«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta'minlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
  • 16.01.2023
  • 451

Energiya ta’minotidagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-yanvar kuni aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

So‘nggi kunlarda yurtimizga sovuq havo oqimi kirib keldi. Energiya va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Davlatimiz rahbari bu masalaga chuqur to‘xtalib, tezkor choralar ko‘rilishini ta’kidladi. 

– Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning holatini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buni har bir rahbar his qilishi kerak. Bu yilgi sovuq butun tizimning ahvolini, qishga tayyorgarlik yengil-yelpi bo‘lganini ko‘rsatdi. Endi bunday davom etishi mumkin emas. Yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash uchun tezkor choralar ko‘ramiz.

Yig‘ilishda tabiiy gaz va elektr ta’minoti, kommunal sohadagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi.

Masalan, Toshkent shahrida o‘nlab mahallalarda elektr va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lgan. Ayrim transformator va past kuchlanishli tarmoqlar ortiqcha yuklamaga bardosh berolmay ishdan chiqqan.

Buning sababi qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmagan. Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagan. Ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgan.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev qat’iy ogohlantirildi, shuningdek, respublikadagi bir qator tuman va shahar hokimlariga hayfsan berildi.

Talimarjon issiqlik stansiyasining energiya blokini ta’mirlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlamagani uchun energetika vaziri o‘rinbosari Sh.Xodjayev va “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati rahbari F.Abdurahmonov vazifasidan ozod qilindi. Shuningdek, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekneftgaz” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlariga intizomiy jazo va sinov muddati belgilandi.

Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Oxirgi oylarning o‘zida neftgaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bu sohalardagi korrupsiyani yo‘q qilish, avtomobilga gaz quyish shoxobchalaridagi o‘g‘riliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Bosh vazir va energetika vaziriga barcha imkoniyatlarni ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarga zudlik bilan energiya yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilib, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot va moliya vaziriga energetika sohasi korxonalarida hisob-kitoblarni tartibga solish va moliyaviy masalalarni hal qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Energiya ta’minotidagi uzilishlarning sabablari va ko‘rilayotgan choralarni xalqimizga o‘z vaqtida tushuntirib borish kerak. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli ehtiyojmand oilalarga yordam beriladi, og‘ir hollarda ular issiq joylarga ko‘chiriladi.  

Dehqon bozorlarida sharoitlarni yaxshilab, mahsulotlar bezarar saqlanishi va narx-navo barqarorligini ta’minlash ham muhimligi ta’kidlandi.  

Energetika korxonalari rahbarlari va hokimlarga kelgusida bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirdan aniq choralarni belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda energetika vaziri va hokimlar joylarda kuchaytirilgan tartibda olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/5824

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>