OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Energetika vaziri stipendiyasi sohibi bo'lish shartlari
  • 25.03.2021
  • 518

  Energetika vazirining tashkil etilgan stipendiyasi bilan bog'liq bir qator universitet talabalaridan ko'plab murojaatlar bo'lmoqda. Shu sababli Energetika vaziri stipendiyasi sohibi bo'lish tartibi yuzasidan tushuntirish berib o'tamiz.

  Energetika vaziri stipendiyasi 3 ta – ya'ni Ivan Mixaylovich Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, "Moskva muhandislik-fizika instituti" Milliy tadqiqot yadro universiteti va "Moskva energetika instituti" Milliy tadqiqot universitetlarining Toshkent shahridagi filiallarida tahsil olayotgan talabalari uchun amal qiladi.

  O'zbekiston Respublikasi Energetika vaziri stipendiyasi fuqoroligidan qat'iy nazar o'qish, ilm-fan, ilmiy-texnika va ixtirolar bo'yicha, shu jumladan oliy ta'lim muassasalarining ijtimoiy faoliyatida eng yaxshi natijalarga erishgan va yoqilg'i-energetika sohasi rivojiga hissa qo'shgan vazirlik mutasaddiligida bo'lgan yuqoridagi oliy ta'lim muassasalarida bakalavriat va mutaxassislik yo'nalishlari bo'yicha tahsil olayotgan talabalarga tayinlanadi.

  Vazir stipendiyasi (!):

  - har bir filialning 3 nafargacha eng iqtidorli talabalariga ta'limning uchinchi bosqichidan boshlab, ularning yoqilg'i-energetika sohasida innovatsion loyihalari va ilmiy tadqiqotlari natijalariga qarab belgilanadi;

  - buning uchun Filiallar talabalari kunduzgi ta'lim asosida tahsil olishi hamda oxirgi ikkita sessiyani a'lo baholarda yakunlagan bo'lishlari talab etiladi.

  Stipendiyani belgilash va to'lash tartibi:

  Vazir stipendiyasi uchun talabgorning o'quv va ilmiy (ijodiy) faoliyatidagi muvaffaqiyatlari filiallarning ilmiy kengashlari tomonidan muhokama qilingandan so'ng, ularning tavsiyasi bilan Energetika vazirligiga nomzod sifatida kiritiladi.

  Talabgorlar dastlabki ko'rib chiqish uchun ilmiy kengashga: sinov daftarchasidan ko'chirma, dekanat, kafedra tavsiyanomasi, ilmiy (ijodiy) ish annotatsiyasi, ilmiy rahbarning fikr-mulohazalari, ilmiy (ijodiy) ishga taqriz hamda ilmiy ishlar ro'yxati va ularning bosma nusxalarini topshirishlari lozim.

  Ilmiy kengashlar yashirin ovoz berish orqali vazir stipendiyasini tayinlash uchun stipendiatlar nomzodlarini ko'rsatish to'g'risida qaror qabul qiladilar.

  Ilmiy kengashlar qarorlari filiallarning vazir stipendiyasini tayinlash haqida Energetika vazirligiga tavsiyanoma yuborishi uchun asos hisoblanadi.

  Energetika vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko'rib chiqadi. Hujjatlarni qabul qilish muddati 1-15-avgust kunlari, ko'rib chiqish muddati esa 10-25-sentabr kunlari etib belgilangan.

  Stipendiyalar tayinlanishidan avval talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiq bilim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasi puxta ekspertizadan o'tkaziladi.

  Shu maqsadda Energetika vazirining buyrug'i bilan tanlov komissiyasi tuzilgan.

  Tanlov komissiyasi tarkibiga Energetika vaziri, vazir o'rinbosarlari, ilm-fan va innovatsiyalar bo'yicha vazir maslahatchisi, kadrlar bo'limi rahbari hamda nomzodalarning yo'nalishlari bo'yicha boshqa bo'linmalar rahbarlari kiritilgan.

  Tanlov komissiyasi talabgorlarning yakuniy tanlovini yashirin ovoz berish yo'li bilan o'tkazadi. Bunda komissiya a'zolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda, nomzod vazir stipendiyasini tayinlash uchun tavsiya qilinadi.

  Tanlov komissiyasining qarori Energetika vazirligi buyrug'i bilan tasdiqlangandan so'ng kuchga kiradi.

  Tanlov komissiyasi vazir stipendiyalari sohibi bo'lolmagan, lekin eng yaxshi ko'rsatkichlarga ega bo'lgan tanlov qatnashchilarini filiallardagi boshqa mavjud – ya'ni "Bosh direktor", "Boshqaruv raisi", "Vasiylik kengashi" kabi stipendiyalarga tavsiya qilish huquqiga ega.

  Vazir stipendiyasi mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorining 1,5 baravari etib belgilangan hamda davlat va oliy ta'lim muassasasining boshqa stipendiyalaridan alohida tarzda taqdim etiladi.

  Vazir stipendiyasi talabalarga har yili, bir o'quv yili uchun, 1-sentabrdan boshlab, belgilangan miqdorlarga qat'iy rioya qilingan holda har oyda to'lab boriladi.

  Vazir stipendiyasiga sazovor bo'lgan talabalarga "Energetika vaziri stipendiyasi sohibi" ko'krak nishoni va qimmatbaho sovg'alar topshiriladi. Shu bilan birga, stipendiatlar o'qishni tamomlaganlaridan so'ng vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ish bilan ta'minlanishi kafolatlanadi.

  Talabalarning Energetika vaziri stipendiyasini tayinlash bo'yicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Energetika vazirligi tomonidan ko'rib chiqiladi.

 

 

http://minenergy.uz/uz/news/view/1177

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>