

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining mutaxassis kadrlari malakasini oshirib borish, ularni zamonaviy va ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish maqsadida bir qator malaka oshirish kurslari hamda o‘quv seminarlari tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi o‘quv-amaliy seminar joriy yilning 4–5-noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining “Izolyator” kompaniyalari guruhi ilmiy birlashmasi yetakchi xodimlari hamda Belorus Respublikasi “Energokomplekt” korxonasi amaliyotchi mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi. Seminar ishini Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari S.S.Artikov ochib berdi. Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i I.I.Xamidov seminar ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Seminarda “Energokomplekt” korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Igor Yuryevich Vodopyanov va bosh muhandis — texnika fanlari nomzodi Andrey Mixaylovich Korotkevich, shuningdek, “Izolyator” kompaniyalari guruhi yetakchi menejeri Arseniy Igoryevich Martov, servis markazi boshlig‘i Sergey Aleksandrovich Kodemaskin, Ilmiy tadqiqot bo‘yicha direktor — texnika fanlari nomzodi Mixail Yuryevich Shuvalov o‘z maʼruza va taqdimot materiallari bilan ishtirok etmoqda.
Magistral elektr tarmoqlari filiali direktori va bosh muhandislaridan iborat tinglovchilar guruhi ikki kun davomida 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasida yangi ochilgan «Tezkor xodimlarni tayyorlash» o‘quv markazida «35–110 va 220–500 kV kuchlanishli elektr kabel liniyalarini ekspluatatsiya qilish, kabel muftalarini montaj qilish» mavzusida o‘z bilim-ko‘nikmalarini oshiradilar.
Bugungi kunda energetika sohasi, jumladan elektr energetika tarmog‘i barqaror ishlashi va energetika xavfsizligini taʼminlashda yuqori kuchlanishli tarmoqlarning ahamiyati juda katta. Magistral elektr tarmoqlarini to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, demontaj va montaj, taʼmirlash-sozlash ishlarini to‘g‘ri bajarish elektr uzatish tizimining barqaror faoliyatini taʼminlovchi bosh omil hisoblanadi. Aynan shu jarayonda mutaxassislarning bilim-malakasi yuqori bo‘lishi, ular innovatsion texnologiya va yangi ishlanmalardan xabardor, zamonaviy uskuna va jihozlarni amaliyotga tatbiq etishda mohir ishtirokchi bo‘lishini talab etadi.
Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan, ikki kun davom etadigan o‘quv seminarida aynan shu masalalar chuqur o‘rganiladi, atroflicha tahlil etilib, xorijlik mutaxassislar bilan fikr almashiniladi. Qolaversa, ushbu o‘quv jarayoni bevosita ishlab chiqarish sohasidagi xorijiy hamkorlik va tajribani mustahkamlaydi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur markaz negizida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakulteti “Elektr stansiyalari, tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi filiali ham faoliyat yuritadi. Seminarda, shuningdek, oliy o‘quv yurti pedagogik jamoasi ham faol ishtirok etmoqda.
Seminar davomida tinglovchilarga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boishqaruvi raisi D.A.Isaqulov tomonidan «mahorat darsi» o‘tib berish ham rejalashtirilgan.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati