
Energetika vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dildora Xashimova 25-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
O‘tgan hafta oxirida yurtimizda elektr energiyasining sutkalik iste’moli bo‘yicha yangi rekordi qayd etildi. Xususan, 2026-yil 24-yanvar kuni elektr energiyasi sutkalik iste’molining tarixiy maksimal darajasi yangilandi. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, kunlik umumiy iste’mol 283 million kVt·soatni (kichik quvvatli quyosh generatsiyasini hisobga olmaganda) tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning qish mavsumida eng yuqori sutkalik iste’mol 11-yanvar kuni kuzatilib, 271,8 mln kVt·soatni tashkil etgan edi. Shuningdek, 2025-yilning yoz mavsumida, jumladan iyul oyida elektr energiyasi sutkalik iste’molining eng yuqori ko‘rsatkichi 272,6 mln kVt·soatga yetgan. Tezkor ma’lumotga asosan, o‘tgan shanba kuni bu rekord yangilanib, 283 mln kVt·soat bo‘ldi.
Kecha, 25-yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 264,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Respublika iste’molchilariga 246,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 103 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Tabiiy gaz iste’moli 144,7 mln kub metrni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun kunlik 1,5 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Xususan, tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan (ASKUG) olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun jami 81 813 kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlari uchun 2 ming 300 tonna (rejaga nisbatan 109% ko‘p) suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi, 500 tonna yetkazib berildi. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi suyultirilgan gaz zaxirasi 2 tonnaga oshib, 6,7 ming tonnaga yetdi.
Kecha elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Tizimda 24/7 rejimida kuchaytirilgan tartibda ish olib borilmoqda.
Elektr va gaz ta’minoti korxonalarida jami 1 ming 479 ta maxsus brigada tashkil etilgan, ushbu brigadalar tarkibida 7 ming 596 nafar ishchi-xodim joylarda kechayu kunduz faoliyat yuritib bormoqda.
Manba: https://gov.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati