OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Yanvar oyida inflyatsiya kutilmalari 18,7-18,9% gacha ko‘tarildi. Bu 2020-yil iyulidan beri bo‘lgan maksimal ko‘rsatkich»
  • 11.04.2023
  • 274

Markaziy bank uy xo‘jaliklari va korxonalarning inflyatsiya kutilmalari ma’lumotlarini e’lon qildi. Aholining inflyatsion kutilmalari yanvarda 18,9 foizga, tadbirkorlikda esa 18,7 foizga oshdi. Bu koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan 2020-yilning iyulidan beri kuzatilgan maksimal ko‘rsatkichdir.

O‘zbekiston Markaziy banki aholi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi 12 oylik inflyatsiya kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni yangiladi.

So‘nggi marta regulyator noyabr oyi uchun infografika ko‘rinishidagi umumiy sharhni batafsil izohsiz e’lon qilgandi. O‘shandan beri ushbu mavzu bo‘yicha boshqa yangilik bo‘lmadi.

Yanvar oyida aholining inflyatsiya kutilmalari 18,9 foizga, tadbirkorlik subyktlarida esa 18,7 foizga yetdi. Shu bilan birga, prezident huzuridagi statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida yillik inflyatsiya 12,2 foizni tashkil etdi. Ya’ni, kutilgan va rasmiy inflyatsiya o‘rtasidagi farq 6,5−6,7 foizga teng bo‘ldi.

O‘zbekistonda joriy oyda energetika inqirozi yuz berdi, elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi uzilishlar, qator korxonalar faoliyati to‘xtab qolishi va sanoat ishlab chiqarishining qisqarishi, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning kamayishi kuzatildi.

 

inflyatsiya

 

Bu mamlakatda pandemiyaning eng yuqori cho‘qqisi kuzatilgan va noaniqliklar kuchaygan 2020-yil iyul oyidan beri kutilayotgan inflyatsiyaning eng yuqori ko‘rsatkichi bo‘ldi (aholi kutilmalari — 19,7 foiz, tadbirkorlik — 20,1 foiz). Keyinchalik kutilmalar va rasmiy inflyatsiya (14,4%) o‘rtasidagi farq 5,3−5,7% ga yetdi.

Shu bilan birga, 2023-yil fevral oyida aholi va tadbirkorlikning kutilmalari keskin pasayib, 15 foizga, mart oyida esa mos ravishda 14,4 va 14,1 foizga qisqardi.

Agar yanvar oyida inflyatsiyani 9−12% va 21−25% darajasida bo‘lishini kutgan respondentlar soni deyarli bir xil bo‘lgan bo‘lsa, mart oyida ular o‘rtasidagi farq 3,5 baravar darajaga ko‘tarildi.

Yanvar oyida aholining narxlar o‘sishi kutilmalariga, asosan, yoqilg‘i-energetika resurslari narxining oshishi — respondentlarning 47 foizi (mart oyida — 36 foiz), valyuta kursining o‘zgarishi — 42 foiz (51 foiz), narxlarning sun’iy o‘sishi — 37 foiz (18 foiz) va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi — 32 foiz (31 foiz) ta’sir ko‘rsatdi.

Tadbirkorlik subyektlari, aholidan farqli o‘laroq, inflyatsiyaning asosiy omili bu valyuta kursining o‘zgarishi — 44 foiz (mart oyida — 50 foiz), yoqilg‘i-energetika resurslari narxining — 38 foiz (33 foiz), ish haqini oshirish — 21 foiz (34 foiz) deb hisoblaydi.

Odamlarning kelajakdagi inflyatsiya haqidagi taxminlari uning traektoriyasiga ta’sir qilishi mumkin — bu iqtisodiyotda umumiy qabul qilingan fakt, shuning uchun markaziy banklar pul-kredit siyosati bo‘yicha qarorlar qabul qilishda inflyatsiya kutilmalariga katta e’tibor beradi. Agar biznes va aholining inflyatsion kutilmalari yuqori bo‘lsa, unda birinchisi (biznes) narxlarni katta ehtimol bilan oshiradi, ikkinchisi (aholi) oyliklar oshirilishini talab qiladi.

Narxlar va ish haqining oshishi, o‘z navbatida, inflyatsiyani oshirishi mumkin va inflyatsiya o‘sib borayotganini ko‘rib, korxonalar narxlarda inflyatsiyaning kutilayotgan tezlashishiga ta’sir qiladi, aholi esa ish haqini mos ravishda indeksatsiya qilishni talab qiladi.

Biroq, agar odamlar inflyatsiyaning keskin o‘sishini vaqtinchalik deb hisoblasa, uzoq muddatli inflyatsiya kutilmalari o‘smasligi mumkin — mazkur inflyatsiya kutilmalarining mustahkamlanishi markaziy bank siyosatiga bo‘lgan ishonchga asoslanadi. Qachonki, tadbirkorlar va aholi pul-kredit siyosati inflyatsiyani maqsadli darajaga qaytarishiga ishonch hosil qilsa, ular kelajakda narxlarning ko‘tarilishidan kamroq tashvishlanadilar.

Муштарий О.

Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2023/04/11/inflation/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

  t.me/uzmetaxborotxizmati

>