Korrupsiyaga qarshi kurashish
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJda «Korrupsiyaga qarshi kurash, biznes etika va shaffoflik» mavzusida video-seminar bo‘lib o‘tdi
  • 09.12.2019
  • 569

     O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining 2019-yil 27-maydagi 5729-sonli «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida «Korrupsiyaga qarshi kurash, biznes etika va shaffoflik» mavzusida video-seminar o‘tkazildi.

     Video-seminarni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulov ochib berdi va mavzu hamda tashkilot faoliyatiga oid ayrim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Video-seminarda Respublika miqyosidagi 14 ta magistral elektr tarmoq filiallari vakillari, tibbiy-sanitariya qismlari, tashkilot tasarrufidagi pudratchi korxonalar rahbarlari, o‘rinbosarlari, bosh hisobchilar va boshqa mansabdor shaxslar ishtirok etishdi.

     Video-seminarda korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlari, korrupsiya va unga qarshi kurash usullari, xodimlar etika qoidalariga rioya qilish tartibi mavzulari keng muhokama etildi.

      Video-seminarda O‘zbekiston Respublikasi farmoniga asosan, mamlakatimizda keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilganligi, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

     Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.

     Shu bilan birga, iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda.

     Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tiborini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar mavjud.

     Farmonda korrupsiyaning xavf-xatarlarini tahlil qilish asosida, aholining keng qatlamlarini xabardor qilish va ong-bilimlarini oshirishda maqsadli tadbirlarni amalga oshirish, xususan:

     - mavzuli audio-videoroliklar, bannerlar, plakatlar va innovatsion axborot-targ‘ibot materiallaridan foydalangan holda fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat, korrupsiyaga qarshi kurashishning aniq xulqni shakllantirishga qaratilgan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida kampaniyalarni o‘tkazish;

     - so‘rovlar, ijtimoiy va boshqa tadqiqotlar asosida korrupsiyaga qarshi kurashish targ‘iboti va ta’limi bo‘yicha chora-tadbirlar natijalari va ta’sirini muntazam ravishda baholash belgilab o‘tilgan.

     Farmonning yuqorida sanab o‘tilgan muhim jihatlaridan kelib chiqib, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJda o‘tkazilgan video-seminarda Moliyaviy boshqaruv, biznes etika va shaffoflik bo‘limi boshlig‘i Nigora Abdullayeva va ma’ruzachi konsultant G‘olibjon Tursunovlar ma’ruza qilishdi.

     Video-seminar savol-javoblar, interaktiv usuldagi qizg‘in muloqot bilan yakunlandi. Seminarda korrupsiyaga qarshi kurash, biznes etika va shaffoflik faoliyatini yanada takomillashtirish uchun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ISHONCH TELEFONI tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingani haqida ma’lumot e’lon qilindi.

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

 Axborot xizmati

>