«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
DAVLAT ULUSHI BO'LGAN KORXONALAR SONI KELGUSI IKKI YILDA KAMIDA 3 BAROBAR QISQARTIRILADI
  • 29.12.2020
  • 579

  Qadrli xalq vakillari!

  Yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi kambag'allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat bo'ladi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy o'sish hisobiga erishiladi.

  So'nggi to'rt yilda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida jiddiy qadamlar tashlandi.

  Endigi vazifa – chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o'sishning poydevorini yaratishdan iborat. Shularni inobatga olib, keyingi yilda quyidagi yo'nalishlarda keng qamrovli ishlarni amalga oshiramiz.

  Birinchidan, kambag'allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etamiz.

  Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak – kambag'allik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o'z-o'zidan hal bo'lib qolmaydi.

  Buning uchun ta'lim, sog'liqni saqlash, kasb-hunarga o'qitish, ichimlik suv, energiya va yo'l infratuzilmasi bilan bog'liq kompleks muammolarni hal etib borish kerak.

  Nima uchun biz "temir daftar"ni joriy etdik? Bundan maqsad – ehtiyojmand aholini to'g'ri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish.

  Kelgusi yildan to'liq ishga tushadigan "Ijtimoiy reestr"da "Temir daftar"dagi barcha ma'lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko'rsatiladi.

  Birinchi navbatda, kambag'al aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta'minlashimiz lozim. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda.

  Kelgusi yil 1-martdan boshlab, aholining minimal iste'mol xarajatlari e'lon qilinadi.

  Hukumat ikki oy muddatda ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal me'yorlar darajasida bosqichma-bosqich ta'minlash bo'yicha dastur ishlab chiqsin.

  Batafsil: http://www.president.uz/uz/
 

 

Shavkat Mirziyoyev: Kelasi yil boshidan har bir vazirlik o'z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi

 

  Hurmatli parlament a'zolari!

  Islohotlarimiz xalqimizning kundalik hayotida o'z ifodasini topishi, kutgan natijalarimizga erishish ko'p jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bog'liq. Shu maqsadda kelgusi yilda quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim.

  Birinchidan, davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish talab qilinadi. Ko'pgina vazirlik va idoralar faoliyatida, qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgan. Ularning vazifalari aniq va to'liq belgilanmagani sababli faoliyatlarida bir-birini takrorlash holatlari mavjud. Sababi, vazir o'rinbosarlari, o'rta bo'g'in rahbarlari masalani hal qilish, javobgarlikni o'ziga olish, tashabbus ko'rsatishda etarli bilim va malakaga ega emas.

  Ular nima uchun mas'uliyatni o'ziga olmaydi? Yo bilimi yo'q, yo qat'iyati yetmaydi, yoki korrupsiyaga berilgan.

  Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish o'rniga, keraksiz qog'ozbozlik va natijasiz majlislar o'tkazish bilan ovora bo'lib qolmoqda.

  Yana bir jiddiy kamchilik shuki, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralari ko'rilmayapti.

  Shuning uchun, hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funktsiyalarni, ortiqcha byurokratik to'siqlarni qisqartirish bo'yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlasin. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini o'rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur.

  Kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga ko'paytirib, ularni 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarur.

  Batafsil: https://president.uz/uz/

 

Prezident: Adolat – davlatchilikning mustahkam poydevori. Adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o'rinni egallaydi

 

  Hurmatli deputat va senatorlar!

  Inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettiriladi.

  Xabaringiz bor, so'nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlarni qo'ydik. Bu yo'nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

  Adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o'rinni egallaydi.

  Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo'lsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda ko'p.

  Birinchidan, yangi yildan boshlab joriy etiladigan "bir sud – bir instantsiya" tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta'minlashda bosh mezon bo'lishi lozim.

  Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o'zida ko'rib chiqilar edi. Birgina 2019-yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan o'zgartirilgan va bekor qilingan.

  Kelgusi yildan boshlab, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos bo'lmagan ishlarni nazorat tartibida ko'rish amaliyoti bekor qilinadi.

  Navbatdagi muhim masala – yangi yildan boshlab, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo'yicha viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi.

  Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi.

  Bunda ishni to'xtatish yoki tugatishga asos etarli bo'lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o'zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

  Batafsil: https://president.uz/uz/

 

Shavkat Mirziyoyev: Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bog'liq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi

 

  Prezident Shavkat Mirziyoevning murojaatnomasida mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalarga ham to'xtalib o'tildi:


  Birinchidan, O'zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi.

  Ikkinchidan, tashqi siyosatimizning ustuvor yo'nalishi bo'lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko'p asrlik do'stlik va yaxshi qo'shnichilik, strategik sheriklik va o'zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratamiz.

  Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bog'liq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur o'rganish va yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.

  Kelgusi yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga bag'ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o'tkaziladi.

  Shular qatorida Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda "Markaziy Osiyo jahon sivilizasiyalari chorrahasida" global anjumanini o'tkazish rejalashtirilgan.

  Uchinchidan, asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo'shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator davlatlar bilan ko'p qirrali va o'zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytiramiz.

  Tashqi ishlar vaziri va uning o'rinbosarlari hamda yurtimizning chet ellardagi elchilari mazkur davlatlar bilan yangi, yanada samarali ish tizimini joriy etishlari zarur.

  Batafsil: https://president.uz/uz/
 

Prezident: Qanchalik qiyin va murakkab bo'lmasin, demokratik islohotlar yo'lidan hech qachon ortga qaytmaymiz

 

  Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tahlillariga ko'ra, pandemiya xavfi hali uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Demak, insoniyat boshidagi sinovlar yana qancha davom etishini hech kim aniq aytib bera olmaydi.

  Birlashgan Millatlar tashkiloti, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, nufuzli ekspertlar prognoziga ko'ra, pandemiya butun dunyoda inqirozli holatlar, ijtimoiy keskinlik, qashshoqlik kabi muammolarni kuchaytirishi mumkin.

  Barchamizga ayonki, pandemiyadan keyin dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi albatta o'zgaradi.

  Mana shunday sharoitda kim yutadi? To'plangan tajriba shuni ko'rsatmoqdaki, kuchli va samarali boshqaruv tizimiga ega bo'lgan davlatlar pandemiya xavfini o'z vaqtida va bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etishga va bu kurashda yengib chiqishga qodir bo'ladi. Buni O'zbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi.

  Lekin erishgan natijalarimizga Mahliyo bo'lmasdan, jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz – kim bo'lishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qat'iy nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta'minlash haqida jiddiy o'ylashimiz zarur.

  Bugungi murakkab sharoitda, yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O'zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo'lishini ta'minlash eng asosiy vazifamiz bo'lishi shart.

  Global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta'minlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, ko'makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo'llab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish – prezidentdan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi bo'lmog'i darkor.

  Batafsil: https://president.uz/uz/

Manba: http://www.president.uz/uz/

https://president.uz/uz/

https://president.uz/uz/

https://president.uz/uz/

https://president.uz/uz/

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>