Korrupsiyaga qarshi kurashish
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi 2023-yil II chorak yakunlari bo‘yicha hisobot
  • 05.07.2023
  • 337

 I. Umumiy ma‘lumot

 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida” 2019-yil  27-martdagi PQ-4249-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Yuqoridagi qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasining magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish, elektr energiyasini respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat turlari hisoblanadi.

Bugungi kunda “O‘zbekiston MET” AJ tarkibida 14 ta magistral elektr tarmoqlari, Markaziy rele himoyasi va avtomatika xizmati, loyihalashtiruvchi, qurilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi funksional filiallar mavjud. Jamiyatga qarashli 84 ta podstansiya va 11 650 km.dan ortiq 220-500 kVli magistral havo elektr uzatish tarmoqlari mavjud. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda jami bo‘lib 4300 nafardan ziyod mutaxassis-xodimlar mehnat faoliyati olib bormoqda.

Natijada mahsulotning xomashyodan xaridorgacha bo‘lgan barcha jarayonlarini doimiy nazorat va tahlil qilish imkoniyati yaratilgan.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning uzbekistonmet.uz rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish — “O‘zbekiston MET” AJ” nomli rukn va sahifalar ochilgan.

Unda aksiyadorlik jamiyatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, xususan Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati bo‘limining murojaatlari, ma‘lumot va hisobotlari berib boriladi.

Misol uchun: https://telegra.ph/uzbekistonmetuz-11-07

Ushbu telegram kanaliga siz ushbu https://t.me/+qCweNscaSEhlNGM6  havola orqali a‘zo bo‘lishingiz mumkin.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mamlakatda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda, “Korrupsiyasiz soha” loyihalarining joriy etilishi yuzasidan muhim vazifalar ijrosi ta’minlanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining samaradorligini ta’minlash maqsadida xorij amaliyoti uyg‘unligida korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish — davr talabi!

2021-yil 22-iyulda aksiyadorlik jamiyati energotizimda birinchilardan bo‘lib ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi xalqaro sertifikatini olishga muvaffaq bo‘lgan.

 Xalqaro standart talablariga ko‘ra, Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi tizimli ish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, rahbar xodimlarga shu sohada o‘z malakalarini oshirish hamda malaka oshirishda olgan bilimlarini amalda qo‘llash, umuman, tizimli ish jarayonini joriy etish maqsadida maxsus o‘quv kursi tashkil etildi.

2021-yilning 13–16-iyul kunlari ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha o‘quv kursida 20 nafar boshqaruv a‘zolari va rahbar xodimlar qatnashib, korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishda o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.

 Ushbu o‘quv kursida tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatni shakllantirish, korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy qilishning asosiy omillari, korrupsiyaviy tavakkallar (risk)ni baholash, manfaatlar to‘qnashuvi hamda sovg‘a olish-berish siyosatini tartibga solish, ichki audit tizimining ishini samarali tashkil etish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ichki me’yoriy tartib-qoidalarni ishlab chiqish bo‘yicha tegishli bilimlar o‘zlashtirildi.

Sertifikat topshirish tadbirida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Isaqulov Dadajon Aynaqulovich so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashishda birinchi galdagi vazifalar ijrosini        ta‘minlash rahbar xodimlar zimmasiga yuklatiladigan vazifa ekanligi, ularning malakasini muntazam oshirib borish zarurligi, ishchi jarayonlarda masalalarni to‘g‘ri va xolis baholash mezonlari yaxshi o‘zlashtirib olinishi zarurligini ta’kidladi. Jamiyat faoliyatining shaffofligi ijro intizomining qat’iy talablariga, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayoniga raqamli texnologiyalar kirib kelishi orqali inson omilining kamaytirilishiga, nazorat-taftish, hisobotlarning to‘g‘riligiga, amalga tatbiq etilayotgan ichki buyruq va topshiriqlarning huquqiy asoslari — amaldagi qonunchilikka ko‘ra ish ko‘rilishiga, qolaversa, ishchi-xodimlarning bilim-tafakkuri va tarbiyasi, ma‘naviy dunyosiga bog‘liqligini sanab o‘tdi. Faoliyat qancha ochiq va shaffof bo‘lib, amaldagi qonunlarga tayanilgan tarzda amalga oshirilsa, korrupsiyaga shunchalik sharoit bo‘lmasligi, unga qarshi kurashish faqat to‘g‘ri va halol ishlashga, o‘z ishiga sidqidildan yondashishga ko‘p tomonlama bog‘liqligi ta’kidlandi.

Aytish joizki, ISO 37001:2016 — bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish uchun xalqaro modelni o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi xalqaro standart hisoblanadi. Alohida e‘tirof etish joiz, ISO 37001:2016 sertifikatini olish orqali tashkilot investorlar, tadbirkorlar, davlat hokimiyati organlari va boshqa manfaatdor tomonlarga jarayonlarni shaffof, qonuniy va jahonning ilg‘or tajribalariga mos ravishda o‘tkazishni yuqori darajada namoyish etishini ta‘minlaydi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyatining 1 200 dan ortiq xodimlari o‘rtasida korrupsiya holatlarini aniqlash va monitoring qilish bo‘yicha anonim so‘rovlar o‘tkazildi.

To‘plangan ma‘lumotlar umumlashtirilib, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati korrupsion risklarning oldini olishda korrupsion risklar ro‘yxati bo‘yicha yo‘l xaritasi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish xavflarini kamaytirish bo‘yicha 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi loyihalari ishlab chiqilib, boshqaruv raisining buyrug‘i bilan tasdiqlandi.

 

II. Ko‘rib chiqish natijalari

 

Jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini qabul qilishda va complayens tizimida xodimlar tomonidan qoidabuzarlikni xabar qilish uchun quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Maxsus “ishonch telefoni” +998 71 -208-56-49 ajratildi;

Alohida elektron pochta (biznesetika@uzbekistonmet.uz) ochildi va mas’ul xodim biriktirildi;

facebook (https://www.facebook.com/elektrtarmoq/);

Maxsus Telegram kanali t.me/uzmetaxborotxizmati  ochildi.

Sovg‘alar va unga tenglashtirilgan qimmatbaho buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish reyestri shakllantirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aksiyadorlik jamiyati faoliyatining barcha yo‘nalishlaridagi korrupsiyaviy shart-sharoitlarni minimallashtirish hisobiga korrupsiya huquqbuzarligi minimal darajaga tushirildi. Aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari o‘rtasidagi korrupsiya va uning oqibatlari to‘g‘risida seminarlar o‘tkazildi.

Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-saytida “murojaatlar” rukni orqali jamoatchilik vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yildi. Elektron sahifaga viloyat magistral elektr tarmoqlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar, jumladan, ularning rahbarlari, joylashgan manzili va telefon raqamlari joylashtirildi.

Jamiyatning rasmiy veb-sahifasida, “korrupsiyaga qarshi kurashish” “raqobat cheklanishi to‘g‘risida xabar ber” interaktiv tugmacha yaratildi, kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib borish va murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jurnali joriy etildi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga 2023-yil 1-yanvardan 2023-yil 30-iyungacha jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlari kelib tushmagan.

 

III. Minimallashtirish choralari

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-sonli Farmoni, ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari – foydalanish bo‘yicha talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish xavflarini kamaytirish (minimallashtirish) bo‘yicha 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda quyidagi holatlar aks ettirildi:

-     “To‘rt ko‘z” tamoyilini amalga oshirish, majburiy talablar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni nazorat qilinadigan subyektlarga yetkazish, yuqori darajadagi jamiyat tomonidan tegishli ma‘lumotlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

-     qaror qabul qilishning aniq asoslari va mezonlarini belgilash, qaror qabul qilishda ma’muriy ixtiyoriylikni yo‘q qilish, majburiy talablarning buzilishini dastlabki aniqlash paytida nazorat qilinadigan subyektlarning ayrim toifalari uchun ogohlantirish tizimini joriy etish;

-     bittadan ortiq mahsulot, ish, xizmatni o‘z ichiga olgan har xil tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni bir xil xaridda birlashtirish maqsadga muvofiqligini jamiyat vakolatli bo‘linmasi tomonidan baholash, davlat organining vakolatli bo‘linmasi tomonidan boshqariladigan subyekt va xizmatchilar (xodimlar) o‘rtasida mumkin bo‘lgan affillanganlik mavjudligini tekshirish;

-     rejalashtirilgan tekshiruvlarni o‘tkazishning yillik rejasi loyihasini tuzishda jamiyat va nazorat o‘rganining vakolatli bo‘linmasi nazorat qilinadigan subyekt bilan jamiyat va nazorat organi xizmatchilar (xodimlar) o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini tekshirishlar kamaytirilishini o‘z ichiga olgan.

 

 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni ko‘rib chiqish matijalari haqidagi 2023 yil II chorak yakunlari bo‘yicha HISOBOT

 

 

U. Raxmatov, Muvofiqlik tizimi (komplayens) xizmati boshlig‘i v.v.b.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>