Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish, ulardan samarali va oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–269-son Farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – O‘zenergoinspeksiya) tashkil etilganligi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoniga muvofiq O‘zenergoinspeksiyaning Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va iste’mol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-taroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilg‘i-energiya resurslari hajmi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash va bartaraf etish;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) energetika ob’ektlarida baxtsiz hodisalar va texnologik buzilishlar (avariyalar)ning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini iste’mol qilish samaradorligining monitoringini olib borish;
yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha iste’molchilar (aholidan tashqari) tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash, shuningdek, mahsulot birligini ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’molining me’yorlari bajarilishi va kelgusida takomillashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan O‘zenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi;
davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar mazkur qarorga muvofiq O‘zenergoinspeksiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashishi shart;
O‘zenergoinspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar uning qonuniy talabiga ko‘ra bepul taqdim etiladi;
O‘zenergoinspeksiya tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslarini behuda sarflash, ulardan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash borasida davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlari xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi;
O‘zenergoinspeksiya xodimlari xizmat guvohnomalari bo‘lgan taqdirda, sutkaning istalgan vaqtida iste’molchilarning yoqilg‘i-energiya resurslarini hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlarini yozib olish va ularning holati, ulanish sxemalari va qurilmalarini ko‘rikdan o‘tkazish uchun hisobga olish uskunalari, sxemalari hamda qurilmalarini to‘sqinliksiz borib ko‘rishga haqli;
O‘zenergoinspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari o‘rnatilishini nazorat qiladi va belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.
4. Bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari (keyingi o‘rinlarda – Bosh prokuror o‘rinbosari) lavozimi kiritilsin.
Belgilansinki, Bosh prokuror o‘rinbosari:
O‘zenergoinspeksiya zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishga amaliy yordam ko‘rsatadi;
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Bosh prokuratura ikki hafta muddatda yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
O‘zenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini mazkur qaror bilan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish mas’uliyati shaxsan energetika vaziri J.T.Mirzamahmudov va Bosh prokuror o‘rinbosari zimmasiga yuklansin.
5. Yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash va bu boradagi jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida:
a) mavjud elektr va gaz tarmoqlari hamda qurilmalarining yuklamasi belgilangan me’yordan oshgan taqdirda, ularga yangi iste’molchilarni ulash qat’iyan taqiqlansin;
b) 2023-yil 1-martdan boshlab:
nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida O‘zenergoinspeksiyaga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qilish imkoniyati yaratilsin;
elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni “E-ma'muriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etilsin;
v) 2023-yil 1-iyuldan boshlab yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuzilishi belgilansin.
Bunda:
mazkur tartib yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli bo‘yicha limitlarni belgilash va ularga o‘zgartirishlar kiritishga ham tatbiq etiladi;
davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portaliga avtomatik ravishda yuborilishi ta’minlanadi;
byudjet buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar g‘aznachilik bo‘linmalarida elektron shaklda (inson omilisiz) ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
g) 2023-yil 1-oktyabrga qadar mavjud elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatish hamda taqsimlash tarmoqlari va qurilmalari yuklamasi oshib ketishining oldini olish imkoniyatini yaratish maqsadida ular bioaxborot tizimiga kiritilsin hamda elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti hamda "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilinsin.
Bunda, elektr energiyasi va tabiiy gazni uzatish hamda taqsimlash tarmoqlari va qurilmalari mazkur tizimlar bilan integratsiya qilingandan so‘ng elektr va gaz tarmoqlariga ulanishda ulanish nuqtalari avtomatlashtirilgan tarzda inson omilisiz tanlanadi:
d) 2023-yil 1-oktyabrdan boshlab elektr va gaz tarmoqlari va qurilmalarini qurishda loyiha hujjatlarini vakolatli organlar bilan kelishish tegishlicha elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minotlari orqali aniq muddatlarda amalga oshirilishi belgilansin.
Energetika vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “UzGasTrade” AJ, “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minotlari ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi hamda mazkur bandda nazarda tutilgan texnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlasin.
6. O‘zenergoinspeksiya “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda:
a) doimiy ravishda:
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli energetika ob’ektlari (keyingi o‘rinlarda – ob’ektlar) ro‘yxatini shakllantirib borsin;
ob’ektlarda iste’mol qilinayotgan yoqilg‘i-energiya resurslari hajmini aniqlab borsin;
ob’ektlarda yoqilg‘i-energiya resurslari behuda sarflanishi va sifat talablariga rioya etmaslik holatlarini aniqlab borsin va ular bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rsin;
tizimli asosda yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
ob’ektlarning tarmoqlarga to‘g‘ri ulanganligi va hisoblagichlar mavjudligi, ularning texnik talablarga va standartlarga muvofiqligini tekshirib borsin, shuningdek, aybdor bo‘lgan mazkur ob’ektlar xodimlari va ularga xizmat ko‘rsatgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko‘rsin;
ob’ektlarda o‘rnatilgan hisoblagichlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlariga mosligini o‘rgansin;
b) har oyda elektr va gaz tarmoqlari hamda qurilmalarining yuklamalari va sozligini tekshirib borib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.
Bunda, O‘zenergoinspeksiya har oyda Bosh prokuror o‘rinbosari va energetika vaziriga mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot kiritib borsin.
7. Bosh prokuratura Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin:
elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilash;
O‘zenergoinspeksiyaning elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish (mansabdor shaxslarga nisbatan) vakolatini belgilash;
O‘zenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash.
8. Energetika vazirligi va Bosh prokuraturaning quyidagi mablag‘larni O‘zenergoinspeksiyaning belgilangan tartibda ochiladigan maxsus g‘azna hisobvarag‘iga yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
O‘zenergoinspeksiya ishtirokida yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar bo‘yicha undirilgan zarar summasining 25 foizi;
iste’molchilar tomonidan quvvat koeffitsiyentining normativ qiymati ushlab turilmaganligi natijasida yuzaga kelgan elektr energiyasining qo‘shimcha yo‘qotilishi bilan bog‘liq to‘lovlardan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filiallariga tushgan mablag‘larning 50 foizi;
O‘zenergoinspeksiya tomonidan qo‘llanilgan ma’muriy jarimalar va iqtisodiy sanksiyalar bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi;
O‘zenergoinspeksiya tomonidan pullik xizmatlarni ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Bunda, maxsus g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘lar quyidagi maqsadlarda ishlatilishi nazarda tutilsin:
O‘zenergoinspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
O‘zenergoinspeksiya xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
O‘zenergoinspeksiyaga shartnoma asosida ekspert va mutaxassislarni uning zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali bajarish uchun jalb qilish. Bunda, shartnoma asosida jalb qilinadigan ekspert va mutaxassislar maqomi bo‘yicha O‘zenergoinspeksiya xodimlariga tenglashtiriladi;
O‘zenergoinspeksiya vazifalarini samarali amalga oshirish hamda axborot texnologiyalarini joriy etish va modernizatsiya qilish.
9. Energetika vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar elektr energiyasining dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA), shuningdek, ishlab chiqarishdan boshlab yakuniy iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarga elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari (ENHOAT, GNHOAT) to‘liq joriy etilishini ta’minlasin.
Bosh prokuratura mazkur tizimlar to‘liq joriy etilishini alohida nazoratga olsin;
b) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar talablari va ularni berish tartibini xalqaro standartlar asosida qayta qo‘rib chiqish va belgilash bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. “O‘ztransgaz” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda, inson omilisiz qayta hisob-kitob qilish, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va Soliq qo‘mitasi bazasida parallel ravishda hisobga olishni nazarda tutuvchi dasturiy ta’minotni ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.
“O‘ztransgaz” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “UzGazTrade” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ mazkur dasturiy ta’minotni ishlab chiqishda iste’molchilar bazasini shakllantirish hamda billing tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash maqsadida “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MCHJga barcha birlamchi ma’lumotlarni taqdim etsin va billing tizimlari bilan bog‘lanishga ruxsat berilsin.
11. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar:
bino va inshootlar hamda ulardan foydalanish turlariga ko‘ra muqobil energiya, tabiiy gaz, elektr energiyasi, irrigatsiya, ichimlik suv va oqava suvlar sarfining standart hajmlarini qat’iy belgilaydigan mezonlarni tizimga joriy qilsin;
ob’ektlarning tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini texnik shartlarni raqamlashtirgan holda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali amalga oshirsin.
12. Energetika vazirligi energetika tarmoqlari tarxlari, mavjud tarmoqlarning joriy holati va davriy yuklamalarini raqamlashtirgan holda ularning “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiyasini ta’minlasin va har oyda ma’lumotlar bazasini yangilab borsin.
13. O‘zenergoinspeksiya 2023-yil 1-mayga qadar yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini aniqlash hamda ularni onlayn rasmiylashtirish uchun barcha xodimlarni maxsus planshetlar bilan ta’minlasin.
14. Energetika vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, yangilangan qoidalarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
15. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zenergoinspeksiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
16. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T.Mirzamahmudov hamda Bosh prokuror o‘rinbosari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yo‘ldoshev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023-yil 13-fevral
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati