O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirig‘iga binoan 2021-yil 11-may kuni AOKAda o‘tkazilgan va onlayn efirga uzatilgan brifing savol-javoblari
❓ Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostidagi yer maydonlarining himoya zonasi necha metr qilib belgilangan?
❗️ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari to‘g‘risida”gi 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qaroriga asosan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari uchun muhofaza zonasi belgilangan. Ushbu muhofaza zonasi elektr uzatish tarmog‘i bo‘ylab chetki simlaridan har ikkala tomonga vertikal tekislik bilan chegaralangan yer maydoni va havo bo‘shlig‘idan iborat. Kuchlanish kattaligiga qarab muhofaza zonalari quyidagicha va ushbu maydonda uy, bino, issiqxona va hokazolar qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi.
- 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari — 30 metr;
- 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari — 25 metr;
- 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari — 20 metr;
- 35 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari — 15 metr.
❓ Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari muhofaza zonalaridagi yer maydonlarida dehqonchilik qilish mumkinmi?
❗️ Elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetkazmagan holda, tayanch ustunlari osti suv bilan yuvilishiga (yumshatilishiga) yo‘l qo‘ymasdan, tayanch tanasi va tarkibiy qismlariga ta'sir ko‘rsatmay faoliyat yuritilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda tayanch ustuni tanasi yoki fundamentidan tashqi tomonga kamida 1,5 metr masofadagi yer maydoni tayanchning doimiy foydalanishga ajratilgan yer maydoni hisoblanib, bu maydonda yerga (tuproqqa) ishlov berish taqiqlanadi. Shuningdek, texnika va boshqa moslamalar bilan ishlaganda elektr uzatish tarmog‘i simlariga yaqinlashish xavfini yoddan chiqarmaslik lozim.
❓ Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari atrofidagi yer maydonlarida bog‘dorchilik ishlarini olib borish mumkinmi?
❗️ Amaldagi qoidalarga asosan elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonasida daraxt va butalarni ekish hamda kesish ushbu tarmoqlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Bunda ekin turiga qarab elektr uzatish tarmog‘i simlariga yaqinlashishi chegaralari belgilab beriladi. Daraxt shoxlarining elektr toki o‘tkazuvchi qismlarga yaqinlashishi havo orqali qisqa tutashuvga olib kelishi xavfini tug‘dirishi mumkin.
❓ Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar yaqiniga uylar (chayla, ombor, hovuz, shiypon binosi va boshqa qurilma hamda inshootlar) qurish mumkinmi?
❗️ - texnik qoidalar, normalar va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yaratilgan (qurilgan) elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday ob'ektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish, shuningdek, elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlariga kirish yo‘llarini barpo qilmay turib, bunday kirishlarga xalaqit beruvchi har qanday ishni amalga oshirish va inshootlar barpo etish;
- bolalar va sport maydonchalarini, stadionlarni, bozorlarni, savdo shoxobchalarini, dala shiyponlarini, mollar uchun qo‘ralarni, har qanday turdagi mashina va mexanizmlar uchun garajlar va turarjoylarni joylashtirish, o‘rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan va ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida);
- axlatxonalarni joylashtirish;
- zarba beruvchi mexanizmlar bilan ishlarni amalga oshirish, massasi 5 tonnadan ortiq og‘irliklarni tashlash, yemiruvchi-korroziyalovchi moddalarni va yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash va qo‘yish (elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi!
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari to‘g‘risida”gi 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-sonli qarorining 3-bob, 15-bandi.
❓ Hokim qarorlari bilan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostida yashash uchun uy-joy ajratilib, bino va inshootlar qurilgan bo‘lsa, ularni buzish uchun kompensatsiya qanday to‘lanadi?
❗️ Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostida uy-joy qurish noqonuniy hisoblanadi va tegishli tartibda buziladi. Agarda qurilgan uy-joylar oldidan loyiha asosida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari o‘tkazish kerak bo‘lgan paytlarda buziladigan uylar uchun o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya to‘lanadi.
❓ Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostidagi yer maydonlaridan qanday holatlarda foydalanish mumkin va bunga kim tomondan ruxsat beriladi?
Qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishga mo‘ljallangan yerlarda elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini ekspluatatsiya qilish va ta'mirlash ishlarini olib borishga (avariyani tiklash ishlaridan tashqari), qoidaga ko‘ra, ushbu yerlar qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan band bo‘lmagan paytda ruxsat beriladi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari to‘g‘risida”gi 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qarorining 4-bobi.
