Yangiliklar
ELEKTR TA'MINOTIDAGI UZILISHLAR: ODDIY NOSOZLIKDAN OG'IR OQIBATLI FOJIALARGACHA
  • 26.01.2021
  • 1370

   Yodingizda bo'lsa, 2020-yil 4-iyun kuni Jizzax viloyatidagi "Jizzax magistral elektr tarmoqlari" filiali balansida bo'lgan 220 kV kuchlanishli "Zarbdor–Sarbozor" havo tarmog'ida qisqa muddatli o'chish sodir bo'lgani haqida xabar bergan edik.

 

   "Toifalangan sanoat korxonalaridagi avariyaviy holatlarga kim aybdor?" nomli sarlavha bilan e'lon qilingan maqolada nosozlik tufayli soniyaning kichik bo'laklari ichida davom etadigan qayta ulanish jarayoni ikki daqiqa ichida ikki marta sodir bo'lgani (avtomatik qayta ulanish holati ro'y bergani), buning oqibatida 220 kV kuchlanishli Zarbdor–Sarbozor havo tarmog'ida qisqa muddatga kuchlanish yo'qolishi oqibatida Jizzax viloyatidagi ba'zi iste'molchilar, shu jumladan "O'ztransgaz" AJ, "Navoiy tog'-kon metallurgiya kombinati" AJning toifalangan ob'ektlarida qisqa muddatli uzilishlar sodir bo'lgani haqida so'z yuritgan edik.

   Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/3750

   Batafsil: uzbekistonmet.uz veb-sayti sahifalarida:

Ўзбекча: http://uzbekistonmet.uz/uz/
O‘zbekcha: http://uzbekistonmet.uz/oz/
На русском: http://uzbekistonmet.uz/ru/
 

   Jizzaxdagi holat yuridik shaxslar faoliyati va turdosh tashkilotlar mutaxassislarining o'z ishiga sovuqqonligi oqibatida ro'y bergan bo'lsa, Toshkent viloyatidagi holat fuqarolarning e'tiborsizligi oqibatida sodir bo'lgan, deyish mumkin. Xullas, 2021-yil 21-yanvar kuni soat 09:37 da Toshkent viloyati, Piskent tumani, Guliston MFYda yashovchi fuqaro N.M.ning noto'g'ri va noqonuniy xatti-harakati oqibatida yuqori kuchlanishli elektr tarmog'ida nosozlik kelib chiqqan...

   Aniqrog'i, fuqaro "Toshkent magistral elektr tarmoqlari" filiali balansida bo'lgan 500 kV kuchlanishli L-502-havo tarmog'ining 148-149-sonli tayanchlari oralig'idagi elektr uzatgichning muhofaza hududida jing'ir daraxtini yoqqani tufayli elektr uzatish havo tarmog'ida nosozlik ro'y berib, tarmoq orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadigan hududda ma'lum muddat uzilishlar sodir bo'lgan.

 

   Tarmoqdagi nosozlik avtomatik tarzda ma'lum bo'lgach, "Toshkent MET" filiali xodimlari holat yuzasidan joyiga chiqib, avariya holatini bartaraf etish choralarini ko'rishdi. Nosozlik sabablari aniqlanib, fuqaroning noqonuniy xatti-harakati yuzasidan dalolatnoma tuzildi hamda tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi.

   Shuningdek, belgilangan tartibga ko'ra, "Toshkent magistral elektr tarmoqlari" filiali nomidan Toshkent viloyati Piskent tumani IIB boshlig'i hamda Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig'iga fuqaro sodir etgan noqonuniy xatti-harakati oqibatida yuqori kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog'ida nosozlik kelib chiqqani, holat yirik hududda elektr ta'minotining uzilishiga sabab bo'lgani yuzasidan O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko'rish yuzasidan rasmiy murojaat qilindi.

   Fuqaro o'z hatti-harakatlarining oqibatini tushunmagan bo'lishi mumkin va u buning uchun tegishli tartibda (vakolatli tashkilotlar o'rganishi va qaroriga muvofiq) javobgarlikka tortiladi. Masalaning muhim jihati boshqa bir narsada...

 

   Birinchidan, ko'pgina holatlarda, elektr ta'minotidagi uzilishlarga sabab bo'lgan fuqarolarning o'zi (xavfsizlik texnikasiga amal qilmagan quruvchilar, o'zboshimchalik bilan elektr jihozlarida tuzatish ishlarini olib bormoqchi bo'lgan fuqarolar, taqiqlangan hududda dam olgan katta-kichiklar yoki turli o'yinlarni o'ynab xavfsizlik choralarini qo'pol ravishda buzgan bolalar) jiddiy tan jarohati olishi kuzatiladi. Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi nosozliklarga u yoki bu holatda sababchi bo'lgan shaxslarning aksariyati esa voqea joyida nobud bo'lishi kuzatilgan.

   Ikkinchidan, bu kabi holatlar yuzlab, minglab, o'n-yuz minglab iste'molchilarning ma'lum muddat elektr ta'minotidan bebahra qolishiga, elektr jihozlari va uskunalarining ishdan chiqishiga sabab bo'ladi.

   Eng achinarlisi, iste'molchilar orasida ijtimoiy soha ob'ektlari, shifoxonalar, tug'ruq komplekslari, mehribonlik uylari borligi, ayniqsa bu kabi holatlarning turli vaziyatlarda tezkor harakat qilishi lozim bo'lgan ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, yong'in xavfsizligi, tez tibbiy yordam xizmatlari ish faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi. Xuddi shunday, yirik sanoat korxonalaridagi elektr ta'minotidagi uzilishlar ham iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazadi.

 

   To'g'ri, elektr ta'minoti murakkab texnik-muhandislik jarayoni bo'lib, unda turli nosozliklar ro'y berishi mumkin va alohida ahamiyatga ega iste'molchilar o'zlarining zaxira quvvatlariga ega bo'lishlari lozim. Ammo bir kishining bilimsizligi tufayli minglab kishilar aziyat chekishi — noto'g'ri. Xavfsizlik texnikasi hamda hayot xavfsizligi qoidalariga rioya etmaslik oqibatida kimningdir bu dunyodan erta ko'z yumishi — fojia.

 

   AZIZ FUQAROLAR, HURMATLI ISTE'MOLCHILAR !

   Elektr uzatish havo tarmoqlari va podstansiyalar yaqinida mavjud ogohlantirish belgilariga rioya qiling, hayot xavfsizligi qoidalariga amal qiling! Ayniqsa, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, temir hamda temir-beton konstruksiyali tayanch ustunlari ostidagi muhofaza zonalariga yaqin yurmang!

 

    Mabodo qurilish yoki qishloq xo'jaligi ishlari vajida yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari ostida yoki podstansiyalar yaqinida qandaydir amaliyotlarga qo'l urmoqchi bo'lsangiz, darhol elektr tarmoqlari korxonalari mutaxassislariga murojaat qiling!

 

   "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatining uzbekistonmet.uz veb-sayti, bosh sahifasida O'zbekiston Respublikasining xaritasi shaklida infografika ma'lumotnoma-jadvali joylashtirilgan bo'lib, qaysi hududni belgilasangiz, o'sha hududdagi magistral elektr tarmoqlari filiali haqidagi ma'lumotlarni olish imkoniyatingiz paydo bo'ladi. Ma'lumotnomada telefon raqamlari ham ko'rsatilgan bo'lib, mutaxassislar sizni qiziqtirgan savollarga javob berishadi.

 
❗️ Eslatib o'tamiz: Yolg'on axborot tarqatganlik uchun O'zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik belgilangan.

   O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi "Elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to'g'risida"gi 1050-son qarori 1-ilovasida shunday bandlar mavjud:

   2-bob, 9-band: Elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarining muhofaza zonalari hududlarni kadastr bo'yicha bo'lingan va yer uchastkalari kadastr bo'yicha suratga olingan holda qishloq joylarda yer resurslari tuman xizmatlari tomonidan, shaharlar va shaharchalarda — ko'chmas mulk kadastri xizmatlari tomonidan naturada belgilanadi hamda kadastr ishida qayd etilishi va yer uchastkasining kadastr rejasida aks ettirilishi kerak.

   2-bob, 12-band: Davlat qo'riqxonalari, tabiiy bog'larning qo'riqxona zonalari va davlat rezervatlari va hokazolarning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarida 110, 220 va 500 kilovoltli elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlari qurilishiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan yo'l qo'yiladi.

   Batafsil: Elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari https://nrm.uz/

 

   3-bob, 14-band: Elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarining muhofaza zonalari quyidagicha o'rnatiladi:

   a) elektr uzatish havo liniyalari bo'ylab — chetdagi simlardan, ularning og'magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo'ylab (havo elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo'lgan balandlikdagi) quyidagi masofadagi parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi ko'rinishida kuchlanishi:

   bir kilovoltgacha kuchlanishli liniyalar uchun — 2 metr (binolarning devorlari, konstruksiyalar va hokazalar bo'ylab o'tkazilgan o'zini o'zi tutib turuvchi yoki izolyatsiyalangan simli liniyalar uchun muhofaza zonasi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq o'rnatilgan bunday liniyalardan ruxsat etilgan minimal masofalar bilan aniqlanadi);

20 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 10 metr (aholi punktlari chegaralarida joylashgan o'zini o'zi tutib turuvchi yoki izolyatsiyalangan simli liniyalar uchun 5 metr);

35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 15 metr;

110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 20 metr;

220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 25 metr;

500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 30 metr.

 

   b) yer osti elektr uzatish kabel liniyalari bo'ylab - elektr uzatish liniyasining ikkala tomoniga parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan, chetdagi kabellardan 1 metr, agar kabel liniyalari shaharlarda yo'laklar ostida o'tkazilganda esa — bino va inshootlar tomonga 0,6 metr va ko'chaning transport harakatlanadigan qismi tomoniga 1 metr masofaga chetlangan yer uchastkasining yuza qismi, uning ostida joylashgan (elektr uzatish kabel liniyalari o'tkazilgan chuqurlikka mos chuqurlikdagi) yer qa'ri ko'rinishida;

   v) suv osti elektr uzatish kabel liniyalari bo'ylab — liniyaning har ikki tomoni bo'ylab chetdagi kabellardan 100 metr masofadagi vertikal tekislik bilan cheklangan suv yuzasidan uning tubigacha bo'lgan suv makoni ko'rinishida;

   g) elektr uzatish havo liniyalarini suv havzalaridan (daryolar, kanallar, ko'llar va boshqalar) o'tishlari bo'ylab — suv havzalaring suv sathi ustidagi (balandligi elektr uzatish havo liniyasi tayanchlari balandligiga mos bo'lgan) elektr uzatish liniyasining ikkala tomonidan chetdagi simlardan, ularning o'zgarmagan holatida kema yuradigan suv havzalari uchun 100 metr masofada, kema yurmaydigan suv havzalari uchun esa — elektr uzatish havo liniyalari uchun o'rnatilishi nazarda tutilgan muhofaza zonasi masofada vertikal tekisliklar bilan cheklangan havo makoni ko'rinishida;

   d) podstansiyalar atrofi bo'ylab — podstansiya to'sig'ining barcha tomonlaridan perimetri bo'ylab, podstansiyaning birlamchi kuchlanishiga nisbatan qo'llanilgan holda ushbu bandning "a" kichik bandida ko'rsatilgan, masofada vertikal (balandligi podstansiyaning eng baland nuqtasiga mos bo'lgan) tekisliklar bilan cheklangan yer uchastkasi sathi va havo makoni qismi ko'rinishida.

   Elektr uzatish liniyalari bilan yaqin joylashgan binolar va inshootlar, shuningdek, daraxtlar va boshqa ko'p yillik o'simliklar o'rtasidagi ruxsat etiladigan eng kam masofa elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalarida belgilanadi.

   Mazkur Qoidalarning 12-bandida nazarda tutilgan holatlarda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarining muhofaza zonalari o'lchovi va ularning rejimi O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi bilan kelishilgan holda qarmog'ida elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlari bo'lgan korxona tomonidan belgilanadi. Elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlariga xizmat ko'rsatish uchun yo'llar, kirish yo'llari va boshqa inshootlar Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan loyihalar asosida amalga oshiriladi.

 

   3-bob, 15-band: Muhofaza zonalarida elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarining xavfsiz ishlashining buzilishi, shu jumladan ularning shikastlanishiga yoki yo'q qilib tashlanishiga olib borishi va (yoki) fuqarolarning hayotiga, sog'lig'iga va jismoniy yoki yuridik shaxslarning mulkiga shikast yetkazishi, shuningdek ekologik zarar va yong'in keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan biron-bir harakatni sodir etish, jumladan:

   a) elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash, shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko'tarilish;

   b) texnik qoidalar, normalar va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yaratilgan elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlariga yurib o'tish va transport vositasida o'tish joylariga har qanday ob'ektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish, shuningdek, elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlariga kirish yo'llarini barpo qilmay turib, bunday kirishlarga xalaqit beruvchi har qanday ishni amalga oshirish va inshootlar barpo etish;

   v) taqsimlash qurilmalari va podstansiyalarning to'silgan hududi doirasida va xonalarida bo'lish, taqsimlash qurilmalari va podstansiyalarning eshiklari va lyuklarini ochish, o'chirib-yoqishlarni va elektr tarmoqlarga ulashlarni (ushbu talab o'rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni amalga oshirish bilan band bo'lgan xodimlarga tatbiq etilmaydi) amalga oshirish, podstansiyalarning kirish va taqsimlash qurilmalari, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish;

 

   g) bolalar va sport maydonchalarini, stadionlarni, bozorlarni, savdo shoxobchalarini, dala shiyponlarini, mollar uchun qo'ralarni, har qanday turdagi mashina va mexanizmlar uchun garajlar va turar joylarni joylashtirish, o'rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni bajarish bilan bog'liq bo'lmagan ko'plab odamlar yig'ilishi bilan bog'liq bo'lgan har qanday tadbirlarni o'tkazish (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida);

   d) axlatxonalarni joylashtirish;

   e) zarba beruvchi mexanizmlar bilan ishlarni amalga oshirish, massasi 5 tonnadan ortiq og'irliklarni tashlash, yemiruvchi korroziyalovchi moddalarni va yoqilg'i-moylash materiallarini tashlash va quyish (elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi.

   Batafsil: https://lex.uz/docs/

 

   3-bob, 17-band: Ixtiyorida elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlari bo'lgan korxonaning yozma roziligisiz elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlarining muhofaza zonalari doirasida yuridik va jismoniy shaxslar uchun quyidagilar taqiqlanadi:

   a) har qanday bino va inshootlarni qurish, mukammal ta'mirlash, rekonstruksiya qilish yoki buzish;

   b) har qanday turdagi kon, portlatish, melioratsiya, shu jumladan yerga vaqtinchalik suv bostirish bilan bog'lik ishlarni amalga oshirish;

   v) daraxtlar hamda butalarni ekish va kesish;

   g) suv havzasi tubini chuqurlashtirish, tuproqni kavlab olish va ortish-tushirish ishlari, baliq va boshqa suv jonivorlarini suv osti changaklari bilan tutish, suv o'simliklarini chiqarib olish, (elektr uzatish suv osti kabel liniyalarining muhofaza zonasida);

   d) kemalarning vertikal bo'yicha eng yuqori gabaritidan (yuk bilan yoki yuksiz) elektr uzatish havo liniyalari simlarigacha ruxsat etilgan minimal masofadan kam masofada, shu jumladan toshqin davrida suv sathining maksimal ko'tarilishi hisobga olingan holda o'tish;

   e) umumiy balandligi yo'lning sathidan (yuk bilan yoki yuksiz) 4,5 metrdan ortiq bo'lgan mashina va mexanizmlarning o'tishi (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida);

   j) 0,3 metrdan ortiq chuqurlikda, shudgorlanadigan yerlarda esa 0,45 metrdan ortiq chuqurlikda qazish ishlarini amalga oshirish, shuningdek tuproqni tekislash (elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonasida);

   z) agar suv oqimi balandligi 3 metrdan ortiq bo'lishi mumkin bo'lsa — qishloq xo'jaligi mahsulotlarini sug'orish;

   i) balandligi 4 metrdan ortiq qishloq xo'jaligi mashinalari va uskunalarini qo'llagan holda dala qishloq xo'jaligi ishlarini (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida) yoki yerni haydash bilan bog'liq dala qishloq xo'jaligi ishlarini olib borish (elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi.

 

   3-bob, 18-band: Kuchlanishi 1000 voltgacha bo'lgan elektr tarmog'i xo'jaligi ob'ektlari uchun o'rnatilgan muhofaza zonalarida mazkur Qoidalarning 17-bandida nazarda tutilgan harakatlardan tashqari, elektr ta'minoti korxonasining ruxsatisiz:

   a) har qanday, shu jumladan yoqilg'i-moylash materiallari saqlanadigan omborlarni joylashtirish;

   b) kemalar, barjalar va suzuvchi kranlarning turishi uchun to'xtash joylarini tashkil qilish, kemalardan langar tashlash va ularni tashlangan langarlar, zanjirlar, chuqurlikni o'lchaydigan asboblar, sudralma aravalar va traplar bilan o'tishi (suv osti elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida);

   v) varraklarni, uchish apparatlarini, shu jumladan boshqarilmaydigan uchish apparatlarini uchirish taqiqlanadi.

   AZIZ YURTDOSHLAR !

   O'zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligiga befarq bo'lmang! Xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya eting!


"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

Kanalga a'zo bo'lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>