2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Matbuot anjumani: Energetika sohasida barqarorlik sari amaliy ishlar va erishilgan natijalar. Kuz-qish mavsumi — mas’uliyatli davrda aniq choralar
  • 29.10.2025
  • 71

Joriy yilning 28-oktyabr kuni Milliy matbuot markazida “Yoqilg‘i-energetika sohasida amaliy ishlar, erishilgan natijalar va mavsumiy vazifalar muhokamasi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Energetika vaziri, yoqilg‘i-energetika sohasi korxonalari rahbariyati va mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, oktyabr oyidan boshlab energetika tizimi kuz-qish mavsumidagi rejimga o‘tgan bo‘lib, vazirlik va tizim korxonalarida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida 24/7 rejimida navbatchiliklar tashkil etildi. Elektr ta’minoti bo‘yicha “1154” raqami va gaz ta’minoti bo‘yicha “1104” raqami orqali “kall-markaz”lari tun-u kun faoliyat yuritmoqda.

Energetika vaziri OAV vakillariga joriy yilning o‘tgan davriga qadar amalga oshirilgan ishlar va yil yakunigacha belgilangan rejalar hamda istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumotlar berdi.

Xususan, elektr ta’minoti bo‘yicha: joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimiz bo‘ylab uzunligi 7 ming 455 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va 1 ming 748 ta transformator punkti yangilandi.

Buning natijasida 954 ta mahalladagi 800 mingdan ortiq xonadonlarning elektr ta’minoti yaxshilandi.

Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya iste’moli soatiga 13,3 gigavatt, ya’ni kuniga 270-275 million kVt·soat bo‘lgan bo‘lsa, joriy qish mavsumida soatiga 13,5 gigavatt, kuniga esa 290-300 million kVt·soatgacha yetishi kutilmoqda.

O‘tgan yili 81,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025-yil yakuni bilan 85,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda ishga tushirilgan yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 4682 MVt bo‘lib, ular tomonidan joriy yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 9 mlrd kVt·soatdan oshdi. Gidroelektr stansiyalari bilan hisoblaganda jami “yashil” energiya hajmi 14,5 mlrd kVt·soatdan oshdi. Buning natijasida respublikamizda umumiy ishlab chiqarishda “yashil” energiya ulushi 23 foizni tashkil qildi.

2025-yil yakuni bilan umumiy quvvati 3 000 megavattdan ortiq bo‘lgan quyosh va shamol, 1 167 megavatt quvvatli issiqlik elektr stansiyalari, 1 500 megavattdan ortiq energiya saqlash tizimlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bugungi kunga kelib, umumiy 40,1 MVt quvvatga ega 59 ta mikro GES ishga tushirilgan. 2025 yil yakunida qo‘shimcha 15,0 MVt quvvatdagi 13 ta yangi mikro GES ishga tushiriladi.

Mavsumda respublikada elektr energiyasi iste’moli qariyb 47 mlrd kVt·soatni (kunlik o‘rtacha 257 mln kVt·soat yoki o‘tgan yilga nisbatan 20 mln kVt·soatga ko‘p, maksimal sutkalik 290-300 mln kVt·soat) tashkil etishi kutilmoqda.

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi.

2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yil noyabr oyida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”, “Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritilgan oilalar hamda “Mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha shakllantirilgan ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi.

Gaz ta’minoti bo‘yicha: 553,8 km uzunlikdagi yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari va 971 ta gaz taqsimlash punktlari yangilandi, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Joriy yil boshidan 512,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar yana 142,4 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun qo‘shimcha 29 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari zaxirasi yaratildi.

Yana bir muhim masala. Suyultirilgan gaz ta’minoti bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirilmoqda. Iste’molchilarga maishiy gaz ballonlarni manzilli yetkazib berishda shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida yangi “Face-ID” tizimi (dastlab Andijon viloyati) ishga tushirildi. Mazkur tizim orqali suyultirilgan gaz iste’molchilarining ma’lumotlari bazasi shakllantirilmoqda.

“UGaz” tizimi: gaz quyish shoxobchalari va fuqarolar xavfsizligi hamda hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlovchi “UGaz” tizimi ishga tushirildi.

“UGaz” tizimi orqali har bir gaz quyish shoxobchasida jarayonlar real vaqt rejimida qayd etiladi.

Avtomashina gaz quyish shoxobchasiga kirganda uning texnik ko‘rikdan o‘tganligi avtomatik tarzda tekshiriladi. Agar texnik ko‘rik muddati tugagan bo‘lsa — tizim operatorga xabar beradi.

Shuningdek, agar yoqilg‘i turi mos kelmasa yoki ballon ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, tizim bu haqda ham operatorni shu joyning o‘zida ogohlantiradi. Bu – AGTKSh, haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlaydi.

Tizim orqali tabiiy gazni sotish jarayonlarining shaffofligi ta’minlanadi. Ya’ni, gaz quyish shoxobchasi qabul qilib olayotgan gaz hajmlarining aniq hisob-kitobi yuritiladi. Bu esa, shoxobchalarning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olishga xizmat qiladi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, AGTKShlaridagi har bir gaz to‘ldirish kolonkasi va undagi xodim faoliyati onlayn nazorat qilinadi.

