli ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur loyihalarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi A.A. Sanginov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklatilsin.

21. 2023-yilda 5 407 ta ijtimoiy soha ob’ektlarining lokal isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur reja ijrosini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik Bosh vazir o‘rinbosari A.J.Ramatov, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I.Zakirov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov) uch kun muddatda mazkur qarorga 7-ilovadagi reja ko‘rsatkichlari bajarilishining oyma-oy grafigini tasdiqlasin va ijrosi yuzasidan har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) ikki hafta muddatda ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

22. 2023-yilda 1 147 ta issiqxonalar va 250 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish reja ko‘rsatkichlari va manzilli ro‘yxatlari mos ravishda 8-, 8a-, 8b-, 8v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, respublika hududlaridagi:

issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi;

mazkur qarorga 8a-, 8b- va 8v-ilovalarga muvofiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sh.S. Xidoyatov, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi S.S.Annaklichev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.

23. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (J.Xodjayev):

tijorat banklari bilan birgalikda ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladigan korxonalarga uskunalarni xarid qilish uchun kredit mablag‘lari o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin;

ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda kafolatlangan rag‘batlantirish choralarini ko‘rib borsin;

ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilgan korxonalarda import ko‘mir mahsulotlari hamda tegishli uskunalarni olib kelishda yuzaga keladigan muammoli masalalarni zudlik bilan hal qilib borsin;

mahalliy issiqxona xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy eksport bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

24. Energetika vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “O‘zbekko‘mir” AJga qarashli “Ko‘mir ta’minot” MCHJni, tasarrufidagi ko‘mir omborlari va yordamchi texnikalar bilan birga “O‘zbekko‘mir” AJ tasarrufidan chiqarib, Energetika vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Energetika vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorga 8-, 8a-, 8b- va 8v-ilovalarda belgilangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun zarur miqdorda import ko‘mir yetkazib berilishini ta’minlasin.

Transport vazirligi (I.Mahkamov) 2023-yil 1-apreldan boshlab import ko‘mirni respublika hududida temir yo‘l transportida tashishda tashish masofasidan qat’iy nazar o‘rnatilgan tariflarga 50 foiz chegirma qo‘llanilishini ta’minlasin.

25. Belgilansinki, 2023-yil 1-maydan boshlab:

yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi;

respublikadagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.

26. Quyidagilar:

2023-yilda respublika hududlarida elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda ushbu ko‘rsatkichlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev, energetika vaziri J.T.Mirzamahmudov hamda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruv raisi U.M.Mustafoyev zimmasiga yuklatilsin;

2023-yilda respublikadagi yirik sanoat korxonalarida yoqilg‘i-energiya resurslarini tejashнинg reja ko‘rsatkichlari va amaliy chora-tadbirlar rejasi 10- va 10a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin hamda ushbu ko‘rsatkichlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev, energetika vazirining birinchi o‘rinbosari A.I. Axmedxadjayev, tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B.F.Islamov, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari N.Q.Xolmurodov hamda 10-ilovaga muvofiq rahbarlar zimmasiga yuklatilsin.

27. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) ikki hafta muddatda11-ilovaga muvofiq 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘mir kogeneratsion texnologiyalarini joriy etish orqali markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha 15 ta loyihaning manzilli ro‘yxati, ularni moliyalashtirish manbalari va amalga oshirish muddatlarining oyma-oy grafiklarini tasdiqlasin.

28. Energetika vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar hamda zarur nizom, tartib va qoidalar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

29. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov):

mazkur qarorga ilovalarda belgilangan reja ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida bir hafta muddatda barcha ilovalar bo‘yicha tarmoq jadvallari va manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;

belgilangan reja ko‘rsatkichlari ijrosi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatib, har oy ijrosi yuzasidan barcha hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini Vazirlar Mahkamasi Rayosat majlislarida tanqidiy ko‘rib borsin;

ushbu qaror ijrosi doirasida zaruriyatdan kelib chiqib, loyihalar parametrlari, chora-tadbirlar va reja ko‘rsatkichlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda aniqlashtirish va o‘zgartirishlar kiritib borsin.

30. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                                    Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2023-yil 16-fevral

 

Manba: https://uza.uz/

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>