Yuqoridagi savol va javoblar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli normativ hujjatlari hamda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi ma'lumotlari asosida tayyorlandi.
Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi
TOIFALANGAN SANOAT KORXONALARIDAGI AVARIYAVIY HOLATLARGA KIM AYBDOR? http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/391
«...2020-yil 4-iyun kuni soat 12:31 va 12:33 larda Jizzax viloyatidagi «Jizzax magistral elektr tarmoqlari» filiali balansida bo‘lgan 220 kV kuchlanishli «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ida qisqa muddatli o‘chish sodir bo‘lgan. Soniyaning kichik bo‘laklari ichidagi lahzalarda davom etadigan qayta ulanish jarayoni ikki daqiqa ichida ikki marta sodir bo‘lib, texnik-muhandislik ta'biri bilan aytganda, avtomatik qayta ulanish holati ro‘y bergan.
220 kV kuchlanishli «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ida qisqa muddatga kuchlanish yo‘qolishi oqibatida Jizzax viloyatidagi ba'zi iste'molchilar, shu jumladan «O‘ztransgaz» AJ, «Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJning toifalangan ob'ektlarida qisqa muddatli uzilishlar sodir bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, qisqa tutashuv oqibatida qayta ulanish — yirik gaz kompressorlari va suv nasoslari, bosqichli konveyerlarga ega sanoat korxonalarining rejali ishlari bir necha soatga to‘xtab qolishi demakdir!
Avariyaviy qayta ulanish holatining sabablari o‘rganilganda, 220 kV «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ining 21- va 22-raqamli tayanch ustunlari oralig‘idan «Shavkatbek lalmi dalasi» fermer xo‘jaligiga qarashli 10 kVli elektr elektr tarmog‘i qurib o‘tkazilganligi aniqlandi. O‘rganish jarayonida yana shular ma'lum bo‘ldiki, ushbu 10 kVli havo tarmog‘ini mavjud qoidalarga xilof ravishda, loyiha-smeta hujjatlarini tegishli korxonalar bilan kelishmagan holda o‘zboshimchalik bilan qurib olgan. Natijada 220 kV «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ining 21- va 22-raqamli tayanch ustunlari oralig‘idan kesishib o‘tgan nisbatan past kuchlanishli elektr tarmog‘ining yuqori fazasi simlari orasidagi masofa yaqinlashishi oqibatida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.
Ushbu holat kelgusida takrorlanmasligi uchun «O‘zenergoinspeksiya» Jizzax viloyati hududiy bo‘limi vakillari bilan birgalikda tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi.»
ELEKTR ENERGIYESI TA'MINOTIDAGI UZILIShLAR — ISTE'MOLNING ORTISHI TUFAYLI YUZAGA KELADI http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/582
«...Elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlarning asosiy sababi — havo haroratining sovib ketishi natijasida elektr energiyasi iste'molining keskin ortib ketishi tufayli yuzaga keladi. Shu bilan birga, qisqa muddatli uzilishlar tizimdagi katta avariyalarning oldini olishga imkon beradi. Buning sababi shundaki, har qanday energiya tizimida uning barqaror ishlashi uchun har qanday vaqtda (millionsekund) iste'mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya muvozanati (balansi) ta'minlanishi muhim.»
XAVFSIZLIK TEXNIKASI MASALASIGA BEPARVOLIK, LOQAYDLIK VA E'TIBORSIZLIK — ENERGETIKLARNING BIRINChI RAQAMLI DUSHMANI http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/349
«...Afsuski, ba'zi soha tashkilotlari mas'ullari hayot va texnika xavfsizligi masalasiga jiddiy e'tibor bilan qarashmaydi. Bu holatni elektr energiyasi ta'minotida bevosita ishtirok etuvchi ishchi-xodimlarning xatti-harakatlarida ham kuzatish mumkin. Bunday sovuqqonlik inson hayotiga xavf solib, ta'minot barqarorligiga putur yetkazishi hyech gap emas. Demak, xavfsizlik texnika masalasiga beparvolik, loqaydlik va e'tiborsizlik energetiklarning birinchi raqamli dushmani hisoblanadi.»
https://taftish.uz/2021/05/12/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati