Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasidagi “Tezkor xodimlarni tayyorlash” o‘quv markazida Rossiya Federatsiyasi hamda Belarus Respublikasi yetakchi ekspertlari ishtirokida malaka oshirmoqda.
Ma’lumki, 2025-yil 16-oktabr kuni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasida “Tezkor xodimlarni tayyorlash” o‘quv markazi hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali binosining foydalanishga topshirilgan edi.
M
azkur markazning tashkil etilish tarixi 2022-yilga borib taqaladi. Dastavval, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida mutaxassis kadrlar malakasini muntazam oshirib borish hamda ularni zamonaviy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish, ishlab chiqarish hamda ta’lim tizimini uyg‘unlashtirish maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti bilan Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. So‘ng ta’lim yo‘nalishlari yuzasidan o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha Aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari hamda Universitet professor-o‘qituvchilaridan iborat Ishchi guruh tuzildi.
2024-yil 31-maydagi 20-sonli Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi qaroriga binoan 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasi hududida zamonaviy “O‘quv mashg‘ulotlari, rele himoyasi va boshqa xizmatlar uchun laboratoriya binosi” qurilib, foydalanishga topshirildi. So‘ngra mazkur bino-inshooti negizida “Tezkor xodimlarni tayyorlash” o‘quv markazi hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali tashkil etildi.
.jpg)
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yangi bino qurilgunga qadar, ya’ni 2024–2025-o‘quv yilida ta’lim jarayonining ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash maqsadida “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali tarkibida 220 kV kuchlanishli “Keles” podstansiyasida Toshkent davlat texnika universitetining “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali faoliyat yuritgan bo‘lib, unda jami 160 nafar (shundan, 3-bosqich talabalari – 93 nafar, 4-bosqich talabalari – 67 nafar) talabalar dual ta’lim tizimi asosida tasdiqlangan o‘quv grafigi bo‘yicha tahsil olgan edilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘iga asosan, Tarmoq ilmiy-texnik kengashi faoliyatini rivojlantirish maqsadida, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti “Energetika” fakulteti faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2024/2025-yillar uchun tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, o‘tgan yillar davomida Aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari hamda soha faxriylari turli oliy o‘quv yurtlarida “mahorat darsi” mashg‘ulotlarini o‘tishdi.
Foydalanishga topshirilgan “Tezkor xodimlarni tayyorlash” o‘quv markazida tashkil etilgan o‘quv-amaliyot poligonida mavjud elektr uskuna va jihozlar shartli uch qismga bo‘lingan bo‘lib, birinchi qismida elektr energetika tarmog‘ida qariyb yarim asr vaqt davomida foydalanib kelinayotgan eski uskunalar va ularning ishlash prinsipi talabalarga batafsil tushuntiriladi. Keyin, poligonning ikkinchi qismida jamlangan yangi avlod uskuna va jihozlari hamda ularning ishlash prinsiplari o‘zaro solishtirish, taqqoslash orqali o‘rganiladi. Shundan so‘ng binoning ichki qismiga jamlanayotgan yangi qurilmalar va ularning elektron chizmalari ko‘rsatiladi. Shu orqali talabalar ham, sohaga endi kirib kelgan yosh muhandislar ham elektr energetika tarmog‘iga tatbiq etilayotgan innovatsion ishlanmalar, zamonaviy uskuna va jihozlar bilan yaqindan tanishib, ularni to‘g‘ri eskpluatatsiya qilish sabog‘ini oladilar.
.jpg)
Bir so‘z bilan aytganda, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining mutaxassis kadrlari malakasini oshirib borish, ularni zamonaviy va ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish maqsadida bir qator malaka oshirish kurslari hamda o‘quv seminarlari tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi o‘quv-amaliy seminar joriy yilning 4–5-noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining «Izolyator» kompaniyalari guruhi ilmiy birlashmasi yetakchi xodimlari hamda Belorus Respublikasi “Energokomplekt” korxonasi amaliyotchi mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi. Seminar ishini Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Sadullayevich Artikov ochib berdi. Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Islom Ibragimovich Xamidov seminar ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Seminarda “Energokomplekt” korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Igor Yurevich Vodopyanov va bosh muhandis — texnika fanlari nomzodi Andrey Mixaylovich Korotkevich, shuningdek, “Izolyator” kompaniyalari guruhi yetakchi menejeri Arseniy Igorevich Martov, servis markazi boshlig‘i Sergey Aleksandrovich Kodemaskin, Ilmiy tadqiqot bo‘yicha direktor — texnika fanlari nomzodi Mixail Yurevich Shuvalov o‘z ma’ruza va taqdimot materiallari bilan ishtirok etdi.
220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasi hududida ochilgan “Tezkor xodimlarni tayyorlash” o‘quv markazida magistral elektr tarmoqlari filiali direktori va bosh muhandislaridan iborat tinglovchilar guruhi ikki kun davomida “35–110 va 220–500 kV kuchlanishli elektr kabel liniyalarini ekspluatatsiya qilish, kabel muftalarini montaj qilish” mavzusida o‘z bilim-ko‘nikmalarini oshirdilar.
.jpg)
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda energetika sohasi, jumladan elektr energetika tarmog‘i barqaror ishlashi va energetika xavfsizligini ta’minlashda yuqori kuchlanishli tarmoqlarning ahamiyati juda katta. Magistral elektr tarmoqlarini to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, demontaj va montaj, ta’mirlash-sozlash ishlarini to‘g‘ri bajarish elektr uzatish tizimining barqaror faoliyatini ta’minlovchi bosh omil hisoblanadi. Aynan shu jarayonda mutaxassislarning bilim-malakasi yuqori bo‘lishi, ular innovatsion texnologiya va yangi ishlanmalardan xabardor, zamonaviy uskuna va jihozlarni amaliyotga tatbiq etishda mohir ishtirokchi bo‘lishini talab etadi.
Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan, ikki kun davom etadigan o‘quv seminarida aynan shu masalalar chuqur o‘rganildi, atroflicha tahlil etilib, xorijlik mutaxassislar bilan fikr almashinildi. Qolaversa, ushbu o‘quv jarayoni bevosita ishlab chiqarish sohasidagi xorijiy hamkorlik va tajribani mustahkamladi.
-Recovered(10).jpg)
Eslatib o‘tamiz, mazkur markaz negizida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali ham faoliyat yuritadi. Seminarda, shuningdek, oliy o‘quv yurti pedagogik jamoasi ham faol ishtirok etdi.
Seminar davomida tinglovchilarga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulov tomonidan “mahorat darsi” o‘tib berildi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassislar yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida olib borilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi PQ-4249-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Aksiyadorlik jamiyati magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish, elektr energiyasini yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari orqali taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish hamda elektr energiyasi davlatlararo tranzitni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda Aksiyadorlik jamiyati balansida 51 780,1 MVA to‘la quvvatga ega 35–110–220 va 500 kV kuchlanishli 1583 ta podstansiya hamda 37211,4 km uzunlikdagi 35–110–220 va 500 kV kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlari mavjud.
Manba: https://qalampir.uz/uz/news/
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati




