Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan korporativ va budjet buyurtmachilarida davlat xaridi tizimini yana-da takomillashtirish hamda korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, ularning joriy ishlab chiqarish faoliyati uzluksiz amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida 2021-yil 2-iyul sanasida “Davlat xaridlari shaffofligini taʼminlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–5171-son qarori imzolangan edi.
Mazkur qarorning “Davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlari alohida tartibda nazorat qilinadigan ayrim korporativ va budjet buyurtmachilari ro‘yxati” nomli 1-sonli ilova jadvalining 13-qatorida «O‘zbekiston milliiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati nomi qayd etilgan.
Maʼlumot o‘rnida: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi PQ–4249-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.
Demak, Aksiyadorlik jamiyati davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt va uning asosiy vazifasi — magistral elektr tarmoqlari hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalar orqali generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan, bundan tashqari, hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq qo‘shni respublikalar energetika tizimlaridan import qilingan elektr energiyasini taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish (transportirovka) qilishdan iborat. Shuningdek, tashkilot elektr energiyasini davlatlararo tranzitini ham amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, Aksiyadorlik jamiyati joriy va mukammal (kapital) taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi, ekspluatatsiya jarayoniga xizmat ko‘rsatuvchi o‘z personali yoki yollangan mutaxassislarning mehnat faoliyatiga (xizmatga) haq to‘lash hamda taʼmirlash-tiklash, yoqilg‘i-moylash va boshqa turdagi zarur materiallarni xarid qiladi.
Shu bilan birga, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rivojlantirish, yaʼni yangi tarmoq va podstansiyalar qurish, yangi generatsiya loyihalari ochiq taqsimlash qurilmalaridan chiquvchi tarmoqlarni O‘zbekiston elektr energetika umumtizimiga ulash kabi muhim vazifalarni bajaradi va, tabiiyki, eʼlon qilingan xalqaro tender tanlovlariga asosan quriladigan elektr tarmoqlari uchun zarur tayyor va yarimtayyor mahsulotlarni, ehtiyot qism va yoqilg‘i-moylash materiallarini xarid qiladi, turli xizmatlar uchun maxsus qurilish-montaj tashkilotlari xizmati uchun to‘lovlarni amalga oshiradi.
Aksiyadorlik jamiyati hisob raqamiga ko‘rsatilgan xizmat uchun tushgan pul mablag‘lari to‘planib, unda daromad manbalari va xarajat hajmi hamda yo‘nalishi o‘z aksini topadi. Davlat xarajatlarining ajralmas tarkibiy qismi sifatida davlat xaridlari muhim ahamiyatga ega hamda u Aksiyadorlik jamiyatining o‘z vazifa va funksiyalarini amalga oshirishda asosiy vositalardan biri hisoblanadi.
Davlat sektori o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish, Aksiyadorlik jamiyatida mehnat faoliyati yuritayotgan ishchi-xodimlarni doimiy ish va daromad bilan taʼminlash, shuningdek, ularning turmush darajasini yaxshilash hamda shu kabi boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi ustuvor maqsadlarga erishishni taʼminlash uchun doimiy ravishda tovar, ish va xizmatlar bilan taʼminlab turilishi zarur. Bunda, albatta, davlat xaridlariga ehtiyoj seziladi.
Davlat unitar korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlarining bu boradagi masʼuliyatini oshirish, mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan fiskal xatarlarni pasaytirish — ko‘zlangan maqsadlarga muvofiq tarzda olib borilishi lozim.
Keling, shu o‘rinda davlat xaridlari nima, degan savolga javob topaylik.
Davlat xaridlari – budjet tizimi va shakllantirilgan xo‘jalik budjetining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tovarlar, ish va xizmatlar xaridlaridir. Boshqa so‘z bilan aytganda, davlat xaridlari — tovar (ish, xizmat)larni davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olish hisoblanadi. Davlat xaridlarining mazmun-mohiyatini to‘liq tushunishda uning vazifalariga eʼtibor berish lozim.
Davlat xaridlarining vazifalari davlat boshqaruvi faoliyati uchun zarur tovar, xizmat hamda bajariladigan ishlar bilan o‘z vaqtida, kerakli miqdorda va turda, sifatda hamda narxda taʼminlashdan tashqari raqobatni rivojlantirish uchun davlat xaridlariga ko‘proq tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro andozalarga mos sifatli mahsulot ishlab chiqarishga undashdan iboratdir. Bu vazifalarni amalga oshirish orqali mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hamda ijtimoiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlarga taʼsir ko‘rsatish mumkin bo‘ladi. Tabiiyki, bu jarayon xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun har tomonlama ham foydali.
Davlat xaridlari — bozor elementi hisoblanib, uning yordami bilan iqtisodiyotning turli sohalarida mablag‘larni taqsimlash va samaradorligini oshirish sodir bo‘ladi. Bu esa davlat xaridlari sohasiga eʼtiborli bo‘lishni va uni rivojlantirishni talab qiladi, bunda, albatta, tizimli yondashuv zarur.
Mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikka katta imkoniyatlar berilayotgani va bu davlat siyosatining bosh islohotlaridan biriga aylanganidan so‘ng davlat xaridlari tizimini shakllantirish va takomillashtirish maqsadida islohotlar o‘tkazishga katta ahamiyat berildi. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi “2023–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat xaridlari tizimini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezidenti qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Demak, ushbu tizim yana-da rivojlanishi va takomillashuvi lozim. Boshqacharoq aytganda, davlat xarjlari jarayoni samarador ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi, jarayon ochiq va shaffoflikni taʼminlay olishi, korrupsiyaga qarshi kurashishda uning mukammalligi kafolatlangan bo‘lishi va turli kiberhujumlardan himoyalangan bo‘lishi ham lozim.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, keyingi vaqtlarda mamlakatimizda davlat xaridlari sohasini rivojlantirish borasida qator yutuqlarga erishilgani rost. Misol uchun, davlat xaridlari jarayonlari raqamlashtirildi; xaridlarni amalga oshirishda raqobat muhitining kengayishiga imkoniyat yaratildi; davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarning barcha uchun ochiqligi va shaffofligi taʼminlana boshlandi; tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligiga qaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar yaratila boshlandi.
Shu bilan birga, davlat xaridlari sohasini yana-da takomillashtirish, shuningdek, kelgusi yillar uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan davlat xaridlari sohasidagi yagona siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Davlat xaridlari sohasini tartibga solishning asosiy maqsadlariga erishish, davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish tizimini, shu jumladan, elektron tizimini yana-da rivojlantirish, uning samaradorligi va ochiqligini oshirish, “yashil” davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yangi Prezident qarori loyihasi bilan quyidagi vazifalar:
1. 2023–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari tizimini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi;
2. Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanishi:
davlat xaridlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, o‘quv-metodik, ilmiy va axborot-tahliliy bazani takomillashtirish hamda tizimlashtirish;
barqaror davlat xaridlarini, jumladan “yashil” davlat xaridlarini amalga oshirish;
davlat xaridlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini yana-da kengaytirish;
davlat xaridlari jarayonlarida ishtirok etuvchi taraflarning shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini monitoring, tahlil va nazorat qilishning raqamli texnologiyalarga asoslangan kompleks tizimini joriy etish;
davlat xaridlari jarayonlarida ishtirok etuvchi tadbirkorlik subyektlarining ko‘lamini yana-da kengaytirish;
davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish;
davlat xaridlari sohasida raqamli texnologiyalar yordamida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va oldini olishga qaratilgan zamonaviy mexanizmlarni amaliyotga joriy etish;
xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazishga masʼul shaxslarni muntazam o‘qitish va malakasini oshirish kabi masalalarni bajarish nazarda tutilgan.
3. 2023–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari tizimini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi;
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan:
barqaror davlat xaridlarini, shu jumladan “yashil” davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnomani ishlab chiqsin va amaliyotga bosqichma-bosqich joriy qilish choralarini ko‘rish;
tasdiqlangan yo‘riqnomaga muvofiq barqaror davlat xaridlari bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
“yashil” davlat xaridlarini amalga oshirish doirasida davlat buyurtmachilarining salohiyatini tizimli tarzda oshirib borish;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qaror bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi taʼminlanishi nazarda tutilgan.
Bu qarorning qabul qilinishi, o‘z navbatida, 2023–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasida davlat xaridlari tizimini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha yangi strategiyani amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Davlat xaridlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini yana-da kengaytirish, shuningdek, mazkur jarayonda ishtirok etuvchi taraflarning shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini monitoring, tahlil va nazorat qilishning raqamli texnologiyalarga asoslangan kompleks tizimini joriy — davlat xaridlarining ochiq va shaffof mexanizmini yaratish, uni takomillashtirish, savdolarning korrupsiyadan holi tarzda o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida respublikada amalga oshirilayotgan ishlar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni uzviy davom ettirish bilan birga mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga qaratilgan navbatdagi bosqich amaliyotlaridir.
Shu o‘rinda mavjud muammolarni ham alohida tilga olish va buni oshkor bayon qilish, aniqrog‘i yuzaga kelayotgan muammolar orqali davlat xaridlari jarayoniga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish lozim.
Davlat xaridlari jarayonidagi kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgani, bu borada izchil islohotlar olib borilayotganiga qaramay xaridlarni amalga oshirish bilan bog‘liq ayrim muammo va kamchiliklar yuzaga kelmoqda. Masalan, xarid qilish tartib-taomiliga ko‘ra elektron do‘konda barcha davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar qatnashish imkoniyatiga ega. Davlat korxonalari tomonidan tovar (ish xizmat)ga talab bo‘lganda elektron portalga eʼlon beriladi va kichik mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan tashkilotlar o‘z xizmatlari va tovarlarini taklif qilib savdoda qatnashishadi. Aslini olganda bu tashkilotlarning barchasi ham ushbu xizmat bilan shug‘ulllanmaydi yoki zahirasida mahsulot / tovarlar mavjud bo‘lmaydi. Oqibatda savdo jarayoni amalga oshmaydi va avtomatik ravishdagi elektron shartnomaga asosan shartnoma shartlari bajarilmaydi. Bu, o‘z-o‘zidan, yuridik jihatdan chora ko‘rishga maʼmuriy jazo qo‘llanilishiga sabab bo‘lsa-da, bu ishga yo‘l qo‘yganlar ko‘p hollarda shartnomani bekor qilish bilan kifoyalanishmoqda. Afsuski, bunday shartnomalar va tashkilotlar soni ortmoqda.
Davlat xaridlari tizimida korrupsiyaga oid jinoyatga qarshi kurashish ham bir-biriga o‘zaro bog‘liq tushuncha va amaliyotlardir. Bunda davlat xaridlar belgilangan huquqiy-normativ hujjatlarga zid bo‘lmasligi va jarayon ochiq va shaffof bo‘lishi talab etiladi. Agar shu talablar bajarilmasa, korrupsiya omili vujudga keladi. Korrupsiya esa — mansab va mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turi. U nafaqat xo‘jalik yurituvchi korxona yoki tashkilotning, balki mamlakatning yuksalishi va taraqqiy etishiga jiddiy to‘siq qiladi. Shu bois, ushbu illatga qarshi kurashish barcha davlatlar va nodavlat tashkilotlarida, har qanday moliyaviy operatsiyalarni bajaruvchi subyektlarda eng dolzarb masala bo‘lishi lozim.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi va qilinmoqda.
Xususan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi yaratildi, qonuniylikni taʼminlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha normativ huquqiy asoslarni takomillashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga taalluqli o‘ndan ziyod, boshqa sohalardagi islohotlar natijasida korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan yigirmadan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olishga qaratilgan taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat boshqaruvidan tortib barcha xo‘jalik yuritish subyektlarigacha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, OVA hamda jamoatchilik vakillari bilan ishlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, bunda raqamli texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish kabi ishlar shular jumlasidandir.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi va ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilinishi davlat organlari faoliyatining ochiqligini va hisobdorligini taʼminlash, boshqaruv tizimining samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini ro‘yobga chiqarish maqsadlariga xizmat qilishi lozim.
Barchamizga maʼlumki, davlat va jamiyatda kechayotgan demokratik islohotlar samaradorligini taʼminlash va yana-da chuqurlashtirish, aholining mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida faol ishtirok etishiga zamin yaratishda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini taʼminlash, ularni odamlar o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifoda etadigan xolis va tezkor minbarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Chunki jamiyat aʼzolarining axborot olish, axborotni va shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligi mamlakatimizda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim shartidir.
Rivojlanayotgan davlat va o‘ziga xos tarzda yangilanayotgan jamiyat mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlardan, qabul qilinayotgan qarorlar, kelajak uchun mo‘ljallanayotgan ijtimoiy dasturlar, ularning mazmun-mohiyatidan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishi shart. Shu bilan birga, davlat xaridlariga oid maʼlumotlarning ochiq va shaffof bo‘lishi — jamoatchilik nazorati o‘rnatilishida muhim omil hisoblanadi.
Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilishi, unda davlat idoralari faoliyatining yana-da shaffofligini taʼminlash va hisobdorligini oshirish, ochiq maʼlumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u berilishi amaliy tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Misol uchun, «O‘zbekiston milliiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida Ochiq maʼlumotlar portaliga Aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga taalluqli maʼlumotlarni joylashtirish amaliyoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019-yil 9-apreldagi PQ-4273-sonli qarorining tegishli bandlariga muvofiq 2019-yil oktyabr oyidan boshlab amalga oshirilmoqda. 2021-yil 15-iyul sanasidan boshlab Ochiq maʼlumotlar portaliga Farmonda belgilab berilgan tartibdagi kengaytirilgan maʼlumotlar yuklanib, hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmoqda.
Bo‘sh ish o‘rinlari; Asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari; Tashqi qarz; Murojaatlar statistikasi; Xizmat safari va mehmonlarni qabul qilish xarajatlari; Xizmat avtomototransport vositalari haqidagi har oy va chorakda, shuningdek, yillik hisobotlarda aks etadigan ochiq maʼlumotlar ichidan Davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar ham joy olgan.
Shu o‘rinda O‘zbekiston milliiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining rasmiy uzbekistonmet.uz veb-saytida xaridlarga oid eʼlon qilingan hisobotlarga eʼtibor qaratamiz:
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda 2021-yil uchun davlat xaridlari to‘g‘risida maʼlumot — “2021-yilning mahalliy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni kooperatsiya portali http://cooperation.uz orqali xarid qilish yuzasidan rasmiylashtirilgan shartnomalarga ko‘ra 31,33 mlrd.so‘mlik, exarid.uz orqali 23,34 mlrd.so‘mlik, jami 54,68 mlrd.so‘mlik tovar hamda xizmatlar xarid qilindi.”
"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning 2022-yilning 12 oyi davomida amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumoti — “2022-yilning 12-oyi uchun mahalliy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni kooperatsiya portali orqali xarid qilish yuzasidan rasmiylashtirilgan shartnomalarga ko‘ra 14,96 mlrd.so‘mlik, xarid.uzex.uz orqali 50,26 mlrd.so‘mlik, xt-xarid.uz – 32,99 mlrd.so‘mlik,jami 98,21 mlrd.so‘mlik tovar hamda xizmatlar xarid qilindi.”
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2023-yil davomida amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotnomasi – ““O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ishlab chiqaruvchi korxonalar tasarrufiga kirmasligi sabali, import va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sharnomalar mavjud emas. Davlat xaridlari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida” 2021-yil 22-apreldagi O‘RQ–684-sonli Qonuni talablari doirasida to‘liq maxsus elektron axborot portallari orqali amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, joriy yil — yil davomida elektron maxsus axborot portali orqali jami 1227 ta 359,32 mlrd.so‘mlik haridlar amalga oshirilib, shulardan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida cooperation.uz portalida ro‘yxatdan o‘tgan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan 112,55 mlrd. so‘mlik, Elektron do‘kon 312 ta 2,6 mlrd.so‘mlik, milliy do‘kon 28,42 mlrd so‘m, UZ.RTSB yarmarka.uzex.uz 280 ta 18,16 mlrd.so‘mlik, Eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali 31 ta 30,94 mln.so‘mlik, tender savdolari 2265,18 mlrd.so‘mlik, va Xt-xarid.uz 415 32 363,5 mln.so‘mlik shartnomalar tuzilgan.”
Havolasi: https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/2585
Shu o‘rinda uzbekistonmet.uz veb-saytining “Tashqi qarz” runkiga har oy, chorak va yillik maʼlumotlar yuklanib borilayotgani, davlat tashqi qarzi evaziga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining nomi va ular uchun xorijiy moliya tashkilotlari tomonidan jalb qilingan mablag‘larga alohida eʼtibor berish lozim. Tabiiyki, ushbu investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida, loyihaning texnik-muhandislik hamda moliya-smeta hujjatlariga muvofiq, Aksiyadorlik jamiyati o‘z mablag‘lari hisobidan ham davlat xaridlarini amalga oshiradi va loyihalar pudratchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotganda qurilish-montaj jarayonlarini bevosita ishtirok etadi, nazoratga oladi va bu ish-xizmatlarni moliyalashtiradi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda energetika sohasiga juda katta eʼtibor berib, o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu, albatta, oshib borayotgan isteʼmolchilar soni va ularning talabini qondirish uchun barqaror energiya taʼminoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlardir.
«O‘zbekiston milliiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida xaridlar jarayonini takomillashtirish maqsadida quyidagi ishlar amaliyotga tatbiq etilmoqda:
· Aksiyadorlik jamiyatida tovar-moddiy boyliklarni xarid qilishda boshqarma va bo‘limlar tomonidan kelib tushadigan talabnomalardan to‘lovlarni amalga oshirishgacha bo‘lgan jarayonni boshqarish tizimini raqamlashtirish va funksional talablarni ishlab chiqilmoqda;
· Jamiyat uchun maqbul bo‘lgan IT-tizimining maqsadli arxitekturasi shakllantirilmoqda;
· yagona xaridlar bazasi va elektron hujjatlar aylanish tizimi (YAEX) joriy etilgan va takomillashtirib borilmoqda;
· arxiv hujjatlarining raqamli nusxalarini tayyorlash va ularni tuzilgan hamda tugallangan shartnomalarning yagona reyestri yuritilmoqda, yaʼni maʼlumotlar bazasini yaratish ustida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda;
· tovar moddiy-boyliklar va xizmatlar bo‘yicha rasmiylashtiriladigan namunaviy shartnomalarni shakllantirish va shartnomalar tuzish tartibini belgilash ishlari amalga oshirilgan;
· “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi yangi Qonunga muvofiq xarid qilish jarayonlarini tartibga soluvchi ichki normativ hujjatlarni muvofiqlashtirish (O‘RQ-684 22.04.21) jarayoni yo‘lga qo‘yilgan;
· xarid qilish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha uslubiy hujjatlar va ko‘rsatmalarni ishlab chiqish va joriy etish ishlari bajarilmoqda;
· Aksiyadorlik jamiyatida xaridlarni amalga oshirish yuzasidan foydalaniladigan tartib-tamoyillarni qayta ishlab chiqish va takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda;
Bundan tashqari, Aksiyadorlik jamiyatida xaridlar jarayoniga taalluqli quyidagi ustivor vazifalar amalga oshirilmoqda:
· tovar-moddiy boyliklar va xizmatlarning yillik talabnomalarini oylik, choraklik, yarimyillik va yillik tartibda shakllantirish;
· yillik talabnomalarni barcha filial, boshqarma va bo‘limlarga yuborilgan so‘rovlarga asosan shakllantirish va umumlashtirish;
· shakllantirilgan maʼlumotlarni tizimlashtirish va xaridlar rejasini ketma-ketligi, vaqtini ko‘rsatgan holda xaridlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
· kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan tovar moddiy-boyliklar va xizmatlarning yillik talabnomadan kelib chiqqan holda xaridlar rejasini tuzish;
· reja asosida “Davlat xaridlari” to‘g‘risidagi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich xaridlarni amalga oshirish;
· har chorak va yil yakunida joriy yil uchun rejalashtirilgan xaridlarni amalga oshirilganligini inventarizatsiyadan o‘tkazish natijasi bo‘yicha xarid qilinmagan tovar-moddiy boyliklarni va xizmatlarni kelgusi davrda amalga oshirish maqsadga muvofiqligini aniqlash;
· aniqlangan xaridlar uchun oldindan rejalashtirilgan muddatlarning kechikishiga sabab bo‘lgan sabablarni tanqidiy tahlil qilish, kelgusida bunday holatlarning takrorlanmaslik choralarini ko‘rish;
· xaridlarni amalga oshirishda har bir xodimning masʼuliyati, javobgarligi va vakolatlarini aniq belgilash;
· tovar-moddiy boyliklarini xarid qilishda guruhlarga bo‘lish va har bir guruhga tegishli masʼul shaxsni belgilash;
· davlat xaridlari bilan shug‘ullanuvchi barcha xodimlar uchun o‘quv tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, hududiy filiallardan davlat xaridlari bilan shug‘ullanadigan masʼullar bilan videokonferens aloqa o‘tkazib, tushuntirish ishlarini olib borish;
· yagona tahliliy hisobot tizimini joriy etish;
· tahliliy va huquqiy maʼlumotlarni yig‘ishni tezlashtirish hamda normallashtirishni taʼminlash.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mablag‘larining samarali sarflanishi — har bir davlatning har qanday davrdagi muhim masalalardan biri. Davlat xaridi jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun va qarorlar ushbu masalalarning yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib beruvchilarning masʼuliyatsizligi yuzasidan javobgarligiga belgilangan jarima miqdorining kamligi buyurtmachilarga tovar (ish, xizmat)larning o‘z vaqtida va belgilangan talablarda yetkazib berilishida bir qator muammolarga sabab bo‘layotgani rost.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ushbu soha vakillarining davlat va korporativ xaridlar jarayoni jalb qilish orqali davlat tashkilotlarining uzluksiz va samarali faoliyat ko‘rsatishi taʼminlanadi.
Shulardan kelib chiqqan holda, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat xaridlarini amalga oshirishdagi moliyaviy munosabatlarini samarali tashkil etish yuzasidan quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:
· to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar qilish huquqiga ega bo‘lgan tovar (ish, xizmat)lar ro‘yxatini kengaytirish;
· davlat xaridi jarayonidagi ishtirokchilarning masʼuliyatsizligi yuzasidan javobgarligini kuchaytirish;
· davlat xaridi jarayoniga tadbirkorlik subyektlariniya yana-da keng jalb qilishda xorij amaliyotini o‘rganib chiqish;
· Davlat xaridlarini amalga oshirish va bu jarayonni nazorat qilishga masʼul bo‘lgan mansabdor shaxslarning (yuqori va o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining) OAV hamda jamoatchilik vakillari oldidagi hisobotini matbuot anjumani va brifing shaklidagi tashkil etish lozim.
Buning natijasida, buyurtmachilarga zarur bo‘lgan tovarlar, ishlar, xizmatlarning maxsus axborot portalida eʼlon qilinishi natijasida sanab o‘tilgan ishlar, xizmatlarga bo‘lgan takliflar soni keskin oshadi, ular orasidagi raqobatning mavjudligi sababli, tovar, ish, xizmatlarning narxini tushishiga olib keladi, sifat talablariga rioya qilish ko‘rsatkichi yuklasadi. Natijada xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mazkur tovar, ish, xizmatlar uchun ajratilgan pul mablag‘lari tejaladi.
1. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Ustavi;
2. O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 684-sonli Qonuni;
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 276-son qarori;
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-dekabrdagi PQ–4544-sonli “Davlat xaridlari tizimini yana-da takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori;
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi PQ–4249-son qarori,
6. www.norma.uz
✍️ Nigora Abdullayeva, «O‘zbekiston milliiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati boshlig‘i
ORGANIZATION OF PUBLIC PROCUREMENT IN STATE-OWNED ENTERPRISES (In the example of the joint-stock company «National Electric Grid of Uzbekistan») —Nigora Abdullaeva, Head of the Compliance Service of the Joint Stock Company «National Electric Grid of Uzbekistan»
ABSTRACT
In this article, the reforms carried out in the field of improving the state procurement system in the example of the energy sector, the electric power network enterprise, the role of this system in the purposeful and rational use of the enterprise's working capital, and some suggestions and comments for the more effective performance of the state procurement system in our country are given, and scientific conclusions and recommendations have been developed.
Key words: energy, public procurement, special information portal, procurement procedure, electronic trade, open data, perfection of documents prepared for electronic trade according to financial and technical requirements.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati