2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Hisobotlar
2025-yil SARHISOBI: 2030-yilgacha mo‘ljallangan raqamli strategiya dasturi, korxonaning maqsadli IT-arxitekturasi va IT loyihalar portfeli ishlab chiqildi (5-sonli)
  • 15.01.2026
  • 78

“O‘zbekiston MET” AJ Transformatsiyani amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi faoliyati doirasida 2025-yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar va 2026-yilda rejalashtirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot.

Maʼlumki transformatsiya jarayonlari kompaniyaning uzoq muddatli muvaffaqiyatini va raqobatbardoshligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Transformatsiya – bu faqat o‘zgarish emas, balki kompaniyaning faoliyati va rivojlanishi uchun strategik zarurat hisoblanadi. “O‘zbekiston MET” AJda ham transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan,

2025-yilda amalga oshirilgan ishlar

“O‘zbekiston MET” AJni institutsional rivojlantirish, elektr energiyasining erkin bozoriga tayyorlash, uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarni ishlab chiqish, iqtisodiy va inson resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, tizimga raqamli texnologiyalarni va dasturiy taʼminotlarni yana-da kengroq joriy qilish, boshqaruvda va texnologik jarayonlarda inson omilini qisqartirib, adolatli tizimlarni yaratish, korrupsiyani oldini olish, operatsion samaradorlikni oshirish, elektr energetika tizimini ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlash hamda shu kabi boshqa muhim ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik vazifalarni amalga oshirishga eʼtibor qaratildi.

· O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-dekabrdagi “Uzatish va taqsimlash tizimlarini rivojlantirish va tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 844-sonli qaroriga va O‘zbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidagi mavjud 35 kV va undan yuqori kuchlanishli podstansiya va havo tarmoqlari obyektlari majmui uzatish tizimi hisoblanganligi sababli, to‘liq hajmda “O‘zbekiston MET” AJga balans qiymatida o‘tkazildi va uzatish tarmog‘i sifatidagi salohiyati va aktivlari qiymati oshirildi.

·  Xalqaro konsalting kompaniyasi ishtirokida kompaniyamizning 2035-yilgacha mo‘ljallangan moliyaviy modeli ishlab chiqildi va uni muntazam yangilab borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

· Xalqaro kredit reyting agentliklarining tavsiyalariga asosan mustaqil (standalone) kredit reytingini oshirish bo‘yicha Fitch reytings va S&P xalqaro kredit reyting kompaniyalari jalb etildi.

· Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda E&Y konsalting kompaniyasi tomonidan ESG diagnostikasi  o‘tkazildi. Diagnostika natijalarining tahlili va aniqlangan ESG bo‘shliqlarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar va tashabbuslar ro‘yxati ishlab chiqildi. Yuqori ESG reytingiga erishish maqsadida "O‘zbekiston MET" AJning barqaror amaliyotlarini qisqa, o‘rta va uzoq muddatda yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Atmosferaga chiqariladigan Scope 1 va Scope 2 issiqxona gazlarining miqdoriy o‘lchovlari baholandi. Shuningdek ESG barqaror rivojlanish hisobotini yakunlash jarayoni ketmoqda.

· Xalqaro konsalting kompaniyalari ishtirokida xarid jarayonlarining korrupsiyaga qarshi himoya tizimini yaratish va “forenzik” audit tekshiruvlarini o‘tkazish maqsadida PWC xalqaro konsalting kompaniyasi jalb etildi. Hozirda audit yakunlanish bosqichida.

· Kompaniyaning yangi investitsiya siyosati ishlab chiqildi.

Xodimlarni rivojlantirish, moslashtirish va samaradorligini oshirishni o‘z ichiga olgan HR-strategiya ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

· Aksiyadorlik jamiyati xodimlarining malaka talablari qayta ko‘rib chiqildi. Zamonaviy malaka talablariga muvofiq xodimlarni tanlash va ular uchun muntazam o‘quv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

· Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS)ni sifatli joriy etish bo‘yicha uch nafar xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassislar shakllantirildi. 2024-yil va 2025-yilning 6 oyligi uchun xalqaro auditorlar tasdiqlagan yillik IFRS hisobotlari tayyorlandi va nashr etildi.

Bundan tashqari Jahon bankining boshqa “Institutsional salohiyatni oshirish” (IBL) loyihasi doirasida umumiy miqdori – 430 ming AQSH dollari qiymatidagi grant mablag‘lari hisobiga katta to‘rtlikka kiruvchi “PWC” xalqaro konsalting kompaniyasi jalb etilgan holda quyidagi 3 ta loyiha amalga oshirildi:

1. Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS)ga muvofiq yangi moliyaviy hisobot siyosati ishlab chiqildi.

2. Qisqa, o‘rta va uzoq muddatli byudjetlashtirish tizimi joriy etildi.

3. COSO (Committee of Sponsoring Organizations of the Treadway Commission) konsepsiyasiga asoslangan risklarni boshqarish tizimi joriy etildi. COSO konsepsiyasi – bu tashkilotlarda ichki nazorat va risklarni boshqarish tizimlarini tashkil qilish va baholash uchun keng qabul qilingan standartlar to‘plami hisoblanadi.

Raqamlashtirish yo‘nalishlarida:

· 2030-yilgacha mo‘ljallangan raqamli strategiya dasturi ishlab chiqildi.

·  Asosiy biznes-jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash va strategik maqsadlarga erishish uchun korxonaning maqsadli IT-arxitekturasi va IT loyihalar portfeli ishlab chiqildi.

·  Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan axborot-o‘lchov tizimi (AISKUE) joriy etildi.

·  Kompaniyada axborot xavfsizligini taʼminlaydigan DLP tizimi joriy etildi.

2026-yilda amalga oshiriladigan ishlar

Bu davrda sog‘lom raqobat muhitiga, narx shakllanishining erkin va shaffof bozor mexanizmlariga moslashish, elektr energetika tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, sohaga davlat kafolatisiz xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda elektr energiyasi taʼminotining uzluksizligi va barqarorligini taʼminlash choralari ko‘riladi. Jumladan,

·  Mamlakat elektr energetika sektori Master-rejasiga asoslangan holda 2035 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi ishlab chiqiladi va Kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.

· Ishlab chiqilgan moliyaviy modeldan kelib chiqib, yetishmayotgan mablag‘larni qoplash va kapital jalb qilish uchun (hamda PQ-329 ga asosan) 2026-yilda Nyu-York, London kabi yirik xalqaro fond birjalarida (300 mln yevro miqdorida) obligatsiyalar joylashtiriladi va kompaniyaga uzoq muddatli moliyaviy resurslar jalb etiladi.

· 2027-yilda Kompaniya qiymatini oshirib, davlat aksiya paketlarini kapital bozori orqali xususiylashtirish (IPO chiqarish, yaʼni aksiyalarni birinchi ommaviy taklif qilish) choralari ko‘riladi. Jarayon uzoq muddatni talab etgani uchun 2026-yilda tayyorgarlik ko‘riladi va 2027-yilda amalga oshiriladi. Bunda aksiyadorlik jamiyatimiz xususiy (private) maqomdan ommaviy (public) maqomiga o‘tadi.

 Xalqaro standartlarga muvofiq 2025-yil uchun Barqaror rivojlanish hisoboti (ESG hisoboti) ishlab chiqiladi va keyinchalik ESG reytingiga ega bo‘lish choralari ko‘riladi.

· Moliyaviy hisobotni xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS)ga muvofiq yuritish va buxgalteriya hisobini takomillashtirish bo‘yicha MHXS bo‘yicha tarkibiy bo‘linmada xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan kamida 3 nafar xodimning mavjud bo‘lishi, shuningdek, mazkur bo‘linma rahbarining yakunlangan ACCA DipIFR  sertifikatiga ega bo‘lishi taʼminlanadi. 2025-yil yakuni bo‘yicha MHXS asosidagi yillik moliyaviy hisobotlarni 15-iyunga qadar tayyorlash, auditdan o‘tkazish va eʼlon qilish hamda 2026-yil 6 oylik davri bo‘yicha (oraliq) MHXS asosida hisobotni 30-sentyabrga qadar tayyorlash, auditdan o‘tkazish va eʼlon qilish taʼminlanadi.

· Ichki audit xizmatiga yuqori malakaga ega va zaruriy hajmdagi (kamida 2 nafar) mutaxassislarni jalb qilish hamda Ichki audit xizmati rahbarining xalqaro darajadagi sertifikatga ega bo‘lishini taʼminlash choralari ko‘riladi.

· Risklarni boshqarish bo‘yicha korxonaning Kuzatuv kengashi yoki boshqaruv raisiga bo‘ysunuvchi, kamida 2 nafar xodimdan iborat tarkibiy bo‘linma shakllantiriladi. Bo‘linma faoliyati SOSO yoki ISO 31000 standartlari asosida ishlab chiqilgan metodologiya asosida yo‘lga qo‘yiladi.

· “Dispetcherlik nazorati va maʼlumotlarni yig‘ish” bo‘yicha (SCADA), “Elektr energiyasini boshqarish” bo‘yicha (EMS) hamda “Resurslarni samarali boshqarish” bo‘yicha (ERP) tizimlarini joriy etish bilan bog‘liq ishlar amalga oshiriladi. Shundan “Resurslarni samarali boshqarish” bo‘yicha (ERP) tizimi to‘liq ishga tushuriladi.

· Asosiy texnologik jarayonlarni raqamlashtirish orqali operatsion samaradorlikni oshirish, jumladan zamonaviy ishlab chiqarish tizimlarini (PI System va shunga o‘xshash) joriy etish, jumladan sunʼiy intellekt (agentic AI) yordamida avtomatlashtirish, ishlab chiqarish operatsiyalarini prognoz tahlil qilish va optimallashtirish bo‘yicha ham ishlar olib boriladi.

 

B. A. Mavlonov, Transformatsiyani amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi boshlig‘i

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati