Yangiliklar
XAYRU SAXOVAT — INSONIYLIK ZIYNATI
  • 29.12.2020
  • 1106

   Ma'lumki, aholi bandligini ta'minlash va daromadini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri. Bu borada komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan hamda davlat idora va tashkilotlari rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.

 

   Yodingizda bo'lsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 27-fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo'yicha videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tgan edi.

   Kambag'allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektorda mamlakatimizning bosh minbaridan kambag'allik darajasi chuqurlashib borayotgani aytildi.

 

"Afsuski, biz shu paytgacha aksariyat fuqarolarimiz haqiqatan ham kambag'al ekanini ko'rib-ko'rmaslikka, eshitib-eshitmaganlikka oldik. Bu noto'g'ri. Afsuski, dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, xalqimizning 4-5 foizi kambag'al ekani aniqlandi. Endi yashirish kerak emas, og'ir sharoitlarda yashayotgan odamlarimizning asl muammosi, vaziyatini tushunishimiz, barcha toifadagi rahbarlar dunyoqarashini o'zgartirishimiz lozim bo'ladi.

Bizdagi ma'lumotlarga ko'ra, ayrim oilalarning topayotgan oylik daromadining qariyb 70 foizi, Xudo ko'rsatmasin, o'sha xonadonda kimdir og'ir betob bo'lsa, нetmay qolyapti. Xo'sh, bunday oilalarni o'ziga to'q, deya olamizmi? Albatta, yo'q. Rosti, prezident sifatida odamlarimizning nima iste'mol qilayotgani, sog'lig'i haqidagi o'ylar har kuni meni qiynaydi.

Qashqadaryo viloyati kambag'allik muammosi bo'yicha eng og'ir hudud hisoblanadi. 700 ming aholi kambag'al. Bu jami aholining qariyb 21 foizini tashkil etmoqda. Bu vaziyatda Qashqadaryoda rahbarlar bir joyda o'tirishi mumkin emas. Odamlarimizni bunday og'ir sharoitdan qanday chiqarib olamiz, degan savolni o'ziga berishi lozim.

Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasida 500 ming, Surxondaryo viloyatida 500 ming, Namangan viloyatida 400 ming, Jizzax viloyatida 210 ming va Sirdaryo viloyatida 130 ming aholi kambag'al.»

Shavkat Mirziyoyev, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

   Kambag'allik nisbiy tushuncha bo'lsa-da, iqtisodchilar, ijtimoiy masalalarga mas'ul xodimlar tomonidan uning mezonlari belgilab berilgan. Eng achinarlisi, kambag'allik holatiga tushib qolishdan ko'ra, undan chiqib ketish birmuncha qiyinroq kechadigan jarayon. Ayniqsa, ruhiy tushkunlikka tushgan oila boquvchilarining mehnatga layoqati susayib boradi, xalq tilida aytganda, behafsala bo'lib, ishidan unum, oilasidan fayz-baraka ketadi...

Albatta, bu holatga ta'sir etuvchi omillar bir talay: shaxs voyaga etayotgan oilaning ijtimoiy ahvoli, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy muhiti, shaxsning individual xususiyatlari, jismoniy yetukligi, bilim olishga, kasb-hunar o'rganishga chanqoqligi, qunt-mehnati, tirishqoqligi va hokazo, va hokazo...

 

   Shu o'rinda ijtimoiy ahvoli o'ziga to'qdan o'rta holga, o'rtaholdan kambag'allik chegarasiga tushib borishida kishilarning to'satdan og'ir, surunkali xastaliklarga duchor bo'lishi (yoki tug'ma yoxud orttirilgan nogironlik), bundan tashqari, kasbiy faoliyatda o'z o'rnini topolmaslik, turmushdagi baxtsizlik, ishsizlik, aniqrog'i o'ziga munosib ish topolmaslik muammosiga duch kelaverishi, eng yomoni, jinoyat sodir etib jazoga tortilishi, giyohvandlik va ichkilikbozlik illatlariga duchor bo'lishi, mehnat qilmasdan daromad topishga urinish (firibgarlik)... kabi sanayversa adog'i yo'q omillar ta'sir ko'rsatadi.

Ta'sir omillarining ichidagi eng achinarlisi, kishilarda boqimandalik kayfiyatining paydo bo'lishi, ruhiy tushkunlik ortidan o'zining ijtimoiy ahvolini o'nglashga harakat qilmaslik bo'lsa kerak.

   "...Kambag'allikni kamaytirish — bu oilaning oylik yoki nafaqasini ko'paytirish, ommaviy kredit berish, degani emas. Ta'bir joiz bo'lsa, shu vaqtgacha biz odamlarimizga baliq berdik. Bu tajriba o'zini mutlaqo oqlamadi. Xalqimizga baliq tutishni o'rgatishimiz, qarmoq berishimiz lozim.»

Shavkat Mirziyoyev, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

 
 

   Ekologik inqirozga uchragan hududlarda ishsizlik darajasi yuqori ekanligi barchamizga ma'lum. Ayniqsa, aholi xonadonlari siyrak joylashgan qishloq va ovullarda asosiy daromad dehqonchilik, chorvachilik, xususan tomorqa dehqonchiligi va oilaviy sharoitda qishloq xo'jaligi hayvonlarini boqish ortidan. Bunday hududlarda ichimlik suvi muammosi vaziyatni yanada murakkablashtirayotgani rost. Oilalarda ajrimlar soni yuqoriligi o'rta yoshlilar hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani barobarida voyaga yetmagan bolalar tarbiyasiga, aniqrog'i ularning kamolga yetib, jamiyatning to'laqonli a'zosi bo'lishiga o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatayotgani ham ayni haqiqat. Buning ustiga aholi o'rtasida surunkali va onkologik kasalliklar ko'p uchrashi, ayniqsa bolalar orasida nogironlik darajasi yuqoriligi hududdagi umumiy vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

 
 

   Statistik ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda 16 yoshgacha bo'lgan bolalarning har 100 mingidan 110 nafarida nogironlik bor. Shu o'rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, nogironligi bo'lgan bolalarning aksariyat qismi, ya'ni 98 ming 202 nafari (98,1%) o'z oilasida ota va onalar qaramog'ida parvarishlanmoqda. Ushbu nogironligi bo'lgan bolalarning ko'pchiligi tayanch-harakat tizimi, asab va ruhiy kasalliklarga chalingan bo'lib, doimiy parvarishga muhtoj. O'z-o'zidan ma'lumki, har qanday inson yoki boshqa omillar ta'siridan qat'iy nazar, nogiron farzandini tarbiya qilayotgan oilalar (ularga davlat tomonidan belgilangan tartibda nafaqa to'lanadi) ijtimoiy himoyaga muhtoj.

 

   Yana bir narsa... Serfarzand oilalar boquvchisini yo'qotishi ham oilaning ijtimoiy holatiga jiddiy ta'sir ko'rsatadigan omillardan biri. Bir necha voyaga yetmagan farzandlari bor oila boquvchisini yo'qotsa, bir umr bola tarbiyasi bilan shug'ullangan onalar zimmasiga og'ir yuk tushishi tayin...

Demak, yuqoridagi mulohazalardan shunday xulosa chiqadiki, aholining ma'lum bir qatlami ijtimoiy himoyaga muhtoj. Davlat tomonidan turli nafaqa va imtiyozlar shaklida moddiy yordam berib kelinadi.

   Xo'sh, ijtimoiy himoya nima degani?

   Uning davlat va jamiyat hayotidagi o'rni qanday?

   Rivojlangan demokratik jamiyatda ijtimoiy himoya vazifalarini bajarishni davlat va jamiyat o'z zimmasiga oladi. "Ijtimoiy himoya" atamasi birinchi marta 1935-yilda AQShning "Ijtimoiy xavfsizlik bo'yicha qonuni"da qo'llanilgan, keyinchalik xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarida bu tushuncha mazmuni mukammallashtirilgan. AQSh, Kanada, Shveytsariya kabi mamlakatlarda ijtimoiy himoyaning ko'pgina muammolari hal etilgan, lekin yechimini topmagan muammolari ham juda ko'p.

   O'zbekiston zaminida ko'pgina sohalarda, xususan ijtimoiy va ma'naviy-ma'rifiy masalalarda davlat kuchli tashabbuskor, g'amxo'r va himoyachi bo'lib kelgan va bu ijtimoiy siyosat hozirda ham davom etmoqda. Insonga azaldan faqatgina o'z shaxsiy baxt-saoddati va rohat-farog'ati uchun tinimsiz mehnat qiluvchi individ sifatida emas, balki jamoaning, jamiyatning ajalmas bo'lagi sifatida qarab kelingan. Demakki, ijtimoiy himoya masalasida jamoatchilikning ham o'z o'rni bor. Umuman olganda, jamiyatning ehtiyojmand a'zolari to'g'risida qayg'urish hissi, mehr-muruvvat, xayr-saxovat o'zbek xalqining, umuman barcha qardosh xalqlarining azaliy qadriyatdaridan biri hisoblanadi.

 

   "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati jamoasi Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xo'jayli tumanida istiqomat qilayotgan 40 ta kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, nogiron farzandi bor, onkologik va surunkali kasalligi mavjud oilalarga xayriya yordamini ko'rsatishdi.

 

   Joriy yilning mart oyida boshlangan koronavirus pandemiyasi avvvalo aholi turmushiga, ijtimoiy soha ob'ektlari, o'rta va kichik biznes vakillari faoliyatiga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Buning oqibatida aholi o'rtasida ishsizlik va kasallikdan aziyat chekish yuz berayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa nogironligi, surunkali xastaligi bor fuqarolar kuz-qish mavsumiga o'ziga xos tayyorgarlik ko'rishda qiyinchiliklarga uchradi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Xo'jayli tumanida ham yuqoridagi holatlar mavjud bo'lib, tuman hokimiyati tomonidan barcha yirik tashkilot va korxonalar o'zaro hamkorlikka chaqirilgan.

Xo'jayli tumandagi kam ta'minlangan fuqarolarga xayriya va homiylik yordamini ko'rsatish bo'yicha 2020-yilning 24-noyabrida "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisi nomiga 3882/01-sonli murojaat xati kiritgan.

 

   Qoraqalpog'iston Respublikasi Xo'jayli tumani aholisiga nogiron, onkologik yoki surunkali kasalliklarga chalingan, boquvchisini yo'qotgan, bir necha yillardan beri ishsizlikdan qiynalib kelayotgan fuqarolarga kuz-qish mavsumining sovuq kunlarida beg'araz yordam ko'rsatish bo'yicha, tuman hokimligining murojaat xati inobatga olingan holda, tumandagi bir nechta ovul fuqarolari yig'inlarida, jumladan "Kulob", "Jana-jap", "Jan-Qo'ng'irot", "Amudaryo", "Vodnik" va boshqa hududlarda yashaydigan kam ta'minlangan fuqarolarga xayriya hamda homiylik yordamini amalga oshirish maqsadida boshqaruv hay'ati qarori qabul qildi.

   Unga ko'ra, Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi va Birlashgan kasaba uyushma qo'mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Xo'jayli tumanida istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan fuqarolarga xayriya hamda homiylik yordami ko'rsatish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari turkumi tarkibi va qiymati, shuningdek, ovul fuqarolar yig'ini hamda hokimiyatning ijtimoiy masalalar kompleksidan taqdim etilgan ro'yxat bo'yicha xayriya ishlari amalga oshirilishi belgilandi.

 

   Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi birinchi zaruriyat toifasiga kiruvchi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish uchun Birlashgan kasaba uyushmasi, "Qoraqalpog'iston magistral elektr tarmoqlari" filiali kasaba boshlang'ich tashkilotiga xayriya mablag'i ajratilishi belgilandi.

   "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ Birlashgan kasaba uyushma qo'mitasi vakillari, axborot xizmati rahbari va "Qoraqalpog'iston magistral elektr tarmoqlari" filiali vakillari xayriya uchun ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini Xo'jayli tumanida istiqomat qilayotgan 40 oila — kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, surunkali va onkologik kasalliklari bilan og'riydigan aholi vakillariga yetkazib berilishi va qabul qilinishi tadbirida qatnashdilar.

 

   Ushbu xayriya aksiyasi Qoraqalpog'iston televideniesi orqali keng jamoatchilik e'tiboriga havola etildi.

   "Qaraqalpag'istan" telekanali lavhasi:

   https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5473

 

 

 

 

   Xo'jayli tumanida istiqomat qilayotgan 40 ta oila vakillari "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati jamoasiga, qolaversa Xo'jayli tumani hokimiyati va ovul fuqarolari yig'ini mutaxassislariga o'z minnatdorligini izhor etishdi.

U.P.Urunov,

"O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati

boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi;

G.Yu.Sariyeva,

O'zbekiston ekologik partiyasi Xo'jayli tumani partiya tashkiloti raisi,

Jo'qorg'i Kenges deputati qabulxonasi vakili

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 ЖОҚАРҒЫ КЕҢЕС ДЕПУТАТЫ ХОЖЕЛИ РАЙОНЫ ПУҚАРАЛАРЫ МЕНЕН ДӘСЛЕПКИ УШРАСЫЎЫН ӨТКЕРДИ

 http://uzbekistonmet.uz/ru/

 

   JO'QORG'I KENGES DEPUTATI FUQAROLAR BILAN UCHRASHDI

   ТАЗА ТРАНСФОРМАТОР КУРЫЛЫП СТОЛБАЛАР ЖАНАЛАНДЫ

 

   JAN-QO'NG'IROTLIKLARNING DEPUTATGA MUROJAATI O'Z YECHIMINI TOPDI

 

Жоқарғы Кеңес депутаты Д.А.Исакулов Хожели район хакими Ж.М.Ермашев менен биргеликте пуқаралар мураажатлерин корып шығды

 

Deputatlik faoliyatidan fotolavhalar

 

   MUROJAATCHILAR DEPUTATGA MINNATDORLIK BILDIRISHDI

   Jo'qorg'i Kenges deputati D.A.Isaqulov Xo'jayli tumani hokimi J.M.Ermashev hamrohligida murojaat egalarining xonadonlariga tashrif buyurdi.

 

   ЖОҚАРҒЫ КЕҢЕС ДЕПУТАТЫ МЕНЕН ХӘКИМИМИЗГЕ

 

   JO'QORG'I KENGES DEPUTATI D.A.ISAQULOV TOMONIDAN XO'JAYLI TUMANIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR XRONOLOGIYASI

   https://telegra.ph/deputatisaqulov-06-23

 

   "SARISHUNGUL" OVUL FUQAROLAR YIG'INI: ELEKTR ENERGIYASI, TABIIY GAZ VA ICHIMLIK SUVI MUAMMOLARI BO'YICHA DEPUTATLIK SO'ROVNOMASI YUBORILDI

   https://telegra.ph/deputatisaqulov-12-21

 
 
 

ДЕПУТАТ ҚАБЫЛЛАЎХАНАСЫ / DEPUTAT QABULXONASI

 Kanalga a'zo bo'ling! t.me/deputatisaqulov

>