Bugungi kunda Respublika bo‘yicha 1 512 ta AGTKSh bo‘lib, shundan “Ugaz” tizimida 1366 tasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shundan 691 tasi to‘liq raqamlashtirilgan. Joriy yil yakuniga qadar qolgan barcha AGTKShni raqamlashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Jumladan, Toshkent viloyati - 74, Toshkent sh. - 45, Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 34, Namangan viloyati- 75, Surxondaryo viloyati- 43, Qashqadaryo viloyati - 48, Buxoro viloyati - 61, Samarqand viloyati - 43, Xorazm viloyati- 19, Andijon viloyati – 70, Farg‘ona viloyati - 115, Navoiy viloyati- 44, Jizzax viloyati– 14, Sirdaryo viloyati - 6.

Ko‘mir ta’minoti bo‘yicha: 2025/2026-yillar kuz-qish davri uchun iste’molchilarga jami 10 mln tonna mahalliy va 2 mln tonna import ko‘mir ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan, issiqlik elektr stansiyalariga – 4,9 mln tonna, budjet tashkilotlariga – 660 ming tonna, aholiga – 1,5 mln tonna, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlarga – 3,1 mln tonna.

Amalda, issiqlik elektr stansiyalariga 4,2 mln tonna (95 foiz) yetkazib berildi. Hozirda issiqlik elektr stansiyalarida 724 ming tonna ko‘mir zaxirasi mavjud. Budjet tashkilotlariga mavsum boshidan 685 ming tonna (104 foiz) yetkazib berildi. Aholi iste’molchilariga mavsum boshidan 450 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi. Bugungi kun holatiga hududlarda 27 ming tonna ko‘mir zahirasi va 68 ming tonna temir yo‘l orqali bormoqda.

II. Import ko‘mir bo‘yicha:

2025-yil 28-oktabrga qadar xususiy tadbirkorlar tomonidan jami 2,9 mln tonna ko‘mir importi amalga oshirildi, jumladan, markazlashgan holda 727 ming tonna yoki rejaga nisbatan 145 foiz ko‘mir import qilingan. Bugungi kunda omborlarda 200 ming tonna import ko‘mir qoldig‘i mavjud.

Neft mahsulotlari ta’minoti bo‘yicha: kuz-qish davrida jami 995 ming tonna avtobenzin yetkazib berish reja qilingan. Bundan tashqari, ehtiyoj keskin oshgan holatlar uchun 65 ming tonna avtobenzin zaxirasi yaratilgan.

Dizel yonilg‘isiga bo‘lgan jami talab 776 ming tonnani tashkil etishi kutilmoqda va ushbu hajmlarni o‘z vaqtida yetkazib berish choralari ko‘rilgan.

Energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha: 2025-yil uchun jami 6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi va 4,4 mlrd kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi maqsad qilingan.

Bugungi kunga qadar yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali 9 mlrd kVt·soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilishi natijasida 2,7 mlrd kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.

Joriy yil yakuniga qadar yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarida o‘tgan yilga nisbatan qo‘shimcha 5,6 mlrd kVt·soat (2025-yilda jami 10,5 mlrd kVt·soat) elektr energiyasi ishlab chiqarilishi natijasida qo‘shimcha 1,7 mlrd kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Shuningdek, barcha hududlarda va tarmoqlarda ham energiya tejamkorlik bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Bugungi kunga qadar ko‘rilgan choralar natijasida 2,6 mlrd kub metr tabiiy gaz va 5,8 mlrd kVt·soat  elektr energiyasi iqtisod qilindi.

Tizimda olib borilgan ishlar natijasida avariyaviy o‘chishlar soni 50 foizga kamaydi, shuningdek, avariyaviy holatlarni bartaraf etish davomiyligi 1-1,5 soatgacha qisqartirildi.

Avariyani bartaraf etish uchun hududlarda jami 908 ta transformator, 538 tonna transformator moyi, 546 km kabel, 95 tonna sim, 4,1 ming ta tayanch hamda 88 mingta ehtiyot qismlar (izolyator va ajratkich) hamda muftalar zaxirasi yaratilib, 6 505 tadan ortiq xodimdan iborat jami 1 201 ta brigada va ularga xizmat ko‘rsatuvchi 905 ta avtomashina hamda 370 ta maxsus texnikalar shay holatga keltirildi.

Hududlarda avariyaviy holatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tuzilib, ular zarur texnika, zaxira materiallari va himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Mavsumda iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan holda tizimli ishlar tashkil qilinadi.

Tadbir yakunida jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javoblar berildi.

Manba: https://gov.uz/oz/minenergy/news/view/96606

https://www.gazeta.uz/Министр энергетики — о том, как Узбекистан подготовился к осенне-зимнему сезону

https://uza.uz/Jo‘rabek Mirzamahmudov: Kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati