Yangiliklar
"Buxoro magistral elektr tarmoqlari" filialida seminar, 500 kVli "Qorako'l" podstansiyasida namunaviy mashg'ulotlar o'tkazildi
  • 23.12.2020
  • 1113

Ma'lumki, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 78 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar ichida 7 ta 500 kVt kuchlanishli podstansiyalar faoliyat olib boradi. Mazkur muhim ob'ektlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning bilim-malakasini oshirish, harbiy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish yuzasidan tegishli o'quv seminarlari hamda mashg'ulotlar o'tkazish belgilangan. Toifalangan ob'ektlardagi tayyorgarlik darajasini aniqlashga qaratilgan tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyatining tegishli topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqilgan chora-tadbirlari rejasida ham aks etgan.

 

   Shu munosabat bilan, 2020-yil 23-dekabr kuni "Buxoro magistral elektr tarmoqlari" filiali binosida ko'rgazmali seminar hamda 500 kVli "Qorako'l" podstansiyasida harbiy tayyorgarlik mashg'ulotlari tadbiri o'tkazildi. Namunaviy mashg'ulotlar tadbirida "O'zbekiston MET" AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi xodimlari, muhim ob'ektlarga ega 7 ta viloyat magistral elektr tarmoqlari filiallaridan mutaxassislar, shuningdek, Buxoro viloyati hokimiyati hamda harbiy tashkilot va tuzilmalardan vakillar ishtirok etishdi.

 

   Seminarni "Buxoro magistral elektr tarmoqlari" filiali direktori S.Arslonov ochib berdi. "O'zbekiston MET" AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi boshlig'i S.Xaydarov seminarga mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan mutaxassis hamda taklif etilgan mehmonlarni seminar ishtirokchilariga tanishtirib, o'tkazilayotgan tadbirning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so'zlab berdi. So'ng seminarning dastlabki ma'ruzasi Buxoro viloyati o'ta muhim va toifalangan ob'ektlarni muvofiqlashtirish guruhi rahbari B.K.Norboevga berildi.

 

   Ma'ruzachi toifalangan ob'ektlar barqaror faoliyatini ta'minlash naqadar muhim vazifa ekanligi haqida tushunchalar berib, ushbu yo'nalishda zamonaviy axborot texnologiyalardan samarali foydalanish ustida bir qator ishlar olib borilayotgani haqidagi ma'lumotlar bilan bo'lishdi. Buxoro viloyati Milliy Gvardiya boshqarmasi vakillari toifalangan ob'ektlarida olib borilayotgan xizmat vazifalari davomida kuchaytirilgan va jangovor tayyorgarlik jarayoni yangi texnologiyalar bilan boyitilayotgani, shuningdek, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash tizimi yaratilgani bois mehnat samaradorligi oshirilayotgani haqida axborot berdi.

 

   Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari N.Negmatov muhim ob'ektlarda xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan fuqaro muhofazasi, yong'in xavfsizligi, bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarda maxsus tayyorgarlikka ega xodimlar o'z vazifalarini bajarishlari bo'yicha tushuntirish-targ'ibot ishlari olib borilayotgani haqida ma'lumotlar berdi. Yong'in xavfsizligi qoidalariga rioya etmagan bir nechta energetika sohasi korxonalari, xususan elektr ta'minoti tashkilotlarining ma'lum qismlari faoliyati to'xtatib qo'yilgani va mas'ul shaxslar amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortilgani, ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilayotgani haqida statistik ma'lumotlarni bayon qildi.

 

   Seminar yakunida "O'zbekiston MET" AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi boshlig'i S.Xaydarov Jamiyatda harbiylashtirilgan qo'riqlash bo'linmasining faoliyatida amalga oshirilgan ishlar, maxsus tayyorgarlikka ega xodimlarning mehnat sharoitlari yaxshilanayotgani, ular zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta'minlanayotgani haqida axborot berdi. Seminar interaktiv shakldagi savol-javoblar, o'zaro tajriba almashish muhokamalari bilan yakunlandi.

 

   Kun tartibiga ko'ra seminar ishtirokchilari 500 kVli "Qorako'l" podstansiyasiga tashrif buyurishdi. Ishtirokchilar avval tibbiy ko'rik, so'ngra maxsus tekshiruvdan o'tkazilib, yuqori kuchlanishli podstansiya hududida amal qilishlari lozim bo'lgan tartib-qoidalar bilan tanishtirildi. Instruktajdan so'ng seminarning amaliy mashg'ulotlari, ya'ni toifalangan ob'ektlarda qaydnoma hujjatlarini yuritish, yong'in va hayot xavfsizligi qoidalariga amal qilish, maxsus anjom va uskunalardan to'g'ri foydalanish, shu bilan birga favqulodda vaziyatlarda birinchi navbatda bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar ijrosi yuzasidan namunaviy mashg'ulotlar o'tkazildi. Amaliy mashg'ulotlar davomida "O'zbekiston MET" AJning boshqa muhim ob'ektlaridan tashrif buyurgan mutaxassislarning savollariga javob qaytarilib, ularning ish tajribalari bilan bog'liq amaliyotlar tinglandi.

 

   Seminar mashg'ulotlari tugagandan so'ng ishtirokchilar 500 kVli "Qorako'l" podstansiyasi o'z xizmat vazifalarini o'tayotgan harbiy xodimlarning jangovor postni topshirish-qabul qilish jarayonini tomosha qilishdi. Seminarda ishtirok etayotgan maxsus bo'linma vakillari harbiylashtirilgan qo'riqlash xizmatiga o'z tavsiyalarini berishdi. Tadbir so'nggida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berilib, o'tkazilgan seminar yuqori kuchlanishli podstansiyalarda xizmat qilayotgan qo'riqlash tizimi uchun namunaviy tavsiyalar hamda tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyat bo'lgani alohida e'tirof etildi.

 

   Tadbir tashkilotchilari o'quv seminari va namunaviy mashg'ulotlarni o'tkazishda yaqindan yordam bergan 500 kVli "Qorako'l" podstansiyasi va "Buxoro magistral elektr tarmoqlari" filiali jamoasiga, xususan "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga o'z minnatdorligini izhor etadi.

 

>