Korrupsiyaga qarshi kurashish
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish butun jamiyat ishi ekanini taʼkidladi
  • 24.01.2020
  • 467

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qonun ustuvorligini taʼminlash va korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurashish boʻyicha muhim takliflarni ilgari surdi:

"Islohotlarimiz samarasi koʻp jihatdan 4 ta muhim omilga, yaʼni qonun ustuvorligini taʼminlash;

korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurashish;

institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bogʻliq.

Qonun ustuvorligi va sud-huquq sohasidagi asosiy vazifalar haqida Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda batafsil toʻxtalib oʻtganimizdan yaxshi xabardorsiz.

Bu borada quyidagi qoʻshimcha vazifalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Avvalo, sud mustaqilligini toʻliq taʼminlash – eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi zarur.

Oldingi chiqishlarimda ilgari surilgan fikrga qoʻshimcha qilib, yana bir bor aytmoqchimanki, dastlabki tergovda davom etib kelayotgan qonun buzilish holatlarini faqat va faqat sudlarning haqiqiy mustaqilligiga erishish orqali bartaraf etish mumkin.

Bu borada qabul qilgan qonuniy chora va tadbirlarimiz aniq natijalar bera boshladi.

Ushbu ijobiy oʻzgarishlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar mustaqilligi boʻyicha maxsus vakili Garsiya Sayan janoblari ham alohida eʼtirof etdi.

Oʻtgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019-yilning oʻzida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 2019-yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan boʻlsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va oʻzgartirildi.

Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini taʼminlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutugʻimizdir.

Men Prezident sifatida sudyalarning bu jasoratini va qatʼiyatini bundan keyin ham toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.

Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini eʼtirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha boʻlgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham koʻndalang qoʻyadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi.

Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, oʻrganish amaliyotini cheklash lozim.

Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib oʻrganishi mumkin.

Sud raislari tomonidan sudyalarning faoliyatini baholash va ularga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatish boʻyicha vakolatlarni qayta koʻrib chiqish kerak.

Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini taʼminlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida boʻladi.

Sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir inson Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga toʻla ishonch hosil qilishi kerak.

Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek, “adolat yoʻqolgan paytda hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”.

Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.

Oʻzbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari boʻlishi kerak.

Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi uch oy muddatda yuqorida bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy etishni nazarda tutadigan qonun loyihasini kiritsin.

Ikkinchidan, sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25 yil oldin qabul qilingan boʻlib, hozirgi davr talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Shu sababli, parlament yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijro, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarni yangidan qabul qilishi maqsadga muvofiq.

Bu borada, avvalo, tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilgʻor standartlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish kerak.

Qonunchilikni yangilashdan maqsad faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat boʻlmogʻi lozim.

Uchinchidan, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish zarur.

Biz ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Biroq, ochiq tan olish kerak, ushbu idoralar hali xalq́chil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylangani yoʻq.

Tizimda jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarga qarshi kurashish va davlat xizmatlarini koʻrsatish faoliyatiga doir, aniq mezonlar belgilanmagan.

Shu sababli, islohotlarni davom ettirib, ichki ishlar idoralarini, odamlarimiz ogʻirini yengil qiladigan tuzilmaga aylantirish zarurligini, yana bir bor takrorlash oʻrinli, deb bilaman.

Bu masala yangi parlament, xususan, Senat oldidagi besh yillik vazifa boʻlib, buning uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslarni yaratish va amaliy choralar koʻrish lozim.

Ichki ishlar organlari uchun barcha darajadagi rahbarlarning malakasini oshirish va maqsadli tayyorlash tizimini tashkil etish zarur.

Toʻrtinchidan, afsuski, jamiyatimizda korrupsiya illati oʻzining turli koʻrinishlari bilan taraqqiyotimizga gʻov boʻlmoqda.

Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi.

Tadbirkorlar hanuzgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelayotgani, Prezident nomiga kelib tushayotgan koʻplab murojaatlar ham, matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar ham yaqqol koʻrsatib turibdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.

Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak.

Ushbu vazifalar ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tashkil etishni taklif etsam, sizlar nima deysizlar?!

Prezident Administratsiyasi Oliy Majlis palatalarining tegishli qoʻmitalari bilan birgalikda uch oy muddatda tegishli Farmon loyihasini ishlab chiqsin.

Beshinchidan, fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini taʼminlash borasida, navbatdagi muhim qadam qoʻyish zarurligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda.

Jumladan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin Oʻzbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega boʻla olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal qilish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralarni koʻrish vaqti keldi, deb oʻylayman.

Xususan, 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor.

Bu orqali 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bogʻliq, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolari hal etiladi.

Vazirlar Mahkamasi bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda koʻrib chiqib, joriy yil 1-mayga qadar tegishli qonun loyihalarini taqdim etishi lozim”.

Tadbir davom etmoqda.

 

https://president.uz/oz/3321

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>